“Stakan” – aslida oʻzbekcha soʻz
Ol-e, obqochish ham evi bilan-da, devorishingiz mumkin. Lekin rostdan shunday. Faqat sal dunyo kezib kelgani uchun tanimay turibsiz, xolos. Bugun shu soʻz haqida toʻplagan maʼlumotlarimni siz bilan baham koʻrmoqchiman.
Soʻzlashuvda odamlar stakanni istakan deyishi bejiz emas. Chunki soʻz boshida ikki undoshning yonma-yon kelishi oʻzbek tiliga xos emas. Stakan rus tili taʼsirida shunday koʻrinish olgan xolos. Eski oʻzbek tilida, yaʼni chigʻatoychada toʻstugʻon, tustigʻon, toʻstugʻan shaklida qoʻllangan bu soʻz ruschada tovush oʻzgarishlariga uchragan: dostokanʼ > stokan > stakan.
“Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati” toʻstugʻon va tustigʻon soʻzini qimiz quyib ichiladigan idish; yogʻoch kosa deb izohlagan:
Halol ona sutidekdur gar oʻzbekim tutsa,
Tobuq qilib yukunib tustigʻon ichinda qimiz.
Alisher Navoiy, Xazoyinul-maoniy.
“Devonu lugʻatit turk”da bu soʻz uchramaydi.
Toʻstagʻan soʻzi hozirgi qozoq, qirgʻiz, tatar, boshqird tillarida baʼzi talaffuz oʻzgarishlari bilan ishlatiladi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.