Ora yoki oro

Ora yoki oro

Badiiy matnlarda koʻzga tez-tez tashlanadigan xatolardan biri jon(i)ga ora kirmoq iborasini qoʻllash bilan bogʻliq.

 

Ora – ikki narsa yoki nuqta oʻrtasidagi masofa.

Oro – zeb, ziynat, pardoz, oroyish; chiroy.

 

Oʻzaro munozara qilayotgan, tortishayotgan yoki urishayotgan kishilar orasidagi ixtilofni bartaraf qilishga urinish oraga tushish yoki oraga kirish deyiladi.

Joniga ora kirmoq degani soʻzma-soʻz tushuntirilsa, muammo va jon orasiga tushmoq, jonni muammodan xalos etmoqdir.

Izohli lugʻatga koʻra ibora ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

 

1) halokatdan yoki biror koʻngilsiz voqeadan, tang holatdan saqlab qolmoq.

Bular jonlarini fido qilib, minglarcha kishilarning joniga ora kirdilar.

A. Qahhor, Oltin yulduz;

 

2) qiyin, mushkul ahvoldan qutqazmoq, ogʻir paytda yordamga kelmoq, yordam qilmoq.

Shunday doʻppi tor kelgan paytda Azim boyvachcha Xolxoʻjaning joniga ora kirdi.

S. Ahmad, Hukm.

 

❗️ Joniga oro kirmoq joniga bezak
kirmoq, joniga chiroy kirmoq, joniga pardoz kirmoq
kabi mantiqsiz maʼnolarni hosil qiladi. Demak, iborani bu shaklda qoʻllash xato.

 

Qiz oyna oldida oʻziga oro berib oʻtirardi.

Bogʻlariga oro berar bogʻbonlari.

 

Yuqoridagi ikki jumlada oro soʻzi zeb bermoq, pardozlamoq maʼnosida toʻgʻri qoʻllangan.

 

? Xullas:

Jonga ora kirmoq, joniga ora kirmoq ✅

Jonga oro kirmoq, joniga oro kirmoq ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.