Uchkoʻprik shevasiga xos soʻzlardan
Uchkoʻprik Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahriga yondosh tumanlaridan. Shaharga yaqin qishloqlarda Qoʻqon shevasining taʼsiri seziladi. Boshqa joylarda Fargʻona viloyatining Bagʻdod, Buvayda, Oʻzbekiston, Beshariq, Furqat tumanlari lahjasiga yaqin shevada soʻzlashiladi. Quyida eʼtiboringizga havola etilayotgan moʻʼjaz lugʻat koʻproq ana shu hududga xos soʻzlardan iborat. Bu hudud odamlari uquvsizlik, lanjlik, manfaatparastlik kabi illatlarni juda yomon koʻradi, chogʻi, tanbeh maʼnosidagi soʻzlar koʻp.
Bu soʻzlarning ayrimlari nafaqat Fargʻonada, balki boshqa viloyatlarimizda ham ishlatilishi mumkin.
Boʻriq – makka yoki joʻxori poyasining mol-qoʻy yeganidan soʻng qolgan bargsiz qismi.
Yoz kunlari tandirni boʻriq yoqib ham oqartirish mumkin.
Dimiqtirmoq – boshini suvga tiqib, suv yuttirmoq, shu yoʻl bilan qiynamoq.
Aka, anavini qarang, dimiqtiraman deyapti.
Yemgish – til-jagʻli, oʻzining gapini maʼqullab turaveradigan odam.
E-e, gʻirt yemgish ekansiz-ku! Koʻrganni eshitgan yengibdi, deb shuni aytishsa kerak-da!
Jippangʻ – toʻla, labigacha toʻldirilgan, toʻkilay-toʻkilay deb turgan.
Paqirni jippangʻ qilib qoʻygan ekansan, choʻmich solgan edim, suvi toʻkildi.
Kesmaldak – bargsiz, quruq tut novdasi.
Kesmaldaklarni bostirmaning tomiga bosib qoʻydik.
Lashim – yirik-mayda aralash, yoppasiga.
Limonni lashim besh ming soʻmdan sotdik.
Katta – boboga shunday murojaat qilinadi. “Katta ota” iborasining qisqartmasi boʻlsa kerak. Biroq bu soʻz hozir isteʼmoldan chiqib ketyapti. Uning oʻrniga “opoqi”, “opoqdada”, “bobo” soʻzlari ishlatilyapti.
Kattam bir umr dehqonchilik qilib oʻtgan.
Nushqut – nishxurd, yem-xashak, oʻt qoldigʻi.
Yangiqoʻrgʻondan olib kelgan qoʻyim juda yaxshi chiqdi, umuman nushqut chiqarmaydi.
Ozitqi – adashtirib, yoʻldan ozdiruvchi maxluq, ajina.
“Bemahalda yurma, ozitqi ozdirib
ketadi”, deb tayinladi enam.
Otaqari – kattalarning gapiga aralashib, aql beradigan bolaga nisbatan ishlatiladi.
“Tushunmagan narsangga otaqarilik qilma, bolam”, – dedi enam.
Palgʻari – uzum navdasini yerga koʻmib, boshqa joyga oʻtqazish. Yerga koʻmilgan qism kelajakda tomirga aylanadi va tok kuchli oziqlanadi.
Bugun oʻn tup uzumni palgʻari qildim.
Poldir – dovdir, qoʻpol harakat bilan yon-atrofidagi narsalarni agʻdar-toʻntar qilib yuradigan odamga nisbatan ishlatiladi.
Buncha poldiraysan? Sendaqa poldirni koʻrmaganman, bir chekkada turgan obdastani agʻdarib ketganingni qara!
Polpis – kir-chir, oʻziga eʼtiborsiz yuradigan odam.
Polpisga oʻxshaysan-a! Kiygan kiyiming – bir ahvol, yagʻiri chiqib yotibdi!
Poʻnka – qargʻani shu nom bilan ham atashadi.
Hozir poʻnkalar yozda ham uchib ketmayapti.
Sumalanmoq – lapashanglik, lanjlik qilmoq. Menimcha, bu soʻz “sumalak” soʻzi bilan oʻzakdosh. Sumalak juda sekin pishadi, suyuq boʻladi. Odatda, lavangtabiat odamlar atalaga ham oʻxshatiladi.
Buncha sumalanasan, tezroq yursang-chi!
Soʻltamat – biror ishni eplamay, doim boʻshashib yuradigan odam.
Soʻltamatlanma, qadamingdan oʻt chaqnasin, oʻt!
Uchelish – “T” shaklidagi uch yoʻl tutashmasi, bir tomoni berk chorraha.
Uchelishda oʻrtogʻim Umidjonni koʻrib qoldim.
Qapishtirmoq – futbol oʻyinida toʻpni raqibga qarata qattiq zarb bilan yoʻnaltirmoq. Koʻpincha katta yoshlilar kichiklarni qapishtirib, qoʻrqitadi. Shu orqali oson aldab oʻtib, gol urishga harakat qiladi.
“Jonli devorga turmayman, qapishtiradi”, dedi u akasiga.
Qiyratmoq – shoʻxlik qilib qiynamoq.
Gulchehraning oʻgʻli juda shoʻx boʻlibdi, onasini kuni boʻyi qiyratadi.
Gʻijirqum – ariq ostida yigʻilib qoladigan mayda qum. Bu soʻz oʻrnida “shilqum” soʻzi ham ishlatiladi.
Sotib olsang, ortib qoladi. Bu yerni suvagani Qilovlidan gʻijirqum olib kelsang ham yetadi.
Hoʻpitmoq – choʻmilmoq.
Bugun Mingbuloqqa hoʻpitgani boramiz.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2016-yil 10-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.