“Ustoz”, “muallim”, “domla”, “professor” – bu soʻzlarning asl maʼnosi nima?

“Ustoz”, “muallim”, “domla”, “professor” – bu soʻzlarning asl maʼnosi nima?

Taʼlim sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar bir necha nomlar bilan ataladi. Ularning kelib chiqishi, etimologiyasi turlicha, albatta. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilari haqida maʼlumot beradi.

 

Ustoz – usta degani

Ustoz soʻzi tilimizga forschadan oʻtgan. U usta soʻzi bilan oʻzakdosh. Asliyatda muallim, usta maʼnolari ishlatiladigan bu soʻz oʻzbekchada ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

  1. Kasb, hunar, ilm va shu kabilarni oʻrgatuvchi; oʻqituvchi, muallim.

Ustozidan saboq olgan, auditoriyalarda boʻladigan bahslar va jiddiy mashgʻulotlarda qatnashgan talaba boʻshagan zahoti ikkinchi uyi – yotoqxonaga shoshiladi. Gazetadan.

  1. Yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi, tarbiyalovchi, murabbiy; rahnamo, oʻqituvchi, muallim.

Shunday qilib, kitobni koʻtarib, ming istihola bilan ustoz Mirtemirga yaqinlashdim. Gazetadan.

Bu soʻz ustod shaklida ham qoʻllanadi, lekin bu shakl hozir eskirgan.

 

Muallim – ilm beruvchi

Muallim soʻzi arab tilidan olingan, ilm, taʼlim, olim soʻzlari bilan oʻzakdosh. Oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

  1. Dars beruvchi kishi; oʻqituvchi, pedagog: matematika muallimi, musiqa muallimi, universitet muallimi.

Fiqhdan taʼlim beruvchi muallimning maoshi 300 dirhamni tashkil etgan. “Fan va tumush”.

  1. Taʼlim beruvchi, birovga biror narsa oʻrgatuvchi kishi; ustod, ustoz.

Bugun muallim soʻzi jonli tilda kam qoʻllanadi. Ogʻzaki uslubda malim shaklida ishlatish uchraydi.

 

Domla – katta oʻqituvchi

Domla soʻzining etimologiyasi haqida turli qarashlar bor. Soʻzning toʻliq shakli – domulla. Xalq tilida ana shu toʻliq shakli ham ishlatilib turadi. Izohli lugʻatga koʻra, fors va hind tillaridagi soʻzlardan hosil boʻlgan dodo va arabcha mulla soʻzlari birikishidan hosil boʻlgan. Dodo – ota, katta; mulla esa oʻqimishli, taqvodor odam maʼnosiga ega. Yaʼni domulla – katta oʻqituvchi, bosh muallim.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, bu soʻz eski maktablarda oʻgʻil bolalarga taʼlim-tarbiya bergan ziyolilar; masjid imom-xatiblari; oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida dars beruvchilar; biror sohada obroʻ-eʼtibor qozongan, ilgʻor dunyoqarashi, eʼtiqodi va boshqa fazilatlari bilan oʻzgalarga namuna boʻladigan kishilarga nisbatan ishlatiladi.

 

Oʻqituvchi – sof oʻzbekcha atama

Oʻqituvchi soʻzi domla, muallim, ustoz, murabbiy kabi soʻzlar qatorida sof oʻzbekcha ekani bilan ajralib turadi. U fan, tarbiya asoslaridan birini oʻqitadigan, dars beradigan kishini anglatadi.

Oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida, maktablarda dars beradigan mutaxassislarning rasmiy lavozimi ham aynan oʻqituvchilikdir:

Jismoniy tarbiya oʻqituvchisi unga “sendan yaxshi sportchi chiqadi”, degan. Oʻ. Hoshimov, “Qalbingga quloq sol”.

 

Murabbiy – tarbiyachi demak

Murabbiy arab tilidan olingan, tarbiya soʻzi bilan oʻzakdosh. Oʻzbek tilida tarbiyachi, rahnamo, sport treneri kabi maʼnolarda ishlatiladi:

Murabbiy – bola qalbida nish ura boshlagan umid gʻunchalarining mehribon sohibidir. R. Usmonov, “Odobnoma”.

Xosiyatxon faqat Naziraning ustozigina emas, qanchadan-qancha qiz-juvonlarning murabbiysi. Y. Shukurov, “Margʻilon goʻzali”.

U oʻz jamosi bilan juda koʻp sovrinlarni qoʻlga kirita olgan murabbiydir.

Mamlakatimizda eng yaxshi murabbiylar uchun “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni taʼsis etilgan.

 

Mudarris – dars beruvchi

Mudarris soʻzi arab tilidan kirgan. Dars, madrasa soʻzlari bilan oʻzakdosh. Madrasada dars beruvchi kishini, madrasa oʻqituvchisini bildiradi. Hozir ham diniy taʼlim muassasalari, jumladan, madrasa muallimlari mudarris deb ataladi. Bu soʻz oldinlari tilda faol qoʻllangan:

Katta amakisi Buxoroning “Xoʻja Porso” madrasasining mudarrisi boʻlib, Abdurahmon shu kishining tarbiyasiga kelgan edi. A. Qodiriy, “Mehrobdan chayon”.

 

Pedagog – qadim atama

Bu soʻzning ildizi qadimgi yunon
tilidagi paydagogos iborasiga borib taqaladi. Bola yetaklovchi maʼnosiga ega bu atama dastlab bolaga ilk taʼlimni beruvchi va unga gʻamxoʻrlik qiluvchi qullarga nisbatan ishlatilgan. Qadimgi Afinada bola yetti yoshga yetgach, pedagog tarbiyasiga berilgan. U bolaning savodini chiqargan. Jismoniy va ruhiy xavf-xatarlardan himoya qilish ham pedagog zimmasiga yuklatilgan. Pedagog bolani maktabgacha kuzatish va olib kelish, hamisha uning yonida boʻlish majburiyatini olgan.

Pedagog soʻzi pediatr soʻzi bilan “qarindosh”. Pediatr bolalar salomatligi boʻyicha mutaxassisdir.

Pedagog soʻzi dastlab lotin tiliga, undan fransuz tiliga oʻtgan. XVIII asrda rus tiliga kirib kelgan va keyinchalik oʻzbekchaga oʻzlashgan.

Hozirgi oʻzbek tilida pedagog soʻzi pedagogika sohasi mutaxassisi; bolalar va yoshlarni tarbiyalash va oʻqitish bilan shugʻullanuvchi, shu soha boʻyicha maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxs, oʻqituvchini anglatadi:

Pedagogning vazifasi yuksak, murakkab va oliyjanobdir. “Fan va turmush”.

 

Tyutor – murabbiy demak

Tilimizda oxirgi bir yil ichida paydo boʻlgan bu atama talabalarning maʼnaviy va ijtimoiy holatini doimiy ravishda tahlil qilib boruvchi, mavjud muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam koʻrsatuvchi mutaxassisni anglatadi.

Tyutor – inglizcha soʻz. Ingliz tiliga lotin tilidan qadimgi fransuz tili orqali oʻtgan. Taxminlarga koʻra, bu soʻzning ildizi sanskrit tiliga borib taqalishi mumkin.

Tyutor zamonaviy ingliz tilida ustoz, murabbiy, xususiy taʼlim bilan shugʻullanuvchi mutaxassis maʼnolarida qoʻllanadi.

Oʻzbek tilida oliy taʼlim muassasasi xodimini anglatadi. U talabalarning qiziqishlari, darsdan keyingi mashgʻulotlari, yashash sharoitlari kabi masalalar bilan shugʻullanadi. Bu mazmunni oʻzbek tilida shu paytgacha qoʻllanib kelayotgan murabbiy soʻzi bemalol bera oladi. Fikrimcha, tilimizda tayyor soʻz turgan paytda yana yangi atama qidirish mutlaqo ortiqcha.

 

Professor – xalq oʻqituvchisi

Professor soʻzi lotinchada ommaviy oʻqituvchi, xalq oʻqituvchisi degan maʼnoni anglatadi. Uning oʻzagi profiteri – ochiq aytmoq, eʼlon qilmoq, oshkor gapirmoq feʼliga borib taqaladi.

Professor oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlaridagi yuksak malakali ilmiy xodimlarning ilmiy unvoni yoki lavozimidir. Dastlab XVI asrda Oksford universitetida rasmiy maqom sifatida tatbiq etilgan.

Professor soʻzi oʻzbek tiliga rus tilidan oʻtgan. Rus tiliga XVII–XVIII asrlarda nemis tilidan kirgan.

Birinchi oʻzbek professori Abdurauf Fitratdir. U 1926-yili ana shu ilmiy unvonga ega boʻlgan.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube