Rohat – odat – ofat

Rohat – odat – ofat

Aroq, umuman spirtli ichimliklar ichish oddiy holatga aylanib qolgan. Afsuski, bu baloga giriftor boʻlganlarning ichida yoshlar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Toʻyu bazmlar, gap-gashtaklar aroqsiz oʻtmaydi. Odamlar yaxshi kunda “xursandchilikka”, boshiga tashvish tushganda “siqilganidan” ichadi. Bu narsa irodaning pastligi, yengillikka moyillikdan dalolatdir.

Ommaviy axborot vositalarida, kitoblarda mast qiluvchi ichimlik va chekimliklarning inson sogʻligiga zarari, miya faoliyatini sekinlashtirishi haqida juda koʻp gapirilgan. Ularni isteʼmol qilish dinimizning muqaddas kitoblarida qatʼiy taqiqlangan. Biroq…

Omma orasida eng “hurmati baland” spirtli ichimlik – aroq. U har kuni qanchadan-qancha odamlarning hayotiga zomin boʻlayotganini bilasizmi? Insonning qon-qoniga singib ketgan nafsga moyillik uning hayotini, shodligu quvonchlarini, oilasini, obroʻ-eʼtiborini yer bilan bitta qilyapti.

Dunyo olimlari spirtli ichimliklar ichish oqibatida sodir boʻladigan oʻlim va kasallik holatlarini oʻrganib chiqdilar. Quyida mana shunday vaziyatlarning 10 tasi keltirilgan:

 

1. Muntazam aroq ichish juda koʻp xastaliklarning kelib chiqishiga sabab boʻladi. Masalan, jigar sirrozi (jigarning tirishib, qotib qolishi), pnevmoniya (zotiljam, oʻpkaning yalligʻlanishi), miokardiodistrofiya (yurak muskullarida moddalar almashinuvining buzilishi), immunitetning oʻta darajada pasayishi, buning oqibatida boshqa ogʻir kasalliklarga chalinish (sil va shunga oʻxshash) aynan ichkilik tufayli yuzaga keladi. Bunday dardga chalingan bemorlar kasalxonaga tushgach, avvalgi normal hayotiga qaytishni istaydi. Lekin bu niyat kamdan-kam hollarda roʻyobga chiqadi.

2. Mastlik + chekish = yongʻin. Mast holatda chekish koʻp vaziyatlarda yongʻin sodir boʻlishiga olib keladi. Yongʻinda hayotdan koʻz yumganlarning 85%i mast holatda boʻladi. Chunki aqli-hushi oʻzida boʻlgan odam qutilish yoʻlini tez topa oladi.

3. Suvga choʻkkanlarning 2/3 qismi (60 foizdan koʻprogʻi) ichgan boʻladi.

4. Yoʻl harakati hodisalaridagi oʻlim. Mast holda rulga oʻtirish nafaqat ichuvchining oʻziga, balki uning hamrohlari, boshqa haydovchi va piyodalar uchun ham xavflidir. Siz umuman ichmagan, aroqning taʼmini bilmagan taqdiringizda ham istalgan paytda uning kasofatidan oʻlib ketishingiz hech gapmas.

5. Tadqiqotlarga koʻra, qotillik va kuchli jarohatlanish holatlarining 2/3 qismi ichish bilan bogʻliq. Oddiy misol: uch-toʻrtta ulfat “otamlashib” oʻtiribdi. Bir-birini ogʻzidan bol tomib maqtayapti. Shunda bittasi aytgan gapga ikkinchisi quloq solmaydi. Chunki u ham boshqasini koʻkka koʻtarayotgan boʻladi. Oʻrtada janjal kelib chiqadi. Bunday vaziyatda es-hushini yoʻqotgan odam sherigini urib mayib qilmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

6. 10 – 15% alkash oʻzini oʻzi oʻldiradi. Piyonistalarning har uchtadan bittasi bu ishga urinib koʻradi.

7. Kuchli mast boʻlgan odam oʻz reflekslarini (doim bajaradigan meʼyoriy harakatlarini) yaxshi boshqara olmaydi. Shu sababli u yotgan joyiga peshob qilib qoʻyishi, tinmay qusishi mumkin.

8. Sovuqda qotib oʻlganlarning yarmi alkashlardir. Alkogol teridagi tomirlarni kengaytiradi, shu sababli ichgan odam oʻzini isiganday his qiladi. Biroq bu xavfli holat. Taʼsir kuchining kamayishi bilan tana sovib ketadi va odam tezda muzlab qoladi.

9. Travmatizm (jarohatlanish) sababli sodir boʻladigan oʻlimning yarmidan koʻprogʻiga ichuvchilar “egalik qiladi”. Chunki mast odam hushyorlikni yoʻqotadi, vaziyatni toʻgʻri tahlil qilolmaydi, oʻziga nima boʻlayotganini anglay olmaydi, aljirashdan nariga oʻtmaydi…

10. Texnik spirt va qoʻlbola aroq tufayli oʻlish. Piyonistaga aroq boʻlsa boʻldi. U ichayotgan narsasi qanaqaligini, qachon, qayerda ishlab chiqarilganini deyarli oʻylab koʻrmaydi. Qoʻlda tayyorlangan aroqning esa standartlarga javob bermasligi aniq.

 

Hayot – insonning daxlsiz mulki. Uni qanday tashkil qilish, qanday yashash uning xohishi. Lekin…

Yuqoridagi faktlardan har kim oʻziga yarasha xulosa qilib olar. Biroq yana bir muammo tugʻiladi: alkashlarning qanchasi gazeta oʻqirkan? Oʻqiganda ham uqarmikan…

Hammamizga yaratganning oʻzi insof bersin.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2009

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube