Doʻppi kiygan soʻzlar – gʻirt oʻzbekcha boʻlib ketgan 15 ta oʻzlashma

Doʻppi kiygan soʻzlar – gʻirt oʻzbekcha boʻlib ketgan 15 ta oʻzlashma

Baʼzi doʻstlarning mehr-oqibatini koʻrib ham hayron qolasiz, ham havas qilasiz: tugʻishgan, qondoshdan koʻra yaqinroqqa oʻxshaydi. Aslini surishtirsangiz, bir-biriga yetti yot begona. Tilda ham shunga oʻxshash hodisa bor. Chetdan kelgan soʻz tilga singishib ketadi, oʻz soʻzimizga aylanadi. Oʻsha tilning egasi boʻla turib, uning oʻzlashma ekani – ajnabiy tildan kirganini koʻpda farqlayvermaymiz.

Oldinroq “Tilimizni bilamizmi?” ruknida rus tilidan kirgan ana shunday 15 ta soʻz haqida maʼlumot berilgandi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun boshqa chet tillaridan kirgan va tilimizga “qoni qoʻshilib ketgan” 15 ta soʻzni sharhlaydi.

 

Antiqa va osori atiqa

Antiqa soʻzining ildizi lotincha antiquus – qadimgi soʻziga borib taqaladi. Oʻzbek tilida qadimdan qolgan, hayratga soladigan kabi maʼnolarda qoʻllanadi. Soʻzni qadimgi degan maʼnoda qoʻllash allaqachon eskirgan. U hozir asosan qoyil qoldiradigan maʼnosida ishlatilyapti:

Otamurod oddiy bodring, pomidorlarni turli usullarda qirqib, antiqa salatlar tayyorlar… Zulxumor boʻlsa, uning bu sanʼatiga mahliyo boʻlib oʻtirar edi.

M. Mansurov, “Yombi”.

Osori atiqa iborasidagi atiqa soʻzi ham antiqa bilan oʻzakdosh. Osor arabchadan olingan, asar, nishona maʼnosida. Osori atiqa qadim dunyo nishonalari, qadimdan, antik dunyodan qolgan yodgorliklar, obidalardir:

Bu osori atiqalar oʻzida oʻtmish nafasini saqlab qolgan.

Gazetadan.

 

Bambuk – daraxtsimon oʻsimlik

Bambuk – tropik va subtropik mamlakatlarda oʻsadigan, tanasi qamishga oʻxshash, ichi kavak, boʻyi baland oʻsimlik. Bambuk atamasi malayyacha bambu – daraxtsimon oʻsimlik soʻzidan paydo boʻlgan:

Bambuk xalq xoʻjaligida uy, koʻprik qurishda, duradgorlikda ishlatiladi, tolasidan qogʻoz tayyorlanadi.

“OʻzME”.

Malayziyaliklar tilidagi bambu dunyoning juda koʻp tillariga, jumladan, fransuz, holland, portugal, ingliz kabi Yevropa tillariga ham baʼzi tovush oʻzgarishlari bilan oʻtgan.

 

Baxshi – qadim soʻz

Baxshi soʻzi oʻzbekcha ham, moʻgʻulcha ham, forscha ham emas. Uning ildizi sanskrit tiliga borib taqaladi. Asliyatda bhikshu koʻrinishiga ega va budda ruhoniysi; duoxon; darvesh kabi maʼnolarni anglatadi. Oʻzbek tilida xalq dostonlarini aytuvchi oqin; azayimxon; Buxoro xonligidagi lavozim egasi kabi maʼnolarga ega:

Dutorsiz baxshi boʻlmas,

Yomonsiz – yaxshi.

Maqol.

Sotiboldining xotini ogʻrib qoldi. Baxshi oʻqidi. Allaqanday bir xomin kelib, tolning xipchini bilan savaladi.

A. Qahhor, “Bemor”.

Buxoro xonligida maʼmuriy binolar qurishda mablagʻ hisobini olib boruvchi kishilarni, turkmanlarda urugʻ oqsoqollarini baxshi deb atashgan.

“OʻzME”.

 

Dakki – hindistonlik

Tilimizda bot-bot ishlatib turiladigan bu soʻz uzoq hind elidan kelganiga odamning ishongisi kelmaydi. Hind tilida dhakka shaklida zarb, turtki; iztirob maʼnolarida qoʻllangan bu soʻz yoʻl yurib, jazirama choʻllardan oʻtib, oʻzbek tiliga dakki koʻrinishida kirib kelgan. U oʻzbekchada tanbeh; tahqirlash, nohaq turtki kabi maʼnolarni tashiydi:

Ahmadjon dadasidan bir necha dakki eshitib, uyiga joʻnadi.

