Yod va yot
Baʼzida talaffuzi yaqin soʻzlarni yanglish qoʻllaymiz. Natijada maʼno butkul oʻzgarib ketadi. Masalan, mentalitetimizga yot tushuncha iborasi mentalitetimizga yod tushuncha shaklida ishlatilishi koʻp uchraydi. Xoʻsh, bunda nima oʻzgaradi?
Mentalitetimizga yot – mentalitetimizga begona. ✅
Mentalitetimizga yod – mentalitetimiz yod olgan. 🙃
Yod soʻzi xotira, es; xotirada, esda saqlash; eslash maʼnolarini anglatadi.
Yodga olmoq. Yodimga tushdi. Yaxshilar yodi.
Yot soʻzi uch xil maʼnoda qoʻllanadi:
1️⃣ Qarindoshligi yoʻq; begona.
Qadr bilmas qarindoshdan qadr qilgan yot yaxshi. Maqol.
2️⃣ Tanish boʻlmagan, notanish, begona; oʻzga, chet.
Otabek oʻzi bilan koʻrishgan bundagi ikkita yot kishini tanimaganlikdan bir-bir qayta qarab, ularni koʻz ostidan kechirdi.
A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.
3️⃣ Qishloq xoʻjaligida: yovvoyi, begona.
Boʻyi yerdan toʻrt barmoq koʻtarilgan gʻoʻza oralariga yoyilgan xotin-qizlar… paxta oralaridagi yot oʻtlarni termoqda edilar.
S. Ayniy, Qullar.
Yetti yot begona iborasi esa mutlaqo qarindoshligi yoʻq, notanish degan maʼnoni bildiradi.
Yetti yot begona, ammo shu mahallalik Mahmud taqachining bu gaplari yosh Hakimjonni oʻylantirib qoʻydi.
R. Fayziy, Rayaning archasi.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.