Turon qayer, Turkiston-chi? Markaziy Osiyomi yo Oʻrta Osiyo: geografik atamalar maʼnosini bilasizmi?

Turon qayer, Turkiston-chi? Markaziy Osiyomi yo Oʻrta Osiyo: geografik atamalar maʼnosini bilasizmi?

Kitoblar, ommaviy axborot vositalari, turli maʼlumot manbalarida uchraydigan joy nomlari baʼzan bizni chalgʻitadi, ikkilantirib qoʻyadi. Masalan, Markaziy Osiyomi yoki Oʻrta Osiyo? Qay birini ishlatish kerak? Ularning farqi nimada? “Daryo” kolumnisti Orif Tolib ushbu maqolasida shu kabi joy nomlariga eʼtibor qaratadi.

 

Old Osiyo qayer, Kichik Osiyo-chi?

Turli kitoblar va oʻquv qoʻllanmalarida bu ikki atamaga koʻzingiz tushgandir. Old Osiyo deganda Osiyo qitʼasining gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi, yaʼni Gʻarbiy Osiyo tushuniladi. Bu mintaqaga tabiiy jihatdan Kichik Osiyo, Arabiston, Sinay yarimorollari hamda ularga yondosh orol va hududlar kiritiladi.

Old Osiyo atamasi oʻzbekchaga ruschadan oʻgirilgan. Rus tiliga esa nemischa Vorderasien atamasining tarjimasi sifatida oʻzlashgan. Zamonaviy adabiyotlarda koʻproq Gʻarbiy Osiyo atamasi ishlatiladi.

Gʻarbiy Osiyoda BMTga aʼzo 20 mamlakat toʻliq yoki qisman joylashgan, ularning 13 tasi arab davlati. Mintaqaning aholi soni boʻyicha yirik davlatlari: Eron, Turkiya, Iroq, Saudiya Arabistoni va Yaman.

Kichik Osiyo esa zamonaviy Turkiyaning asosiy qismini tashkil etadigan mintaqadir. Shu nomdagi yarimorol Qora, Marmar, Egey va Oʻrta dengizlar hamda ularni birlashtirib turgan boʻgʻozlar bilan chegaralangan. Kichik Osiyoning boshqa bir nomi – Onadoʻli. Turklar Anadolu deb ataydilar.

Kichik Osiyo yoki Onadoʻli bugun Turkiyaning Osiyo qismini anglatadi.

 

Yaqin Sharq va Oʻrta Sharq: farqi nimada?

Yaqin Sharq va Oʻrta Sharq atamalari turli davrlarda turlicha hududlarni anglatgan.

Oʻrta Sharq atamasini ilk bor 1850-yillarda Hindistondagi Britaniya maʼmuriyati qoʻllagan. 1902-yili amerikalik olim Alfred Mahan bu atamani “Arabiston va Hindiston oʻrtasidagi hudud” maʼnosida ishlatadi va uning ommalashishiga zamin yaratadi.

Yaqin Sharq atamasi ham inglizchada XIX asrda paydo boʻlgan. Gʻarb tadqiqotchilari Sharqni uch qismga boʻlgan: Yaqin, Oʻrta va Uzoq Sharq. Yaqin Sharq Usmonlilar sultonligi va Bolqonni, Oʻrta Sharq esa Fors koʻrfazi va Janubi-sharqiy Osiyo oʻrtasidagi hududni qamragan. Uzoq Sharq atamasi Tinch okeanga tutash Osiyo mamlakatlari uchun ishlatilgan.

Ikkinchi jahon urushi arafasida buyuk britaniyalik harbiylar Oʻrta Sharq atamasini Yaqin va Oʻrta Sharqning birgalikdagi hududi uchun qoʻllay boshladi. Keyinchalik bu ommalashdi.

Usmonli sultonligi qulagach, ingliz tilida Yaqin Sharq birikmasi deyarli qoʻllanmay qoʻydi, Oʻrta Sharq esa hududdagi musulmon oʻlkalarni ifodalash uchun ishlatila boshladi.

Undan keyingi davrlarda bu ikki atama turlicha hududlarni bildirdi va chalkashliklarga sabab boʻldi.

Oʻzbek tilida asosan Yaqin Sharq atamasi qoʻllanib keldi. Bunga esa sobiq Ittifoq davridagi asosiy muloqot tili – rus tilining tutumi sabab boʻldi. Chunki ruschada asosan Blijniy Vostok – Yaqin Sharq atamasi ishlatilgan. Bunda Osiyoning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy, Afrikaning shimoli-sharqiy qismidagi hududlar tushunilgan. Rus va oʻzbek tillarida ham Oʻrta Sharq birikmasi qoʻllangan oʻrinlar bor, lekin juda kam. Baʼzan Yaqin va Oʻrta Sharq shaklidagi variant ham uchrab qoladi.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, Oʻrta Sharq – Janubi-gʻarbiy Osiyoning Pokiston va Turkiya oraligʻidagi qismining shartli nomi.

Bugun ingliz tilida Yaqin Sharq va Oʻrta Sharq atamalari sinonim sifatida ishlatiladi.

Atamalar ikkixilligi boshqa tillarda ham kuzatiladi. Olmon tilida har ikki atama qoʻllanadi, Oʻrta Sharq koʻproq inglizchadan tarjima qilingan matnlarda uchraydi. Bolgar, polyak, xorvat kabi slavyan tillarida asosan Yaqin Sharq, fransuz, shved, ispan, yunon va italyan kabi Yevropa tillarida esa Oʻrta Sharq koʻproq ishlatiladi. Mintaqadagi mamlakatlar tillarida, jumladan, arab, fors, turk va ibroniy kabi tillarda ham Oʻrta Sharq atamasi afzal koʻriladi.

Eʼtiborli jihati: Yaqin Sharq atamasini ham, Oʻrta Sharq atamasini ham yevropaliklar isteʼmolga kiritgan va bunda mintaqaning Yevropaga nisbatan joylashuvini nazarda tutgan.

 

Bolqon va Fors koʻrfazi mamlakatlari

Siyosiy xabarlarni oʻqigan-eshitganda bu soʻzlarga duch kelgan boʻlsangiz kerak. Xoʻsh, ular aynan qaysi hududlarni bildiradi?

Bolqon davlatlari deganda Bolqon yarimorolidagi mamlakatlar tushuniladi. Bolqon yarimoroli Janubi-sharqiy Yevropada. Asosan togʻli hududlardan iborat. Bolqon yarimorolida Albaniya, Bosniya va Gersegovina, Bolgariya, Gretsiya, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya kabi davlatlar joylashgan. Serbiya, Sloveniya, Turkiya, Xorvatiya, Ruminiya kabi mamlakatlar esa Bolqon yarimorolidan qisman yer olgan. Baʼzan Ruminiya toʻliq shaklda Bolqon yarimoroli tarkibida deb talqin qilinadi.

Fors koʻrfazi yoki Fors qoʻltigʻi – Hind okeanida joylashgan, Eron va Saudiya Arabistoni qirgʻoqlari orasidagi koʻrfazdir. Ummon, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn, Kuvayt, Iroq va Eron koʻrfazning qirgʻoqboʻyi mamlakatlaridir.

Qoʻltiq dunyoning juda koʻp tillarida Fors koʻrfazi deb yuritiladi. Arab mamlakatlari uni Arab koʻrfazi deb ataydi, bu nom boshqa tillarga ham koʻchib oʻtgan. Turklar esa unga Basra koʻrfazi deb nom berganlar.

 

Turon va Turkiston

Turon atamasi turli manbalarda turlicha talqin qilingan. Milliy ensiklopediyaga koʻra, tur elati dastlab “Avesto”da tilga olingan. Keyinchalik turlar Markaziy Osiyo dasht va togʻ yerlarida yashovchi chorvador aholi deb tushunilgan. Baʼzi olimlar bu atama sak-massagetlarning dastlabki nomi deb hisoblagan. Sak va massagetlarga oid tarixiy yodgorliklar turli hududlardan topilgani inobatga olinsa, Turon atamasi Oʻrta Osiyodan kengroq hududni anglatadi.

Baʼzi tarixchi va oʻlkashunoslar Turon turklar, turkiy qabilalarning yurti degan maʼnoni bildirganini, keyinchalik Turkiston tushunchasiga aylanganini taʼkidlaydi.

Ayrim tadqiqotchilar fikricha, 565-yili Soʻgʻdni Turk xoqonligi egallagach, turlar yurti maʼnosidagi Turon turklar yurti Turkiston maʼnosida qoʻllana boshlagan.

Markaziy Osiyoni ifodalovchi Turkiston atamasi VI–VII asr yozma manbalarida aks etgan.

Turon va Turkiston atamalari oʻrta asr adabiyotlarida birday ishlatilavergan.

Amir Temurning “Bizkim, maliki Turon, amiri Turkistonmiz! Bizkim, millatlarning eng qadimi va ulugʻi – turkning bosh boʻgʻinimiz!” degan soʻzlari mashhur.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, XIX asr oʻrtalaridagi Turkistonni shartli uch qismga boʻlish mumkin:

Gʻarbiy Turkiston – hozirgi Qozogʻistonning janubiy qismi, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston hududlari. Sharqiy Turkiston – Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni. Afgʻon Turkistoni – Afgʻonistonning shimoliy qismi.

Rossiya imperiyasi Gʻarbiy Turkiston hududini bosib olgach, uning oʻrnida Turkiston general-gubernatorligini tuzadi. Tarixchi Shamsiddin Kamoliddinning yozishicha, keyinchalik hokimiyatni egallagan bolsheviklar mustaqil Turkistonni qayta tiklash gʻoyasi tugʻilishidan xavfsirab 1924–1925-yillarda shoshilinch suratda “Turkiston xalqlarining milliy-davlat chegaralanishi” deb atalmish tadbirni oʻtkazgan. Natijada oʻsha paytda siyosiy ahamiyat kasb etgan Turkiston atamasi sunʼiy ravishda isteʼmoldan chiqarilib, oʻrniga rasman Oʻrta Osiyo geografik atamasi joriy qilingan.

Chindan ham, yagona Turkiston jadidlar harakatining gʻoyalaridan edi, Turkiston muxtoriyatining tuzilishi ana shu gʻoya yoʻlidagi katta bir qadam boʻlgan. Sovetlar muxtoriyat bilan birga milliy davlatchilik gʻoyalariga ham zarba bergan.

 

Oʻrta Osiyomi yoki Markaziy Osiyo?

Turli adabiyotlarda, ommaviy axborot vositalarida bu ikki atamaga tez-tez duch kelamiz. Xoʻsh, ularning oʻxshash va farqli jihatlari nimada? Oʻrta Osiyo atamasi nega kam qoʻllanyapti?

Manbalarga koʻra, Oʻrta Osiyo va Markaziy Osiyo atamalari zamonaviy geografiya fani asoschilaridan biri, nemis geografi Fridrix Humbolt asarlari taʼsirida yuzaga kelgan.

Oʻrta Osiyo atamasining ommalashishiga sovet hokimiyati oʻtkazgan milliy-hududiy chegaralanish turtki berdi. Oʻrta Osiyo iqtisodiy rayoni tuzilib, unga Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozogʻistonning janubiy hududlari kiritildi. Qozogʻiston alohida iqtisodiy rayon sanalgani bois Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston birikmasi keng qoʻllandi. Shunday qilib, Oʻrta Osiyo deyilganda mintaqadagi toʻrt mamlakat tushuniladigan boʻldi.

Markaziy Osiyo atamasi turli yondashuvlarga koʻra turlicha hududlarni anglatadi. Masalan, UNESCO talqiniga koʻra, Mongoliya, shimoli-gʻarbiy Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Rossiyaning Osiyo qismidagi sharqiy hududlar, Afgʻoniston, Hindistonning shimoli-gʻarbi, Pokistonning sharqiy qismlari, Eronning shimoli-sharqiy qismlari Markaziy Osiyoni tashkil etadi.

Mashhur “Britannica” ensiklopediyasi esa Oʻrta Osiyo va Markaziy Osiyo atamalarini bir xil maʼnoda sharhlaydi: ularni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Tojikistondan iborat hudud hisoblaydi.

1992-yili Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston atamasi oʻrniga Markaziy Osiyo atamasini ishlatishni ilgari suradi. Chunki bu atamada beshala respublika ham ifodalanar edi. 1993-yili Toshkentda oʻtgan sammitda ushbu taklif maʼqullanadi. Shundan buyon Markaziy Osiyo atamasi keng qoʻllana boshlaydi. Hozir ommaviy axborot vositalarida, siyosatchilar nutqlarida, xalqaro mintaqashunoslikda Markaziy Osiyo besh mamlakatni ifodalash uchun ishlatiladi. Geografiya ilmida esa xuddi UNESCO talqini kabi kengroq hudud nazarda tutiladi.

Chalkashlikning oldini olish uchun tadqiqotchilar keng maʼnodagi Markaziy Osiyo atamasi oʻrnida Ichki Osiyo (Inner Asia) atamasini qoʻllashni taklif qilyapti. Ammo bu atamaning ham turli talqinlari bor.

 

Kavkazorti qayerda?

Kitob va qoʻllanmalarda Kavkazorti, Kavkazorti mamlakatlari kabi iboralarga koʻzingiz tushgandir.

Kavkaz Yevropa va Osiyo qitʼalari chegarasidagi mintaqadir. Kavkazorti esa Kavkazning Katta Kavkaz tizmasidan janubdagi qismi. Bu hududda Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya joylashgan. Kavkazorti mamlakatlari deganda ayni shu davlatlar tushuniladi.

Kavkazorti toponimi oʻrnida Janubiy Kavkaz, Transkavkaziya kabi atamalar ham ishlatiladi.

 

👉 https://daryo.uz/k/2025/01/13/turon-qayer-turkiston-chi-geografik-atamalar-manosini-bilasizmi

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.