Uygʻur taomlari va xitoycha soʻzlar

Uygʻur taomlari va xitoycha soʻzlar

Tillar doim oʻzaro aloqada va taʼsirda boʻladi. Bir tilga undan ancha uzoq boʻlgan, boshqa oilaga mansub tildan ham soʻzlar kirishi mumkin.

Bundan oʻn-oʻn ikki yillar oldin U. Tursunov, B. Oʻrinboyev va A. Aliyev muallifligidagi “Oʻzbek adabiy tili tarixi” kitobini oʻqib, oʻzim uchun ancha hayratlanarli yangiliklar bilan tanishgan edim. Jumladan, oʻzbekchada aslan xitoycha soʻzlar borligi men uchun ancha kutilmagan maʼlumot edi.

Xitoycha soʻzlar uygʻur tili orqali oʻzlashgan. Ularning ichida taom nomlari koʻpchilikni tashkil qiladi. Masalan:

Lagʻmon xamirni choʻzib yoki uzun ingichkaroq kesib tayyorlangan, yuziga qayla solib yeyiladigan xamir ovqat turi. Uygʻur tilida lenmen deb talaffuz qilinuvchi bu taom nomi xitoycha lyanmyan soʻzidan: lyan – sovuq, myan – ugra, xamir.

Manti – xamir orasiga goʻsht yoki qovoq, baʼzan kartoshka solib tugib, bugʻda pishirilgan ovqat. Uygʻur tilida mantu, manti deyiladigan bu taom nomi xitoycha mantou soʻzidan.

Manpar – xamiri tasmaga oʻxshatib kesib, soʻng uzib, shoʻrvasiga solib tayyorlanadigan xamir ovqat turi. Uygʻur tilida ham manpar deb ataladigan bu taom nomining asli xitoycha manpezedir.

Shiman – xamiri yupqa kesilgan lagʻmon. Bu taom hozir uncha mashhur emas. Lekin ayrim joylarda pishiriladi. Shu sababli nomi ham quloqqa kam chalinadi. Uygʻur tilida shimen deyiladigan taom xitoycha simyan soʻzidan: si – yupqa, myan – kesilgan xamir, ugra.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yuqorida sanalgan barcha taomlar xamir ovqat sanaladi va barchasining nomi tarkibida man – xamir soʻzi bor.

Hozir milliy yoki uygʻur taomlari restoranlarida say ismli taomlar tayyorlaandi: ayrimsay, goʻshtsay, tuxumsay, tovuqsay va hokazo. Say soʻzining ildizi xitoycha baysay – koʻkat, karam soʻziga borib taqaladi. Bu soʻz oʻzbek shevalarida basay shaklida ishlatilib, ovqatga solinadigan koʻkat turini anglatadi.

Say alohida holatda turpdan tayyorlangan salatni bildiradi. Uygʻur tilida esa salat, gazak maʼnolariga ega, say samsa esa koʻk somsa demakdir.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.