Qoʻllanadimi yo qoʻllaniladi? Biz yozishda koʻp yanglishadigan holatlar

Qoʻllanadimi yo qoʻllaniladi? Biz yozishda koʻp yanglishadigan holatlar

Baʼzi soʻzlarni xato yozish urf boʻlib ketgan. Endi uning toʻgʻri shakli xato koʻrina boshlaydi. Bunday illyuziyaga tushib qolmaslik uchun soʻzlarning maʼno-mohiyatini, qoʻllanish doirasini anglab olish kifoya. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib shunday soʻz va birikmalar, qoʻshimchalar imlosi haqida soʻz yuritadi.

 

“Al” va uning imlosi

Oʻzbek tilida arab tilidan kirgan soʻzlar koʻp. Soʻzlar bilan birga arab tilidagi aniq artikl al ham tilimiz chegaralaridan ichkarilagan.

Al artikli qatnashgan birikmalarning qanday yozilishi boʻyicha qatʼiy qoida yoʻq, lekin qatʼiy odat bor. Al artikli qatnashgan soʻzlar ikki xil usulda yoziladi. Chiziqcha bilan ajratilgan yoki chiziqchasiz, soʻzga qoʻshilgan holatda:

 

1️⃣  “Xazoyin ul-maoniy” devonlari. “Navodir ush-shabob” asari. “Asos ul-balogʻa” asari.

2️⃣  “Xazoyinul maoniy” devonlari. “Navodirush shabob” asari. “Asosul balogʻa” asari.

 

Men tinish va imlo belgilarini iloji boricha kam qoʻllash prinsipidan kelib chiqib, ikkinchi variantni maʼqul koʻraman.

Al artikli arab tili qoidalariga koʻra fonetik oʻzgarishlarga uchraydi. Biz oʻzbekchada uning oʻqilishini qabul qilamiz va shunday yozamiz.

Al artikli arab tilidagi 14 ta shamsiy harf bilan boshlangan soʻzlar oldida kelganda keyingi soʻzga kirishib-moslashadi va artikl tarkibidagi l tovushi shamsiy harfga oʻzgaradi. Masalan, arabchada al-shams yozilsa-da, ash-shams oʻqiladi. Oʻzbekcha imloda berganda uni ash-shams deb yozish kerak. Qolgan 14 harf qamariy harf hisoblanadi va al ular oldida kelganda oʻzgarishga uchramaydi. Masalan, al-qamar yoziladi va shunday oʻqiladi.

Bu artikl taxallus va nisbalar tarkibida ham uchraydi. Nisba odatda kishining kasb-kori yoki qayerdan ekanini bildiradi. Masalan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy oʻzbekchada Muhammad Muso oʻgʻli, Xorazmdan yoki xorazmlik Muhammad Muso oʻgʻli boʻladi.

Ismlar tarkibidagi alni oʻzbekchada tushirib qoldirish ham mumkin. Masalan:

 

Muso Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Rayhon Beruniy.

 

Al artikili yolgʻiz nisba bilan kelgan oʻrinlarda, agar gap boshida boʻlmasa, kichik harflarda yoziladi:

 

Al-Fargʻoniy, al-Xorazmiy, al-Forobiy, az-Zamaxshariy, as-Samarqandiy.

 

Arabcha shaharlar nomini, jumladan, artikl qatnashgan shahar nomlarini yozganda ruscha yoki inglizchadan shundoqqina koʻchirib qoʻyavermaslik kerak. Masalan, Saudiya Arabistoni poytaxtini Erriyad yoki Er-Riyad deb berish xato boʻladi. Ar-Riyod, Riyod deb berish mumkin. Riyoz deb berish yanada toʻgʻriroq. Soʻz oxiridagi zod harfi oʻzbekchaga baʼzan d, baʼzan z shaklida kirgan. Masalan, Ramazon soʻzida z deb olingan harf ham ana shu zod boʻladi.

