Serbiya Respublikasi
Maydoni: 88 361 kv.km.
Aholisi: 7 milliondan ortiq (Kosovo va Metoxiyasiz).
Poytaxti: Belgrad shahri.
Tuzumi: parlamentli respublika.
Davlat boshligʻi: prezident.
Maʼmuriy tuzilishi: 3 ta hududiy statistik birlikdan iborat. Mamlakat hududi 29 ta okrug va Belgrad shahri okrugiga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Belgrad, Novi Sad, Prishtina, Nish.
Pul birligi: serb dinori.
Jugʻrofiy oʻrni. Janubi-sharqiy Yevropada – Bolqon yarimoroli va qisman Pannon pasttekisligida joylashgan. Serbiya konstitutsiyasiga binoan, mamlakat ikkita muxtor oʻlkadan – Voyevodina hamda Kosovo va Metoxiyadan tashkil topgan. Kosovo 1999-yildan beri Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyusiyasiga koʻra, BMT protektorati hisoblanadi. 2008-yil 17-fevralda Kosovo mustaqilligi eʼlon qilindi, uni BMTga aʼzo 106 ta davlat tan oldi.
Serbiya shimolda Vengriya, shimoli-sharqda Ruminiya, sharqda Bolgariya, janubda Makedoniya, janubi-gʻarbda Albaniya va Chernogoriya, gʻarbda Xorvatiya hamda Bosniya va Gersegovina bilan chegaradosh.
Mamlakatdagi oʻn beshta togʻ dengiz sathidan ikki ming metr baland. Eng baland choʻqqisi Jeravitsa togʻida (2656 metr).
Serbiya iqlimiga Adriatika, Egey va Qora dengiz kabi issiq dengizlar taʼsir koʻrsatadi. Shimolda kontinental, janubda moʻʼtadil kontinental, togʻlarda esa togʻ iqlimi hukmron. Qishi qisqa va sovuq, qorli; yozi issiq boʻladi. Yillik yogʻin miqdori – 896 mm. Yomgʻirlar asosan may va iyun oylarida yogʻadi.
Mamlakatning toʻqson foizdan ortiq qismi Dunay daryosi havzasida joylashgan. Dunaydan tashqari Sava, Tisa, Begey, Katta Morova va Tamish daryodalarida kema qatnaydi. Suv toshqinlaridan himoyalanish, sugʻorish ishlari va boshqa maqsadlar uchun bir qancha kanallar qazilgan.
Oʻlkadagi eng katta koʻl – Jerdap koʻli.
Tarixi. Serbiya tarixi VI asrga, qadimgi slavyan qabilalari Bolqon yarimorolining gʻarbiy qismlariga kelib oʻrnashgan davrga borib taqaladi. VIII – IX asrlarda ilk serb davlat uyushmalari yuzaga keldi. XII asr soʻngida Serb davlati Vizantiya imperiyasi hukmronligidan qutuldi va XIV asr oʻrtalariga kelib Bolqon yarimorolining janubi-gʻarbiy qismini deyarli toʻliq egallagan ulkan davlatga aylandi. Ayniqsa, Stefan Dushan (1331-1355) hukmronligi yillarida mamlakat gullab-yashnadi. Biroq uning oʻlimidan soʻng qirollik tanazzulga yuz tutdi. 1389-yili Kosovo maydonlaridagi jangda serb knyazlari magʻlubiyatga uchradi va Usmonli sultonligi vassallariga aylandi. 1459-yili Serbiya toʻliq egallandi va keyingi 350 yil davomida oʻlka Usmonlilar qoʻl ostida boʻldi. Shimoliy hududlar esa XVII asr oxirlaridan Avstriya imperiyasi tarkibiga kirdi.
