Rahbarga qanday murojaat qilish kerak?
Sobiq Ittifoq davrida rahbarga murojaat etiketi rus madaniyati taʼsirida shakllandi.
Turkiy xalqlar oʻtmishda qanday murojaat shakllaridan foydalangan? Podshohlar, xon va amirlar saroyidagi murojaat tartibi qanday boʻlgan? Bular alohida oʻrganishga arziydigan mavzular. Balki, bu borada ilmiy izlanishlar qilingandir. Hozircha internetdan bu mavzuda maʼlumot topa olmadim. Lekin ruschada ancha-muncha maʼlumot bor, etiket lugʻati ham tuzilgan, hatto boshqa millatlarning murojaat usuli bilan solishtirma maqolalar yozilgan.
Ruscha murojaat etiketiga koʻra, odatda yoshi kattalarga ismi va otaismi bilan sizlab murojaat qilinadi. Bunda hurmat yoki neytral munosabat aks etadi. Shuningdek, bu usuldan koʻztanishlarga, yaqin munosabat oʻrnatilmagan hamkasblarga, boshliqqa murojaatda ham foydalaniladi. Agar odam oʻzidan yosh biror kishiga sizlab va otaismi bilan murojaat qilsa, bu unga alohida hurmat koʻrsatilayotgani belgisidir.
Oʻzbekcha muomalada otaismini qoʻshib murojaat qilish koʻproq rasmiy idoralarda va asosan rahbarlarga murojaatda kuzatiladi. Rahbar oʻzidan quyi mansabdagi xodimlarga, masalan, oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari yoki oddiy xodimlarga ham otaismi bilan murojaat qilishi mumkin:
– Kamoliddin Jamoliddinovich, bu masalaga jiddiy yondashish zarur.
– Aziza Saidakbarovna, taklifingizni inobatga olamiz.
Boshqaruvning vertikal emas, gorizontal usulini tanlagan rahbarlar murojaatda ham oʻzbekcha ifoladalarni maʼqul koʻradi. Bunda oʻzaro muomalada sizlab, yoshi kattalarga aka yoki opa soʻzlarini qoʻshib murojaat qilinadi:
– Kamoliddin aka, menga shu ishda yordamingiz kerak edi.
– Aziza opa, taqdimotni sizga joʻnatdim. Bir koʻz tashlab bersangiz.
Agar rahbar xodimdan kichik boʻlsa, shunchaki ismi bilan sizlab murojaat qilinaveradi.
Soʻnggi yillarda davlat idoralarining rahbarlik lavozimlariga yoshlar koʻp tayinlanyapti. Ular orasida mustaqillikdan keyin tugʻilgan avlod ham anchagina va ular soni borgan sari koʻpayib boradi. Oxirgi oʻttiz yilda tugʻilganlarning otaismlarida -vich va -ovna, -yevna qoʻshimchalari uchramaydi hisob. Xoʻsh, bunda qanday murojaat qilinadi? Oʻgʻli va qizi soʻzlari qatnashgan oʻzbekcha ifodadagi otaismlarni ruscha etiket qolipiga solish unchalik ham yopishmaydi:
– Kamoliddin Jamoliddin oʻgʻli, bu masalaga jiddiy yondashish zarur.
– Aziza Saidakbar qizi, taklifingizni inobatga olamiz.
Balki, koʻz va quloq oʻrganmagani uchun shundaydir. Lekin baribir bu tarzdagi murojaat singishib ketmasa kerak, menimcha. Yo bunday otaismlari ogʻzaki uslubda -vich, -ovna, -yevnaga oʻzgartirib olinarmikan? Bu ancha yoqimsiz holat boʻlsa kerak.
Demak, rasmiy idoralarda murojaat yoʻsini qanday boʻlishi kerakligi haqida biror tavsiya ishlab chiqilishi kerak. Ammo bu ishni kim qiladi?
Buni tadqiq va tatbiq etadigan Abomuslimi sohibqironlarimiz boʻlmasa… 🙃 deb oʻtiraveramizmi yoki?
Mabodo kimdir shu borada izlanish olib bormoqchi boʻlsa, yozilajak tavsiyaga tavsiya: boshqa xalqlardagi murojaat shakllarini oʻrganib chiqish va oʻzbekcha variant uchun tarixiy-milliy murojaatlarni, qardosh turkiy xalqlardagi murojaat shakllarini asos qilib olgan maʼqul.
Rahbarlar va boshqalarga murojaatda ism oldidan muhtaram, hurmatli, janob kabi soʻzlarni ishlatish borasida ham izlanishcha olib borish mumkin.
Darvoqe, murojaat qoidalari tavsiya xarakterida boʻlishi kerak. Oʻta rasmiy idorada ham oddiy oʻzbekcha murojaat shaklini afzal koʻruvchilar topilib qolishi mumkin.
-vich, -ovna, -yevna qoʻshimchali otaismlarini amaldagi rasmiy murojaat shaklida ham ishlataverish kerak. Istaymizmi-yoʻqmi, u bizning hayot tarzimizga singigan, tariximizdan oʻrin olgan.
Takliflaringizni izohlarda qoldirishingiz mumkin.
Orif Tolib