Temir irodali Tayson
Mayk Tayson nomini boksga qiziqmaganlar ham yaxshi biladi. Uning hayotidan juda koʻp ibratli misollarni topish mumkin. Taysonning oddiy koʻcha bezorisidan dunyo taniydigan va tan oladigan sportchi darajasiga yetishiga kimlar va nimalar sabab boʻlgan? Bokschining tarjimayi holi bilan tanishar ekansiz, tarbiyada muhit va shaxslar katta ahamiyatga egaligini, inson irodasi esa hammasidan ham muhimroq ekanini anglaysiz. Toʻgʻri, Tayson farishta emas, u ham boshqalarga oʻxshagan odam, xato va kamchiliklari bor. Lekin hayotda birovning nuqsonini topib yuradiganlar emas, oʻz ayblarini bilib tuzatadiganlar yutadi. Shu maʼnoda biz ham bu mashhur sport ustasining hayotidan oʻrnak emas, ibrat ola bilishimiz zarur.
Boʻsh-bayov bola va bezori
Ushbu boks afsonasining toʻliq ismi Maykl Jerard Mayk Tayson. U 1966-yil 30-iyunda AQSHning Nyu York shahridagi Bruklin tumanining Braunsvill mavzesida dunyoga keldi. Uning ota-onasi Mayk tugʻilgunicha ajrashadi, biroq boʻlajak bokschi otasi Persel Taysonning familiyasini oladi.
Maykning bolaligi turli qiyinchilik va baxtsizliklarga toʻla. Bolaligida juda yumshoqfeʼl, buning ustiga semiz boʻlgani uchun oʻzini himoya qila olmasdi. Oʻzidan kichiklar va kuchsizlarni masxara qilishga oʻrgangan qoʻshni bolalar va sinfdoshlari Maykni ham tinimsiz tahqirlardi. Koʻpincha sababsiz kaltaklashar, qoʻlidagi shirinlik yoki yegulikni tortib olishardi. Biroq toʻqqiz-oʻn yoshlarda Taysonning feʼl-atvorida oʻzgarish yuz beradi. Bokchining oʻzi hikoya qilishicha, bir kuni uch-toʻrt yosh katta sayoq koʻcha bolalaridan biri uning qoʻlidan kaptarini tortib oladi (Mayk kaptarlarga mehr qoʻygandi, bu odatini hozir ham tark etmagan) va boshiga musht tushiradi. Tepa sochi tikka boʻlgan Tayson raqibiga tashlanadi va uni “miriqib” doʻpposlaydi. Yosh bezorilar unga qoyil qoladi va uni oʻz saflariga qoʻshib oladi. Sayoq yurishga oʻrgangan Mayk koʻp bora “tayoq yeydi: bir necha bor axloq tuzatish maskanlariga tushadi. Ana shunday axloq uylaridan birida bolalarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish niyatida kelgan mashhur bokschi Muhammad Ali bilan uchrashadi. Bokchi boʻlish fikri unda ayni oʻsha uchrashuvdan soʻng paydo boʻladi.
Ustoz bilan tanishuv
Mayk bezoriligi sabab oʻn uch yoshida Nyu York shimolidagi maxsus maktabga joʻnatiladi. Unga axloqi tuzalmaydi, odam boʻlmaydi deb qarashardi. Jismonan juda chayirligi sabab urish-janjal payti bir necha erkak zoʻrgʻa eplardi. Tayson joʻnatilgan maxsus maktabda sobiq bokschi Bobbi Styuart jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi boʻlib ishlardi. Maxsus maktabda ham hunar koʻrsatgan Tayson bir kishilik jazo xonasiga joylashtiriladi. Shunda u Bobbi Styuart bilan koʻrishmoqchi ekanini aytib, qattiq turib oladi. Ilojsiz uning talabini sobiq sportchiga yetkazadilar. Oʻqituvchi kelgach, “mashhur bezori” bokschi boʻlmoqchiligini soʻzlaydi. Styuart Mayk bilan shugʻullanishga rozilik beradi va tartib-qoidani buzmaslikni asosiy shart qilib qoʻyadi. Shundan soʻng Taysonning xulqi yaxshi tomonga oʻzgaradi. Biroz vaqt oʻtgach Styuart yana bir shart qoʻyadi: Mayk maktabda qancha yaxshi oʻqisa, murabbiy u bilan shuncha koʻp shugʻullanadigan boʻladi. Ana shu tadbir tufayli yosh bokschining oʻqishlari ham oʻnglanadi.
Mayk Tayson oʻn uch yoshidayoq yuz kilogramli shtangani yotgancha dast koʻtara olardi. Bir safar mashgʻulot paytida murabbiy qoʻliga taqadigan qalqonga urib ustozining oyogʻini yerdan uzib yuboradi. Shogirdidagi favqulodda qobiliyatni koʻrgan Styuart endi unga yanada tajribali, usta tarbiyachi kerakligini his etadi va afsonaviy murabbiy va homiy Kas D’Amato bilan tanishtiradi. Mashhur ustoz Taysonda yangi chempionni koʻradi, uning atrofida professional jamoa tashkil etadi. Murabbiylar, yordamchilar, uqalovchilar va boshqalardan iborat guruh yangi bokschining kamol topishi uchun xizmat qiladi. Shunday qilib, koʻcha bezorisi chinakam sportchiga aylanadi.