Birinchi serb qoʻzgʻoloni (1804–1813) natijasida Serb knyazligi (bekligi) tashkil topdi. 1813-yil qoʻzgʻolon bostirildi. Ikkinchi serb qoʻzgʻoloni 1815-yil boshlandi. Oʻn besh yildan soʻng sulton Serbiya hukumatini tan oldi. 1878-yil 13-iyulda Berlin bitimiga binoan, Serbiya mustaqillikni qoʻlga kiritdi, 1882-yili esa qirollik eʼlon qilindi. XX asr boshlarida parlamentar monarxiya tizimiga oʻtildi, iqtisodiyot va madaniyat darajasi tezlik bilan oʻsa boshladi.
Bolqon urushi (1912-1913) natijasida Kosovo, Makedoniyaning bir qismi va Sanjoqning kattagina qismi Serbiya hududiga qoʻshildi. Birinchi jahon urushida Serbiya Antanta tomonida turib urushga kirdi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, ana shu janglarda mamlakat aholisining uchdan biri qirilib ketgan. Urushdan soʻng Serbiya oʻzagida serblar, xorvatlar va slovenlarning Qirolligi tashkil etildi. Bu davlat 1929-yildan Yugoslaviya Qirolligi nomini oldi. Ikkinchi jahon urushi davrida Serbiya hududini Germaniya qoʻshinlari bosib oldi (1941-yil aprel). Mamlakatni 1945-yili sobiq Ittifoq va Yugoslaviya milliy-ozodlik armiyasi qoʻshinlari ozod etdi. Shu yili Yugoslaviya federativ xalq respublikasi eʼlon qilindi. Serbiya Yugoslaviya tarkibidagi olti respublikaning biri boʻldi. 1963-yildan Yugoslaviya va unga aʼzo davlatlar sotsialistik tuzumga oʻtdi. Millatlararo kelishmovchiliklar va norozilik kayfiyati 1990-yillardagi fuqarolar urushlariga va Yugoslaviyaning qulashiga olib keldi. Undan Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya chiqib ketgach, Serbiya bilan Chernogoriya Yugoslaviya Ittifoq Respublikasini tuzdi. 2000-yili NATO qoʻshinlarining hujumi va BMT tinchlikparvar qoʻshinlarining kiritilishi oqibatida Serbiya sotsialistik partiyasi hukmronligiga barham berildi. 2003-yil 4-fevraldan bu davlat Serbiya va Chernogoriya deb atala boshladi. 2006-yili Chernogoriyada oʻtkazilgan referendumdan soʻng Serbiya va Chernogoriya davlatlar ittifoqi faoliyatini toʻxtatdi.
Serbiya 2000-yildan BMT aʼzosi. 2012-yil martdan Yevroittifoq aʼzoligiga rasman nomzod.
Iqtisodi. Iqtisodiyotining ustun jihatlari: 1. 2000-2001-yillarda chet eldan moliyaviy yordam olish va sarmoyalar kiritila boshlandi. 2. Dunay daryosi katta savdo-iqtisodiy imkoniyatlar beradi.
Salbiy jihatlar: 1. BMT sanksiyasi va 1999-yilgi NATO hujumining ogʻir oqibatlari hali-hanuz saqlanib qolgan. 2. Valyuta zaxirasining kamligi va tajribali mutaxassislarning yetishmasligi ham iqtisodiy taraqqiyotga qarshilik koʻrsatadi.
Mamlakat iqtisodiyoti oʻtish bosqichida. Garchi bozor sektori yetakchiga aylangan boʻlsa-da, iqtisodiyotdagi asosiy hissa davlat sektoriga tegishli. Iqtisodiyot ishlab chiqarish va eksportga tayanadi, tashqi sarmoyadorlarga qattiq bogʻlangan. Oʻtgan asrning 80-90 yillarida iqtisodiy vaziyat anchagina yaxshi edi. Yugoslaviyaning parchalanishi, ichki muammolar, turli sanksiyalar va NATO hujumi iqtisodiyot darajasini 1945-yillardagi holatga tushirib yubordi. Xususiylashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida islohotlar boshlangan boʻlsa-da, elektr energiyasi ishlab chiqarish, telekommunikatsiya, gaz taʼminoti kabi sohalar davlat boshqaruvida. Bir qator islohotlar jahon moliyaviy inqirozi tufayli boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Biroq Serbiya bu asoratlardan asta-sekin qutulib boryapti. Iqtisodiy oʻsish 2009-yili 3,5 foizga orqaga ketgan boʻlsa, 2010-yili 1 foizga, 2011-yili esa 2 foizga yuqorilashga erishildi. 2010-yili hukumat kelgusi oʻn yil ichida eksport hajmini toʻrt baravar koʻtarish, soha rivojiga mablagʻlar ajratish boʻyicha reja ishlab chiqdi.
Mamlakat rivojida sayyohlik xizmati sohasi ham alohida ahamiyatga ega. Xalqaro sanksiyalar va harbiy harakatlarga qaramasdan Serbiyada sayyohlik sohasi muntazam rivojlandi. 1990-2000-yillarda oʻlkaga keluvchilar soni 50 foizga, bu sohadan olinadigan daromad 80 foizga oshdi. 2000-yildan soʻng esa soha yangi rivojlanish bosqichiga oʻtdi.
Aholisi. Tugʻilish darajasi juda past, mamlakat bu borada dunyo boʻyicha oxirgi oʻrinlarda turadi. Kosovo va Metoxiyani hisobga olmaganda, mamlakat aholisining asosiy qismi – 83 foizi serblardan iborat. Keyingi oʻrinda vengrlar (mojorlar) turadi – ular umumiy aholining 3,9 foizini va Voyevodina muxtor oʻlkasi aholisining 14,3 foizini tashkil etadi. Shuningdek, Serbiya tuproqlarida bosniyaliklar, siganlar, albanlar, bolgarlar, chernogorlar, makedonlar, slovaklar, rusinlar, vlaxlar va ruminlar ham yashaydi. Oʻlkaga kelib oʻrnashgan xitoyliklar ham anchagina.
Davlat tili – serb tili. Konstitutsiyaga muvofiq, Voyevodina muxtor oʻlkasida vengr, slovak, xorvat, rumin, ukrain va rusin tillari, Kosovo va Metoxiyada serb va alban tillari ham ishlatiladi.
Dini. Konstitutsiya va qonunlarda eʼtiqod erkinligi ifodalangan. 2002-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga qaraganda, aholining koʻpchilik qismi – 85 foizi provaslav. Shuningdek, nasroniylikning katolik (5,5 foizi) va protestant (1,1 foiz) yoʻnalishlariga eʼtiqod qiluvchilar ham bor.
Islom Serbiyada eʼtiqod qiluvchilari soni boʻyicha uchinchi oʻrinda turadi. Mamlakat musulmonlari asosan sunniylardan iborat. 2002-yilgi maʼlumotlarga koʻra, oʻlkada 240 mingdan ortiq musulmon yashaydi. Bu umumiy aholining 3,2 foizi demakdir. Musulmonlarning asosiy qismi Kosovoda yashaydi. Biroq hududdagi notinch vaziyat sabab ularning aniq soni haqida maʼlumot yoʻq. Musulmonlarning koʻpchiligi bosniyalik (boshnoq) va alban millatiga mansub.
Islom Serbiyada XIV-XVI asrlarda keng yoyilgan. Bu Usmonli sultonligiga
qarashli yerlarning koʻpayishi bilan bogʻliq. Koʻplab slavyanlar Islom dinini qabul qilgan, sharqdan esa musulmonlar koʻchib kelgan. XIX asr oxirlarida boʻlgan jangi jadallarda koʻplab masjidlar vayron boʻldi.
Markaziy Serbiya va Voyevodinada 190 dan ortiq masjid ishlab turibdi, ularning 120 ga yaqini Sanjoqda, 60 tasi Janubiy Serbiyada joylashgan. Belgrad, Mali-Zvornik va Subotitsada bittadan masjid, Novi Pazar va Belgradda bittadan madrasa bor.
Mamlakatda Serbiya Islom markazi, Serbiya Islom uyushmasi kabi islomiy tashkilotlar faoliyat yuritadi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.