Sherlok Xolmsning prototipi kim?
1837-yilning 2-dekabrida shotlandiyalik vrach Bellning oilasida oʻgʻil farzand dunyoga keldi. Unga Jozef deb nom berdilar. Bolaligidan qiziquvchan boʻlgan Jo aniq fanlarni ham, ijtimoiy fanlarni ham yaxshi oʻzlashtirdi. Biroq uning koʻnglini fizika va kimyo koʻproq zabt etdi.
Keyinchalik ham bitta sohaning oʻzi bilan cheklanib qolishni istamagan Jozef kimyo va anatomiyani teng oʻrganishga kirishdi. U boʻlajak vrach qancha koʻp narsani bilsa, amaliyotda qiynalmaydi, degan fikrda edi. Jozef eng koʻp qiziqadigan mavzulardan biri zaharning odam tanasiga taʼsiri edi. Uning uyida maxsus labaratoriya boʻlib, turli sinovlarni oʻtkazardi.
Yosh, intiluvchan bu yigit adabiyot bilan shugʻullanishni ham kanda qilmadi. Toʻgʻri, uning yozganlari taniqli vatandoshi Robert Byorns asarlari kabi shuhrat qozonmadi. Lekin kichikroq poemalari va sheʼrlari oʻquvchilar eʼtiboriga tushdi.
Jozef doktorlik kasbini egallagach, mehnatdan va yaxshilik qilishdan toʻxtamadi, uzoqda yashaydigan yoki davolanishga puli yetmaydigan odamlarga ham beminnat xizmat koʻrsatdi. Shu sababli yosh terapevt tezda tilga tushdi. Edinburgning bu mashhur shifokori xizmatlaridan Charlz Doyllar oilasi ham foydalanib turardi. Yetti nafar bola kamolga yetayotgan bu oilaning toʻngʻich farzandi boʻlajak yozuvchi Artur Konan Doyl edi.
Artur doktor Bell bilan keyinroq – 1877-yili yana uchrashadi. U Edinburg universiteti talabasi boʻlgach, professor Bellning maʼruzalariga qatnasha boshlaydi. Darslardan qolmaslik uchun qoʻshimcha ishlar bilan shugʻullanib, pul topishiga ham toʻgʻri keladi. Bell juda koʻplab talabalarning orzusidagi shaxs edi. Arturning keyinchalik mashhur adib boʻlib tanilgan kursdoshlari Jeyms Berri (“Piter Pen”ning muallifi) va Robert Luis Stivensonlar ham u haqida esdaliklar yozishgan.
Bellning maʼruzalari juda qiziqarli oʻtar, chinakam bilim manbai edi. Professor koʻpincha biror bemorni sinfxonaga chaqirar va eng oldin talabalardan bu kishi kimligi, qayerdan kelgani, nima ish qilishi va qanday xastalikka chalinganini soʻrardi. Albatta, fikrlar, taxminlar koʻp boʻlardi. Lekin Bell talabalarga eng muhim fikrlarni saralashni sabr-bardosh bilan oʻrgatardi. Bir kuni xonaga bezgak tutib, istimalayotgani koʻrinib turgan shlyapali kishi kirib keladi. Bell talabalarga shunday tushuntiradi: odam xonaga kirganda boshkiyimini olmadi, bu uzoq vaqt odatiy urflarga amal qilinmaydigan yerda boʻlganidan dalolat. Demak, soʻnggi vaqtlarda armiyada xizmat qilgan. Chunki u yerda salomlashuv payti boshkiyim yechilmaydi. Bezgagi esa Vest-Indiya hududiga xos. Bundan u Barbadosdan kelayotgani anglashiladi.
Deduktiv xulosa chiqarish usuliga asos solgan doktor Bell keyinchalik Sherlok Xolms haqidagi asarlar prototipiga aylandi. Professor talabalar eʼtiborini u yoki bu kasb egasining qanday xulq-atvor va odatlarga ega boʻlishiga qaratardi. U, deylik, biror dengizchiga nazar tashlab, uning qayerdan kelganini tumani yoki shaharigacha aniq ayta olgan.
Bell odamning xatti-harakatlari va atvorini bilish uchun shevalar va talaffuzlarni oʻrganishni tavsiya qilardi. Chunki uning oʻzi shevasiga qarab, kishining qayerdanligi, atvoridagi salbiy-ijobiy xususiyatlari haqida xulosa chiqara olardi.
Jozef Bell Artur Konan Doylni talabalari orasidan saylab, oʻziga yordamchi qilib oldi. Bu esa Arturning tibbiy va adabiy sohalardagi kamoli uchun juda katta maktab vazifasini oʻtadi.
Mashhur yozuvchi oʻzining mashhur izquvarini tasvirlar ekan, uning tashqi koʻrinishi va odatlarini ustozidan oladi. Masalan, qahramonining ozgʻinligi, boʻychanligi, engak tuzilishi, oʻtkir nigohi, xirildoq ovozi doktor Bellga xos belgilardan edi. Konan Doyl professorni shunday tasvirlaydi: “Bell tashqi tuzilishi jihatidan ham, aqliy jihatdan ham juda noyob inson edi. U novcha, chayir, qalin sochli, uzun burunli, ziyrak, oʻtkir nigohli, yelkalari ozgʻin, yurganda silkinib qadam tashlaydigan, ovozi keskin kishi edi”.
Sherlok Xolmsga juda oʻxshaydi-a? Mashhur izquvar haqidagi qissa va hikoyalarni oʻqir ekansiz, unda ham xuddi shunga oʻxshash xususiyatlar borligiga amin boʻlasiz.
Xolmsning: “Siz koʻp narsani koʻrasiz, lekin koʻrganlaringiz ustida bosh qotirishga erinasiz” degan gaplari juda mashhur boʻlib ketgan. Aslida bu professor Bellning soʻzlari boʻlib, u bu gapni bot-bot takrorlab turgan.
Izquvar-maslahatchi Sherlok Xolmsning sarguzashtlari haqidagi ilk hikoya 1887-yil 1-dekabrda, Jozef Bellning ellik yillik toʻyidan bir kun oldin bosilib chiqadi. Bu shogirdning ustozga boʻlgan mehri va hurmati belgisi edi.
Doktor Bell shogirdining ijodini muntazam kuzatib boradi. Odamlar professor taniqli izquvarning hayotdagi timsoli ekanini birpasda payqaydi. Uning oʻzidan bu haqda soʻraganlarida u har safar: “Qoʻysalaring-chi! Bu darajaga yetishga menga yoʻl boʻlsin. Xolmsning haqiqiy prototipi Arturning oʻzi”, deya kamtarlik bilan javob beradi.
Bu gapda ham jon bor. Chunki hali jinoyatlarni ochish borasida biror-bir qoʻllanma yoki kitob boʻlmagan paytda yozuvchi turli jumboqlarga qahramoni qiyofasida javob topgan-ku.
Yozuvchining mehribon ustozi Jozef Bell uzoq umr koʻradi va 1911-yil 4-oktyabrda, 74 yoshga toʻlishiga ikki oy qolganida olamdan oʻtadi.
Orif Tolib tayyorladi.
“Kitob dunyosi” gazetasining 2015-yil 11-noyabr (№21) sonida chop etilgan.