Nega olimlar fan doktori deyiladi, axir ular shifokor emas-ku – “doktor” soʻzining qiziq kechmishi
Nega ilmiy ish qilganlar fan doktori deyiladi? Ularning shifokorlarga nima aloqasi bor? Nega falsafa doktori degan ilmiy daraja beriladi? Tadqiqotchilar faylasuf emas-ku? “Daryo” kolumnisti Orif Tolib “Tilimizni bilamizmi?” ruknida “doktor” soʻzining qiziqarli tarixi haqida soʻz yuritadi.
Doktor aslida kim?
Oʻquvchilik yillarimda fan doktori degan iboradan hayron boʻlardim, nega bunday atashadi, axir u hech kimni davolamaydi-ku? Lekin oʻsha paytlarda bu savolga javob topa olmaganman.
Xoʻsh, nega doktor deyiladi? “Ilmni davolaydi-da, unga yangi qon quyadi” deya majoz ishlatib, javob berish mumkin. Biroq bu shunchaki oʻxshatish, soʻz oʻyini xolos.
Bu soʻzning etimologiyasiga kirib borsangiz, aslida shifokorlar doktor degan nomni “egallab olgani”, asl doktorlar – ilm odamlari, professorlar ekani oydinlashadi. Doktor soʻzining ildizi lotincha docere – oʻqitmoq soʻziga borib taqaladi, doktor ustoz, taʼlim beruvchi deganidir.
XIV asrda Yevropa universitetlarida ilmiy daraja olgan kishilargina doktor deb atalgan. Doktorlik darajasi universitetlarda dars oʻtish imkonini bergan.
Ingliz tilida doktor soʻzi uzoq zamonlar ilmiy darajali kishini anglatgan, davolovchi mutaxassis maʼnosi esa ikkilamchi boʻlgan. XVIII asrdan boshlab shifokorlarga nisbatan doktor atamasi kengroq ishlatila boshlagan. Ammo bu bejiz emas – shifokorlar ham oʻz sohasida doktorlik darajasiga ega boʻlgan. Doktor deb atash shifokorga nisbatan hurmatni ifodalagan, uning ilm egasi ekanini urgʻulagan.
Bu soʻz rus tiliga XIV–XV asrlarda oʻzlashgan va olimni bildirgan. Tibbiyot xodimi maʼnosida esa XIX asrdan qoʻllana boshlagan. Oʻzbek tiliga rus tili orqali kirib kelgan.
Dunyoning juda koʻp tillarida doktor soʻzi tovush oʻzgarishlari bilan ishlatiladi va tibbiyot xodimini anglatadi. Falsafa doktori, fan doktori kabi iboralar ham jahonning turli tillaridan yer olgan.
Nega faylasuf boʻlmaganlar ham falsafa doktori boʻladi?
Falsafa doktori Yevropaning koʻpchilik davlatlari, AQSH va boshqa mamlakatlarda beriladigan ilmiy darajadir. Oʻzbekistonda ham oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimning ikki pogʻonali tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Dissertatsiya yoqlagan tadqiqotchilar falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega boʻladi.
Xoʻsh, nega fanning boshqa yoʻnalishlarida, deylik, matematika, fizika, geografiya yoki pedagogika boʻyicha ilmiy ish qilgan kishilar ham falsafa doktori boʻladi? Ular falsafa bilan shugʻullanmaydi yoki ilmiy ishida falsafiy qarashlarni bayon etmaydi-ku?
Hammasi tarixga borib taqaladi. Oʻrta asr Yevropa universitetlarida uch xil yoʻnalishda – ilohiyot, huquq va tibbiyot boʻyicha taʼlim berilgan, ilmiy faoliyat olib borilgan. Vaqtlar oʻtishi bilan ilohiyot boʻyicha doktorlik darajasini olish kamaygan, huquq va tibbiyot yoʻnalishidagi ilmiy izlanishlar koʻpaygan. Bu sohalar tarixan falsafa deb atalgan. Ana shu holat falsafa doktori atamasida oʻz izlarini qoldirgan.
Dastlab universitetlar falsafa doktori darajasini ilmiy sohada muntazam va samarali faoliyat yuritib, tengdoshlarining eʼtiborini qozongan
kishilarga bergan. Odatda bunday darajaga oʻrta yoshli kishilar erishgan.
“Doktor” va “dotsent” qarindoshmi?
Doktor soʻzining ildizi lotinchaga borib taqalishini aytdik. Lotincha doceō – oʻqitaman, oʻrgataman soʻzi docere feʼlidan, u esa qadimgi (proto) hind-yevropa tilidagi dek – olmoq, qabul qilmoq oʻzagidan oʻsib chiqqan. Bu oʻzakdan hosil boʻlgan soʻzlar oʻzbek tilida ham anchagina.
Dotsent, doktrina, dokument, dogma kabi iboralar doktor soʻzining yaqin qarindoshlaridir. Dotsent ham doktor kabi docere feʼlidan yasalgan. Lotincha docens (docentis) oʻqituvchi, taʼlim beruvchi demakdir.
Doktrina lotincha doctrina soʻzidan, u esa lotincha doctor – oʻqituvchi, ustoz soʻzidan hosil boʻlgan. Doktor esa docere feʼlidan yasalganini bilamiz. Doktrina oʻzbekchada ilmiy yoki falsafiy taʼlimotni, asosiy nazariy yoki siyosiy nuqtai nazarni ifodalaydi.
Qadimgi hind-yevropa tilidagi dek oʻzagidan hosil boʻlgan dekan, dekada, dekabr, daha, detsimetr, detsibel, dekorativ, paradoks, sinekdoxa kabi atamalar esa doktor soʻzining uzoq qarindoshlaridir.
Fan doktori va doktorant: farqi nimada?
Bu soʻzlarning farqi juda oddiy: falsafa doktori yoki fan doktori – dissertatsiya yoqlab, ilmiy unvonga ega boʻlgan tadqiqotchi. Tayanch doktorant yoki doktorant esa doktorlik dissertatsiyasini yozish uchun biror ilmiy muassasada tadqiqot olib borayotgan mutaxassisdir.
Bu xuddi magistr va magistrantning farqiga oʻxshaydi: magistrant – hali taʼlim olayotgan, dissertatsiya yoqlamagan talaba. U dissertatsiyasini yoqlab boʻlgach, magistrga aylanadi.
Diplomant – oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurtini bitirish diplomi ustida ishlayotgan talaba. Bu soʻzni magistrant yoki doktorantlarga nisbatan ishlatib boʻlmaydi, chunki ular diplom ishi yozmaydi, dissertatsiya yozadi va uni yoqlaydi.
“Doktor”ning oʻzbekchasi bormi?
Doktor soʻzining gʻirt oʻzbekcha varianti bor – emchi. Afsuski, tilimizda ming yildan beri yashab kelgan bu soʻz hozir foydalanishdan deyarli chiqib ketdi. U oldin faol qoʻllanganini “Ogʻriq koʻpaysa, emchi koʻpayar”, “Ogʻriqning tuzalgisi kelsa, emchi oʻz oyogʻi bilan kelar” kabi maqollardan ham bilsa boʻladi. Bugun em oʻzagidan yasalgan emdori, emlama kabi soʻzlarni ham ishlatmaymiz hisob.
Izohli lugʻat emchi soʻzini emlovchi tabib, vrach, hamshira deya izohlagan. Hech qursa, hamshira oʻrnida shu soʻzdan foydalanish mumkin. Hamshira forschadan oʻzlashgan, asliyatda birga sut emishgan degani, opa yoki singilni anglatadi. Biz bu soʻzni shifoxonada ishlovchi, oʻrta tibbiyot maʼlumotiga ega boʻlgan xodimni ifodalash uchun ishlatamiz. Lekin uni erkak kishiga nisbatan qoʻllab boʻlmaydi. Ilojsiz hamshir degan soʻz yasaladi. Tagini surishtirsangiz, oʻzbekchada bunday soʻz yoʻq. Hatto asliyatda – forschada ham yoʻq. Menimcha, ruscha medbrat oʻrnida emchi soʻzini bemalol qoʻllash mumkin.
Oʻzbekchada doktor soʻzi oʻrnida qadimda hakim, tabib atamalari ishlatilgan. Qiziq tomoni, arabcha hakimning kechmishi doktorga oʻxshash, u ham asliyatda bilimli kishi, tabib, faylasuf kabi maʼnolarga ega. Odatda oʻtkir tabiblar hakim deb atalgan. Podshohlarni davolovchi mutaxassislar ham hakimlar boʻlgan.
Tabib soʻzi eski tilimizda shifokorni anglatgan, ammo hozir tibbiy oʻquv yurtida oʻqimagan, bemorlarni anʼanalar va hayotiy tajriba yordamida davolovchi kishiga nisbatan qoʻllanadi. “Devonu lugʻatit turk”da tabibning oʻzbekcha variantlari bor – oʻtachi, atasagʻun.
Vrach esa ruschadan oʻzlashgan. Uning tarixi ancha qiziq. Mutaxassislar bu soʻzni vrat – gapirmoq, aldamoq, avramoq feʼliga bogʻlaydi. Qadimda bu soʻzda hozirgiday salbiy maʼno boʻyogʻi boʻlmagan. Vrach kuf-suflar, afsunlar bilan kasallikni haydovchi, avroqchi maʼnosini ifodalagan. Keyinchalik uning mazmuni oʻzgargan va oliy maʼlumotli tibbiyot xodimini anglata boshlagan. Oʻzbek tiliga shu mazmuni bilan oʻtgan.
Arabcha va forscha soʻzlar qorishmasidan hosil boʻlgan shifokor esa nisbatan yangi oʻzlashmalardan, u hozirgi tilimizda umuman davolovchi maʼnosida ham, doktor va vrach maʼnosida ham ishlatiladi.
“Daryo” nashrida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.