Tezkor gʻalabalar
Mayk professionallar ishtirokidagi juda koʻp janglarni tomosha qiladi va oʻziga oʻsha vaqtlar uchun yangilik boʻlgan, hech kimnikiga oʻxshamagan imij-qiyofa tanlaydi: u ringga musiqasiz, yopinchiqsiz, oddiy kalta ishton va koʻylakda, yalangoyoq chiqar edi.
Mayk Tayson professional ringdagi ilk jangini 1985-yil 5-martda Gektor Mersedesga qarshi oʻtkazadi. Shu yilning oʻzida u oʻn beshta jangda qatnashadi va barchasida nokaut bilan gʻalaba qozonadi. 1986-yil 26-iyulda mashhur ogʻir vaznli bokschi Jo Freyzerning oʻgʻli Marvis Freyzer bilan jang olib boradi va oʻttiz soniyodayoq raqibini qulatadi. Bu Tayson faoliyatidagi eng tezkor nokaut edi. 1986-yil 22-noyabrda WBC yoʻnalishi chempionlik kamari uchun Trevor Berbikka qarshi jang oʻtkazadi va ikkinchi raunddayoq texnik nokaut bilan zafar quchadi. 1987-yil 7-martda Jeyms Smitga qarshi jang oʻtkazib, superogʻir vaznda WBA yoʻnalishi chempionligini ham oʻziniki qilib oladi. Shu yilning 1-avgustida esa Toni Takkerni yengib, ogʻir vaznda IBF yoʻnalishi chempionlik kamarini ham qoʻlga kiritadi va dunyoning mutloq chempioniga aylanadi.
Omadsizlik bilan yuzma-yuz
Ustozi Kas D’Amato 1985-yil 4-noyabrda 77 yoshida olamdan oʻtadi. Bu yoʻqotish Taysonga qattiq zarba boʻladi. Chinakam ustozi va yaqinidan judo boʻlgach
ogʻir ruhiy holatga tushadi. Bu narsa uning keyingi faoliyatiga asta-sekin taʼsirini oʻtkazadi.
1990-yil 11-fevralda Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Jeyms Daglasga qarshi ringga koʻtariladi. Sakkizinchi ruandning oxirida Tayson raqibini yerga qulatadi. Daglas oʻn soniyadan oshiqroq turolmay yotadi, biroq hakam sekin sanab vaqtni choʻzadi. Oʻngacha sanalgach Daglas oʻrnidan turadi va jangni davom ettirishga ruxsat oladi. Bir soniyadan soʻng bong urilib, ring tugagani bildiriladi. Oʻninchi raund oʻrtalarida Tayson nokautga uchraydi, biroq oʻngacha sanalguncha turolmaydi. Shunday qilib, Mayk barcha kamarlaridan ayriladi. Jangdan soʻng uning homiysi Dong King hakam Daglas yiqilganida oʻta sekin sanaganini, nokautni nokdaun deb hisoblaganini aytadi. Biroq endi bu gaplar jang natijasiga taʼsir qila olmasdi.
Boks bilan xayrlashuv
Shundan soʻng Tayson bir qancha janglar oʻtkazdi, 1996-yili WBC va WBA yoʻnalishlarida chempionlikni qayta tikladi ham. Biroq mutloq chempionlikka qayta erisha olmadi. Bir necha bor magʻlubiyatga uchradi. 2005-yil 11-iyunda koʻzga koʻrinmagan bokschilardan biri Kevin Makbraytga qarshi jangda magʻlub boʻlgach, faoliyatini yakunlaganini maʼlum qildi. U oʻzini ham, boksni ham sharmanda qilishni istamasligini taʼkidlab, boks u uchun allaqachon – Daglas bilan boʻlgan jangdan keyin tugagani aytdi.
“Temir Mayk” butun faoliyati davomida 58 ta jang oʻtkazdi, ularning 50 tasida (44 tasida nokaut bilan) gʻalaba qozondi, 6 tasida magʻlubiyatga uchradi, ikkita jangi oʻtkazilmagan deb hisoblandi.
Qiziqarli maʼlumotlar
- Musulmonlikni qabul qilgach, ismini Malik Abdulaziz deb oʻzgartirgan.
- Vegetarianlikka oʻtgan, et yemaydi, faqat sabzavot va sutli ovqatlarni istemol qiladi.
- Qirqdan ortiq film va serialda kichik rollarni ijro etgan. Barchasida oʻzini oʻynagan.
- Oʻzi haqidagi “Tayson” filmi (1995) ssenariysini yozishda qatnashgan, “Shuhratning narigi tomoni” (2003) va “Mayk Tayson” (2009) hujjatli filmlarida suratga tushgan.
- Taxalluslari: Temir Mayk, Kid-Dinamit, Sayyoradagi eng qaysar odam.
- Shu kungacha hech kim erishmagan bir nechta rekordlar egasi:
- Ogʻir vaznda eng yosh jahon chempioni (20 yoshida shohsupaga koʻtarilgan).
- Ogʻir vaznda eng yosh mutloq jahon chempioni (21 yoshida erishgan).
- Ogʻir vaznda ringga qadam qoʻyganidan boshlab jahon chempionligigacha va mutloq chempionlikkacha eng kam vaqt sarflagan bokschi. Jahon chempioni boʻlishi uchun bir yilu sakkiz yarim oy, mutloq chempionlikka ikki yilu besh oy ketgan.
- Oʻn toʻqqiz nafar raqibini oltinchi raundgacha, oʻn uchtasini birinchi raunddayoq nokautga uchratgan.
- Sakkiz nafar farzandning otasi.
Orifjon Madvaliyev
(“Gulxan” jurnali, 2012-yil)
2012