“Tahakkum” nima degani?

“Tahakkum” nima degani?

Tahakkum bugungi tilimizda ishlatilmaydi. Lekin Navoiy va Bobur asarlarida ishlatilgan.

“Navoiy asarlari lugʻati” tahakkum soʻzini ikki maʼnoda sharhlagan:

  1. Hukm yuritish, zoʻrlik bilan hukmronlik qilish; ustun chiqish;
  2. Birovning hukmini, amrini istar-istamas qabul etish.

 

“Boburnoma” lugʻati esa hukm qilish yoʻli, ustun chiqish yoʻli deb izohlabdi.

“… El qochib ul viloyatqa bordi, tahakkum tariqi bila tamaʼ qiladur, agar burunroq bu soʻz aroda boʻlsa edi, filjumla vajhi bor edi, alarning tahakkumini kim tortor boʻlgʻay?”

Shu parcha “Boburnoma” tabdilida bunday berilibdi:

“Yana biri buki, el qochib u viloyatlarga borgan shunday bir paytda buyruq yoʻsinida bu talab qoʻyildi. Agar bu taklif burunroq oraga tushsa, balki oʻrinli boʻlar edi. Ularning hukmiga kim ham rozi boʻlardi?!”

Yuqoridagi jumlalarda tahakkum bir oʻrinda buyruq, hukm yuritish, keyingisida hukm qilish maʼnosida kelyapti.

Arabcha siniq koʻplik qoidasi haqida oldin aytgan edim. Tahakkumning oʻzagi – hukm. U hozirgi tilimizdagi hukmdor, hokim, mahkum, hakam soʻzlari tahakkum bilan oʻzakdosh.

 

Arab tilining balogʻat ilmi qoidalariga koʻra, bir soʻzni oʻzining antonimi oʻrnida qoʻllash tahakkum deyilar ekan. Oʻzbek tilida ham shunga oʻxshash holatlar bor. Masalan, odamlar ogʻzi shaloq kishiga nisbatan qantovuz (qand + ogʻiz = shirinsoʻz) yoki ezma odamga nisbatan kamgap iborasini ishlatishi mumkin. Bunday oʻrinlarda soʻz oʻzining ziddi maʼnosini tashiydi.

Jumladagi tahakkumga misol. Ishga sababsiz uch kun kelmagan xodimga sherigi: “Boshliqqa uchrash, seni ajoyib mukofotlar kutib turibdi”, deyishi mumkin. Bu yerda gap mukofot haqida emas, albatta. Jazo haqida. Mukofot soʻzi oʻzining antonimiga sinonim boʻlib kelyapti.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube