Taygada yashash osonmi?

Taygada yashash osonmi?

“Tayga” soʻzining kelib chiqishi turkiy tillarga borib taqaladi. Oltoyliklar tilida u “togʻlar”, “olmaxon” maʼnolarini anglatadi. Yoqutlar tilida “oʻrmon” va “uzoq masofa”, moʻgʻul tilida esa “togʻlar zanjiri”, “togʻ oʻrmoni” maʼnosiga ega. Boshqa turkiy tillarda ham u “tov” – “togʻ” soʻzi bilan bogʻliq mazmunni bildiradi.

Mutaxassislar shimoliy yarimshardagi ignabargli oʻrmonlar hududiga “tayga” nomini bergan. Bu hududning umumiy maydoni 9 million kvadrat kilometrga yaqin. Asosan archa, oqqaragʻay, tilogʻoch va qaragʻay kabi ignabargli daraxtlar oʻsadigan ushbu oʻrmon mintaqasi Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qismlarini egallagan.

Tayga moʻʼtadil namchil hududda joylashgan. Bu yerlarda ignabarg oʻrmonlardan tashqari, botqoqliklar ham bor. Ular Kanada va Sibirdagi oʻrmonlarda koʻp.

Rossiyaning eng katta landshaft hududi taygadir. Yevropada esa Skandinaviya yarimoroli va Finlyandiya asosan shunday oʻrmonlar bilan qoplangan.

Oʻrmonlar yeriga nur kam tushgani sababli bu yerda butalar va changalzorlar yaxshi shakllanmagan. Yevropa shimolidagi taygalarda archa, Kanada va Alyaskada esa tilogʻoch aralash archa oʻrmonlari, Ural taygalarida qayin koʻp oʻsadi. Sibir va Uzoq Sharq oʻrmonlarida boʻlsa, turli butalar va tilogʻochlar siyrak yerlashgan.

Tayganing hayvonot olami boy va xilma-xil. Silovsin, quyon, bugʻu, burunduq, suvsar va olmaxon koʻp tarqalgan. Qushlardan kalqur, bulduruq, qaragʻayqargʻa koʻp uchraydi. Taygada hayvonlar yashashi uchun sharoit tundraga nisbatan yaxshiroq. Shu sababli oʻtroq jonzotlar koʻp. Dunyodagi moʻynali hayvonlarning asosiy qismi taygada.

Yevroosiyo taygalarini sayyoramizning “yashil oʻpka”si deyishadi. Chunki atmosferaning pastki qatlamidagi kislorod va uglerod muvozanati aynan shu oʻrmonlarga bogʻliq. Atrof-muhitni himoyalash va ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida Shimoliy Amerika va Yevroosiyo taygalarida bir qator qoʻriqxonalar tashkil etilgan.

Taygalar yogʻoch sanoatining xomashyo manbaidir. Bu yerda koʻmir, neft, gaz kabi foydali qazilmalar topilgan va qazib olinyapti.

Mintaqa aholisi asosan moʻynali hayvonlarni ovlash, dorivor giyohlar, yovvoyi yongʻoq, hoʻl meva va qoʻziqorinlarni yigʻish, baliqchilik, yogʻoch tayyorlash va chorvachilik bilan shugʻullanadi.

Bu yerda aholi unchalik zich emas. Turli elatlarga mansub taygaliklar asrlar osha oʻz hayot tarzlarini oʻzgartirmay kelyapti.Ular garchi koʻchmanchi boʻlsa-da, butun yilni taygada oʻtkazadi, shu yerda qishlaydi. Boshqa koʻchmanchilar kabi taygaliklar ham hayvon terilaridan tayyorlangan chodirlar va koʻchma uylarda yashaydi. Bu chodirlar ichiga oʻchoq quriladi va oʻt yoqib isitiladi.

Bir-bir yarim oy davom etadigan yoz faslidagina yerdan qor ketadi. Bu paytda odamlar qish gʻamini yeyish bilan ovora boʻladi. Mevalar teriladi, ov qilinadi. Bundan tashqari, ularga vertolyotlarda boshqa oziq-ovqatlar ham keltiriladi. Xullas, qishga zaxira toʻplanadi.

Taygada oʻtroq aholi ham bor. Ular yogʻoch uyli qishloqlarda yashaydi. Bunday maskanlarda taygaliklarning farzandlari oʻqiydigan maktab-internatlar, tibbiy muassasalar ham bor.

Aholi iqlim injiqliklariga qaramay, tomorqalarida turli sabzavotlar ham yetishtiradi. Biroq asosiy mahsulotlar “hayot qaynagan” hududlardan keltiriladi. Oʻtroq aholi asosan hunarmandchilik bilan shugʻullanadi. Ammo soʻnggi vaqtlarda shaharga koʻchib ketish hollari koʻpaygan. Chunki shaharlarda ish topish oson va oliy taʼlim olish mumkin.

Geologlar, nefty-gaz sohasi mutaxassislari va ovchilar esa, ishlash uchun taygaga keladi. Maxsus shaharchalar va turar joy maskanlarida yashaydigan bu kishilarga oziq-ovqat vertolyotlarda tashib keltiriladi.

Taygaliklarning hayot tarzi haqida oʻqigan yoki eshitgan kishi: “Shunday sharoitda ham yashab boʻladimi?” degan oʻyga borishi mumkin. Ammo ular kengchilikda, tabiat bilan uygʻun shaklda kun kechiradilar. Shu bois sershovqin shahar-qishloqlarda eng soʻnggi texnika va axborot vositalari ichida yashayotgan kishilardan koʻra baxtiyorroq boʻlsalar, ne ajab!

 

Orif Tolib tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 9-sonida chop etilgan.


 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube