Turnalar
Rasul Hamzatov
Xayolimga keladi goho:
Jangda oʻlgan askarlar tuproq
Qatlariga singmagan aslo,
Turnalarga aylangan – oppoq.
Oʻsha olis yillardan beri
Tinmay uchar va yoʻllagay sas.
Balki shundan koʻkka termilib,
Gʻamga botib yutarmiz nafas.
Oqshom koʻrdim: tuman oralab
Ketar edi turna galasi.
Askarlarday borardi saf-saf,
Osmon goʻyo – urush dalasi.
Ular uchar, yoʻllari olis,
Kimlarnidir chorlab oʻtadi.
Nimagadir turna ovozi
Avarchaga oʻxshab ketadi.
Uchar, uchar bu horgʻin qoʻshin
Tuman ora tunga roʻbaroʻ.
Saf ichida boʻshdir bir oʻrin,
Balki menga atalgandir u.
Kun keladi, turnalar bilan
Tumanlarda suzarman men ham.
Osmonlarda qushlarday nolon
Chaqiraman doʻstlarni u dam.
Rus tilidan
Orif Tolib
tarjimasi
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.