Taqataq va taqa-taq
Talaffuzi bir, ammo imlosida farq boʻlgan bu ikki soʻz turli maʼnoga ega.
🟢 Taqataq soʻzi ikki xil mazmunda qoʻllanadi:
1️⃣ Hammasi birdan, bitta ham qolmasdan; yoppasiga.
Uylarning eshiklari, derazalari taqataq yopiq.
Oybek, “Tanlangan asarlar”.
2️⃣ Butunlay, tamoman.
Toʻrani koʻrib, hamma taqataq toʻxtar, ikki bukilib taʼzim qilardi.
J. Sharipov, “Xorazm”.
🟢 Taqa-taq esa taqlid soʻz. Bir meʼyordagi tez harakatdan, urilishdan hosil boʻladigan ovoz, shovqinni ifodalash uchun ishlatiladi:
Poyezdning taqa-taqi kishini mudratardi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.