Riyod soʻzi “bogʻlar” maʼnosini anglatadi. Bu soʻz ayni shu maʼnoda oʻzbek tilida riyoz shaklida ishlatilgan. Masalan, Imom Navaviy qalamiga mansub kitob nomi “Riyozus solihin” (Solihlar gulshani) deb olingan. Ogahiyning “Riyozud davla” (Davlat bogʻlari) asari nomida ham riyoz shakli qoʻllangan. Milliy ensiklopediyada shahar nomi sifatida Ar-Riyod varianti olinibdi. Kelajakda geografik nomlar lugʻati ishlab chiqilsa, koʻp chalkashliklar qatori bu masala ham hal boʻlib ketar degan niyatdaman.

 

 

Ismlar imlosi: ruxmi yoki ruh?

Tarkibida rux soʻzi bor ismlar eng koʻp xato yoziladigan ismlardan.

Shohrux, Farrux, Gulrux kabi ismlarda rux oʻrniga ruh deb yozilishining eng asosiy sabablaridan biri shu ismlar tarkibidagi rux soʻzi hozirgi oʻzbek tilida deyarli ishlatilmasligidir. U fors tilidan kirgan boʻlib, asliyatda yuz, bet va yonoq maʼnolari bildiradi. Eski oʻzbek tilida kishining yuzi maʼnosida qoʻllangan:

 

Lablaring ostidagi xolingdin aylansun quling,

Loladek gul-gul ruxi olingdin aylansun quling.

Furqat.

 

Yuqoridagi baytda qoʻllangan ruxi ol qizil yuz maʼnosini bildiradi.

 

Rux soʻzining omonimlari esa bugungi tilimizda ozmi-koʻpmi isteʼmolda:

  1. Shaxmat oʻyinidagi toʻra, tikka va yonlama yura oladigan sipoh.
  2. Kimyoviy element, och yashil rangli metall.

 

Shohrux, Farrux, Gulrux ismlaridagi rux yuz, chehra maʼnosida.

Shohrux – shoh kabi yuzli, Farrux – baxtiyor yuzli, Gulrux – gul yuzli.

 

Shohruh – shohning ruhi, Farruh – baxtning ruhi, Gulruh – gulning ruhi boʻlib qoladi, mazmundan mantiq yoʻqoladi. Demak, bu shaklda yozish xato.

 

Shoxrux deb yozish ham xato. Shox-muguzning yuzi degan maʼnosiz iboraga aylanadi.

 

Ruxsora, Gulruxsor soʻzlarini ham x bilan yozish kerak. Ismlar tarkibidagi ruxsor yuz, chehra maʼnosini beradi.

 

Raxshona ismi ham baʼzida Ruhshona deb xato yoziladi. Raxshon forschada nurli, porloq, jiloli, jilvalanuvchi maʼnolarini bildiradi. Ruxshona Raxshona ismining fonetik oʻzgarishga uchragan shakli, uni xato demasak ham boʻladi. Ruxshona ismini tojikchada ham uchratish mumkin.

 

Ruhiddin ismi esa h bilan yozilishi kerak. Ism tarkibidagi ruh arabcha ruh, jon demakdir. Ruhiddin – dinning ruhi, joni, kuch-quvvati maʼnosida.

 

📌  Demak:

Shohrux, Farrux, Gulrux, Ruxsora, Gulruxsor, Raxshona, Ruhiddin ✅

Shohruh, Shoxrux, Farruh, Gulruh, Ruhsora, Gulruhsor, Ruhshona, Ruxiddin ❌

 

 

Qoʻllanadimi, qoʻllaniladimi?

Hatto ziyolilar ham yozishda tez-tez xatoga yoʻl qoʻyadigan soʻz bu. Qoʻllanmoq majhul nisbatda, uning aniq nisbatdagi shakli – qoʻllamoq.

Qoʻllamoq oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:

 

  1. Yoqlamoq, quvvatlamoq, yordam, koʻmak, madad bermoq.
  2. Tatbiq etmoq, ishlatmoq.

 

✅ Majhul nisbatda asosan ikkinchi maʼnosi ishlatiladi. Qoʻllanmoq – ishlatilmoq, foydalanilmoq, tatbiq etilmoq
degani.

Qoʻllamoq soʻziga –n majhul nisbat qoʻshimchasi qoʻshilib, qoʻllanmoq shakli hosil qilinadi:

Qoʻllanmoq, qoʻllangan, qoʻllandi, qoʻllanyapti, qoʻllanmoqda, qoʻllanadi…

 

❗️ Bu soʻzni qoʻllanilmoq shaklida ishlatish xato. Chunki bir soʻzga ikki MARTA majhul nisbat qoʻshimchasi qoʻshilmaydi. –il ham majhul nisbat yasovchi qoʻshimcha. Masalan, aytildi soʻzida ayt feʼliga ana shu –il qoʻshimchasi qoʻshilgan. Aytildi soʻzini aytilindi deb yozish va aytish kulgili xato.

Biroq soʻzni qoʻllanilmoq tarzida ishlatish juda keng tarqalgan. Hatto nufuzli nashrlarda, vazirliklar saytlarida, qonun hujjatlarida,  darslik va qoʻllanmalarda ham bu xatoga tez-tez duch kelish mumkin.

Bu holatning qiyinroq, lekin imkonli yechimi bor: xatoni tan olish va tuzatish.

 

📌  Demak:

Qoʻllangan, qoʻllandi, qoʻllanyapti, qoʻllanadi ✅

Qoʻllanilgan, qoʻllanildi, qoʻllanilyapti, qoʻllaniladi ❌

 

 

Xush va hush

X va h tovushlari ogʻzaki tilda koʻpincha farqlanmaydi va bu yozma nutqda ham oʻz aksini topadi: shu tovushlar qatnashgan soʻzlarni yozishda koʻp xato qilamiz. Jumladan, xush va hush soʻzlarida.

Aslida ikkala soʻz ham xato emas. Lekin ularning, ular qatnashgan iboralarning maʼnosini bilmaslik almashlab ishlatishga sabab boʻlishi mumkin.

Xush forschadan olingan, oʻzbekchada yaxshi, yoqimli maʼnolarini anglatadi: xush kayfiyat, xushovoz xonanda, xush kelibsiz, xush koʻrdik, xush qoling.

Hush soʻzi ham forschadan kirgan, oʻzbek tilida kishining biror narsa-hodisani sezish, idrok etish, anglash qobiliyati, shunday sezgi, idrokka ega holat kabi maʼnolarni bildiradi: es-hushi joyida, hushi uchdi, hushidan ketdi, hushiga keldi, hushyor, hushli, behush.

Baʼzi chalkashtiradigan holatlar bor. Masalan:

Xushi yoʻq iborasi xohlamaslik, yoqtirmaslik; xohishi yoʻq maʼnolarini ifodalaydi:

 

Dasturxonda holva, novvot, murabbo… Zargarovning bularga xushi yoʻq

A. Muxtor, Boʻronlarda bordek halovat.

 

Agar bu iborani h bilan yozadigan boʻlsak, hushdan ketish maʼnosi paydo boʻladi: bemorning hushi yoʻq.

 

Xushi kelmoq iborasi kayfiyati yaxshi boʻlmoq, xushiga kelsa iborasi esa xohlasa, yoqtirsa maʼnolariga ega:

 

Xushiga kelsa ishlaydi, boʻlmasa ochiq havoga direktor boʻlib oʻtiraveradi.

 

Agar xushiga kelsa iborasi oʻrniga hushiga kelsa iborasini ishlatsak, behush holatdan chiqish, oʻziga kelish maʼnosi anglashiladi:

 

Bemor hushiga kelsa, aslida nima boʻlganini oʻzi aytib beradi.

 

Demak, xush va hush soʻzlarini qoʻllashda xato qilmaslik uchun ular jumla yoki birikmada qanday maʼnoda ishlatilayotganini aniqlab olishimiz kerak boʻladi.

 

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.