Sanamalar
– Bir, ikki, uch… oʻn ikki,
Oʻn ikki deb kim aytdi?
– Oʻn ikki deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.
– Yoʻq, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Doim kulib boqadi,
Tafti tanga yoqadi.
Berar harorat, yogʻdu,
Qani, ayt-chi, nima u?
– Savoling juda oson,
Uni bilar keksa-yosh.
Axir u saxovatli
Qadrdon boboquyosh.
***
– Bir, ikki, uch… oʻn ikki,
Oʻn ikki deb kim aytdi?
– Oʻn ikki deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.
– Yoʻq, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Ogʻa-ini ming botir,
Koʻm-koʻk gilamda yotir.
Kunduz ketib qolishar,
Uzoqda dam olishar.
– Aytding qiziq topishmoq,
Men uni topdim, oʻrtoq.
Botirlar – yulduz, koʻm-koʻk
Gilam esa – osmon, koʻk.
***
– Bir, ikki, uch… oʻn olti,
Oʻn olti deb kim aytdi?
– Oʻn olti deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.
– Yoʻq, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Cholday oppoqdir sochi,
Osmonga yetar boshi.
Uzoqdan koʻrinadi,
Bilsang, ayt-chi, nima u?
– Xayolim ishga soldim,
Birpasda topib oldim.
Magʻrur, yuksak, viqorli,
Axir u togʻdir qorli.
***
– Bir, ikki, uch… oʻn olti,
Oʻn olti deb kim aytdi?
– Oʻn olti deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.
– Yoʻq, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Qishda muzlamas aslo,
Yozda muzlaydi ammo.
Dehqonlarga tashvishdir,
Ranggi xuddi kumushdir.
– Qiziq ekan bu jumboq,
Javobin topdim biroq.
Shoʻr yer u – koni zarar,
Yozda ham oppoq turar.
Orif Tolib
“Gulxan” jurnalining 2016-yil 11-sonida “Aytishmachoq” sarlavhasi bilan chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.