“Parol” uchun yana bir variant: oʻron
Kecha im soʻzi parolning oʻzbekchasi ekani haqida yozgan edim. Bir obunachimiz imdan koʻra oʻron yaxshi ekani, bu soʻz “Boburnoma”da qoʻllanganini aytib qoldi. Asardan shu soʻz qatnashgan parchani topdim:
“Bizning cherikning gʻavgʻosin eshitib, inchalik bila ilgarrak kelib oʻrondashurlar. Bu oʻron ikki nav boʻlur: bir ulkim, har qavmning oʻroni bor, nechukkim, baʼzi qavmning oʻroni “durdona”dur va baʼzining “tuqqay”, baʼzining “lulu”; yana bir tamom cherikka ish mahalida ikki lafzni oʻron qoʻyarlarkim, ish vaqtida uchrashqonda biri bir lafzni aytqonda yana biri ul maʼhud lafzni aytqay, to bu tariq bila el yogʻidin ayrilgay va oʻz kishini yotdin farq qilgʻay. Ul yurushta maʼhud oʻron alfazi “Toshkand” bila “Sayram” edi. Toshkand desa, Sayram deyilgay, Sayram desa – Toshkand”.
Yuqoridagi parchadan oʻron aynan parol, maxfiy soʻz maʼnosini anglatishini bilib oldik. Ikki xil oʻron bor, deyapti Bobur mirzo: biri bittagina soʻz boʻladi, baʼzi qishloq yoki jamoa vakillari oʻzlari uchun tanlab olishadi. Oʻsha soʻzni aytsangiz, dushman emas, qavmning oʻz odami ekaningiz yuzaga chiqadi. Ikkinchi xil oʻron ikki soʻzdan tashkil topadi: ikki soʻzdan biri aytilganda siz juftini aytishingiz kerak. Masalan, Toshkent-Sayram oʻronidan Toshkent deyilsa – Sayram, Sayram deyilsa – Toshkent deyishingiz zarur. Shunda oʻronni – parolni toʻgʻri topgan boʻlasiz. Yoʻqsa, dushman yo begona sanalasiz va muomala ham shunga yarasha boʻladi.
Demak, parol oʻrnida ishlatish uchun yana bir yaxshi variant topildi. Foydalansak boʻladi.
Orif Tolib