Urugvay Respublikasi

Urugvay Respublikasi

Maydoni: 176 215 kv.km.

Aholisi: 3 324 000dan ortiq.

Poytaxti: Montevideo shahri.

Boshqaruv shakli: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 19 ta departamentga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Montevideo, Maldonado, Kanelones, Salto, Koloniyadel Sakramento.

Pul birligi: urugvay pesosi.

 

Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Janubiy Amerikaning janubi-sharqiy qismida joylashgan. Shimolda Braziliya, gʻarbda Argentina bilan chegaradosh. Sharqiy va janubiy hududlari Atlantika ummoni suvlari bilan tutashgan.

Adirliklar janubga tomon pasttekisliklarga aylanib boradi. Mamlakat sohillari pasttekisliklar, tekisliklar va qoʻltiq shaklidagi yerlardan iborat. Oʻlkaning eng baland nuqtasi Katedral togʻida – 514 metr.

Iqlimi – subtropik, ummonga xos. Yanvarda oʻrtacha harorati 22 – 24 daraja, iyulda esa 8 – 9 daraja atrofida boʻladi. “Pampero” deb ataluvchi janub shamollari esgan davrda harorat kechasi 5 darajagacha sovishi, qirov tushishi mumkin.

Yogʻingarchilik kuzda koʻp boʻladi. Bu paytda janubga 1000 mm. gacha, shimolga va baland joylarga 1200 mm. gacha yogʻin yogʻadi.

Tarixiy sanalari. Hozirgi Urugvay hududini ispanlar bosib olguniga qadar bu yerda hindularning charrua qabilasi yashagan. XVI asrdan ispanlar istilosi boshlangan.

Mamlakat 1825-yil 25-avgustda mustaqillikni qoʻlga kiritdi.

Urugvay Birinchi jahon urushida betaraflik eʼlon qildi. 1933-yili oʻng kuchlar mamlakatda toʻntarish uyushtirib, diktatura
oʻrnatdi. Ikkinchi jahon urushi yillari Urugvay “oʻq” pakti davlatlari – Germaniya, Yaponiya va Italiya bilan aloqasini uzdi. 1951-yili konstitutsiyani isloh qilish boʻyicha oʻtkazilgan referendum natijasida davlat idora usuli oʻzgardi: Milliy hukumat kengashi davlat boshligʻi vazifasini bajara boshladi. 1966-yili konstitutsiya islohoti yakunida yana prezident lavozimi tiklandi.

Urugvay 1945-yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Oʻzbekiston mustaqilligini 1991-yil 26-dekabrda tan olgan. Milliy bayrami – 25-avgust – Mustaqillik eʼlon qilingan kun.

Iqtisodi. Urugvay Lotin Amerikasining iqtisodiy rivojlangan mamlakatlaridan biri. Iqtisodiyoti asosan qishloq xoʻjaligi va baliqchilik mahsulotlarini sotishga yoʻnaltirilgan. Aholining 9 foizi qishloq xoʻjaligida, 15 foizi sanoatda, 76 foizi xizmatlar sohasida band. Korxonalarning 75 foizga yaqini poytaxt Montevideoda faoliyat yuritadi.

Sotuv hajmi 2008-yilda 7,1 milliard dollarni tashkil etgan. Asosan goʻsht, guruch, teri, jun, baliq, holva va mevalar sotadi. Asosiy xaridorlari – Braziliya (18,7 foiz), Xitoy (8,5), Argentina (7,3), Germaniya (6,5), Meksika (4,9), Niderlandiya (4,5) va Rossiya (4,4).

Xarid hajmi 2008-yili 8,8 milliard dollarni tashkil etgan. Asosan neft va neft mahsulotlari, ishlab chiqarish uskunalari, kimyo mahsulotlari, avtomobil, qogʻoz va plastmassa sotib oladi. Asosiy tovar yetkazib beruvchilari – Argentina (19,6 foiz), Braziliya (17,9), Xitoy (11), AQSH (9,7), Paragvay (6,5) va Nigeriya (4,5).

Qishloq xoʻjalik yerlari mamlakat hududining oʻndan toʻqqiz qismini egallagan. Undan 14 million gektari yaylovlardir. Eksportga moʻljallangan chorvachilik tizimi taraqqiy etgan. Zotdor shoxli qoramol va qoʻy boqiladi. Asosan bugʻdoy, sholi, shakarqamish, makkajoʻxori, zigʻir va kungaboqar yetishtiriladi.

Aholisining 92 foizi shaharlarda yashaydi.

Rasmiy tili – ispan tili. Braziliya bilan chegaradosh hududlarda ispan va portugal tillari aralashuvidan hosil boʻlgan mahalliy tilda soʻzlashiladi.

Dini. Aholining 47,1 foizi katoliklardan iborat. Boshqa yoʻnalishdagi nasroniylar 11,1 foizni tashkil etadi. Boshqa din vakillari 23 foiz.

Mamlakatda musulmonlar kam. 300 – 400 kishi atrofida. Poytaxtda toʻrtta islomiy markaz ishlab turibdi. Hozircha masjidlar yoʻq.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 

“Hidoyat” jurnalining 2015-yil 3-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube