Aql tarozisi
Xalq – samimiy ijodkor. U toʻqigan ertak, asotir, maqol yoki topishmoq oʻta hayotiy va milliy boʻlgani uchun tildan tilga oʻtadi, sayqal topadi. Necha-necha asrlardan beri omon saqlanib kelayotgan bunday noyob durdonalarni darvozasi qulf koʻrmagan xazinaga oʻxshatish mumkin. Undan har kim xohlaganicha foydalanaveradi. Yoki danagi qattiq bodomga qiyoslasa boʻladi. Topishmoqning magʻzi shirin, lekin avval uni aql toshi bilan chaqish kerak.
Bolalik paytlarimizda maktabdami, mol boqqani chiqqandami bolalar bilan topishmoq aytish oʻynardik. Kimning jumbogʻini yecholmasak, oʻsha bola bir-ikki kun gerdayib yurardi. Shuning uchun kattam – bobomni har kuni yangi topishmoq aytishga qistardim. Boshqalar ham oʻz “axborot manbai”dan maʼlumot olardi. Shunday qilib oʻzimiz sezmagan holda bebaho boylik toʻplardik. Bu odat balki hozirgi bolalarda ham bordir.
Topishmoq koʻpincha istiora yoki oʻxshatish asosiga quriladi. Shu sababli u fikrlashga, tasavvurni
kengaytishga, hayotni badiiy anglashga undaydi. Har qanday ijod shaklining, xususan, adabiyotning manbayi bevosita hayotning oʻzi. Demak, soʻzni his qilmagan, tasavvuri keng boʻlmagan odam hayotni teran tushunmaydi.
Oʻzbek topishmoqlarida koʻproq inson va uning aʼzolari, tabiat hodisalari, jonivorlar va turmushga aloqador tasvirlar koʻp uchraydi.
Odatda, topishmoqni topolmagan odam “Shahar berdim!” deb qutuladi. Lekin iloji boricha jumboqni yechish kerak. Sababi shahar berish degani yengilish, bosh egish maʼnosini anglatadi. Ori bor kishi izlanadi, oʻylaydi, tasavvur qiladi – oxiri topadi.
Bolalarga yoshligidan xalq ijodiyotini oʻrgatib borish ularning idrokini boyitadi, tasavvuriga qanot bogʻlaydi.
Quyida topishmoqlardan bir nechtasini keltiramiz. Oʻzingizni bir sinab koʻring. Agar juda boʻlmasa, birorta kattaroq shahar berasiz. Bizga eng koʻp toʻgʻri javob yoʻllagan ishtirokchini keyingi sonlarda eʼlon qilamiz. Ungacha hali sizda vaqt bor. Oʻylang, izlang, toping:
1. Bir uya ustida ming ari.
2. Otasi uyda qolar,
Bolasi bozor borar.
3. Kecha tomda bir patir koʻrdim,
Erta qarasam – yoʻq.
4. Yoʻnsa yoʻgʻon boʻlar.
5. Koʻzining yoshi oyogʻiga dori.
6. Qora uyda ming chiroq, uyni yoritmas.
7. Oʻnta ogʻa-ini boshidan
Oʻnta oy tushib ketdi.
8. Koʻk koʻylakli xotin
Sariq bola koʻtargan.
9. Devolga qoʻngan qushim
Baʼzilari bir qanot,
Baʼzilari qoʻsh qanot.
10. Bir qoʻyim bor
Turib semirar.
11. Kichkina itcha hurmaydi,
Tishlamaydi, uyga qoʻymaydi.
Orif TOLIB tayyorladi.
“Gulxan” jurnalining 2008-yil sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.