Qoʻshjoʻmrak
Tilga yangiliklarni, yangi soʻzlarni shu tildan foydalanuvchilar, uning buguni va ertasiga befarq boʻlmaganlar kiritadi. Munosib soʻzlarni kashf etuvchilar jurnalist, tarjimon yoki dehqon boʻlishidan qatʼi nazar, bitta jihat ularni birlashtiradi – ijodkorlik.
Kun.uz nashri ruscha smesitel soʻzini juda zoʻr tarjima qilibdi – qoʻshjoʻmrak. Issiq va sovuq suvni aralashtirib beradigan bu qurilmaning soʻzma-soʻz tarjimasi aralashtirgich, qorishtirgich, qorgich boʻladi.
Qoʻshjoʻmrakda joʻmrak ikkita, yaʼni qoʻsh emas, lekin unga keladigan suv yoʻli ikkita va unda issiq-sovuq suv bir-biriga qoʻshiladi. Shu maʼnoda soʻzning toʻgʻri, oʻrinli ekanini lugʻaviy jihatdan ham asoslash mumkin.
Shu soʻzni muomalaga kiritgani uchun Kun.uz nashri muharrir va tarjimonlariga rahmat aytaman.
Orif Tolib