“Yoshlik”.

Har kishidan dakki yeyaverib, yuragim qonga toʻlib ketdi.

Uygʻun, “Asarlar”.

 

Daftar va qalam – asli yunoncha

Bu soʻzlarni tez-tez ishlatamiz. Ayniqsa, farzandi maktabda oʻqiydigan yoki ishi yozuv-chizuvga aloqador kishilar kunda-kunora daftar-qalamga roʻpara keladi.

Yunonchada qogʻoz oʻrami diftera deyiladi. U arab tili orqali oʻzbekchaga daftar koʻrinishida kirib kelgan: bir chiziqli daftar, katak daftar, rasm daftari.

Daftar soʻzi qardosh turkiy tillarda hamda arab, fors, hind, moʻgʻul, bolgar, makedon, serb, xorvat, tibet, indonez, gurji, arman, ibroniy kabi tillarda turli tovush oʻzgarishlari bilan qoʻllanadi.

Qalam soʻzi ham yunonchadan oromiy-suryoniy tili orqali arab tiliga, undan oʻzbekchaga oʻtgan. Yunonchasi kálamos – qamish, qamish qalam boʻlgan bu soʻzning ildizi qadimgi hind-yevropa soʻzi – kolhamosga borib taqaladi. Bu soʻz lotin tilidagi culmus – somon poyasi soʻziga yaqin turadi. Qalam soʻzi oʻzbek tilida juda koʻp maʼnolarda qoʻllanadi. Bosh maʼnosi yozuv-chizuv quroli: qora qalam, rangli qalamlar.

 

Javon – “taxtali rom” degani

Oʻzbekchaga xitoy tilidan ham bir qancha soʻzlar oʻzlashgan. Sevib isteʼmol qiladiganmiz uygʻur taomlari – lagʻmon, manti, manpar, xonim kabilarning nomi ham asli xitoychadan.

Turmushimizda ishlatiladigan baʼzi narsa-buyumlar ham oʻz nomini xitoychadan olgan. Jumladan, javon soʻzi. U oʻzbekchada turli narsalar qoʻyiladigan mebelni, shkafni anglatadi: kitob javoni, kiyim javoni.

“Oʻzbek adabiy tili tarixi” kitobiga koʻra, javon xitoycha dzaban soʻzidan. U szarom, chorchoʻp, bantaxta
soʻzlaridan yasalgan. Bu soʻz bizga uygʻur tili orqali kirib kelgan. Uygʻurchaning oʻzida javang tokchani anglatadi.

 

Zumrad va Esmeralda – egizaklar

Ayrim soʻzlar uzoq yoʻllarni bosib oʻtadi va shakl-shamoyili, baʼzan maʼnosini oʻzgartirib, boshqa tillarda oʻtroqlashib qoladi. Asli yunoncha smaragdos, yaʼni sabzarang tosh boʻlgan zumrad soʻzi ham arab-fors tillari taʼsirida qiyofasini oʻzgartirgan va oʻzbek tiliga kirib kelgan. Maʼlumotlarga koʻra, bu soʻz qadimgi yunon tiliga somiy tillaridan oʻtgan. Ibroniy tilidagi barakat, akkad tilidagi barraqtu, arab tilidagi barq, sanskritcha marakata uning qadim ajdodlaridir.

Bu soʻz qardosh turkiy tillar, arab, fors, rus, ingliz, ispan, portugal tillarida turli shakllarda qoʻllanadi. Baʼzi tillarda shakli tamoman oʻzgarib ketgan.

Yevropa xalqlarida koʻp uchraydigan Esmeralda ismi va oʻzimizning Zumrad, Zabarjad ismlarining oʻzagi bir.

Zumrad soʻzi oʻzbekchada oliy sifatli, och yashil tusli qimmatbaho toshni va uning rangini anglatadi, ayollarga ism qilib qoʻyiladi.

 

Iqlim – yetti iqlim kezgan soʻz

Bu soʻzning ildizi ham qadim yunon tiliga borib taqaladi. Asliyatda klima, klimatos shakliga va egish, engashtirish; mayl, moyillik maʼnosiga ega boʻlgan ushbu soʻz arab tili orqali oʻzbekchaga oʻzlashgan. Tilimizda muayyan joyning oʻziga xos, har yili takrorlanuvchi odatdagi ob-havo sharoitini, dunyo qismini, mintaqani, koʻchma maʼnoda esa sharoitni anglatadi.

Yetti iqlim iborasi qadimgi geograflar tasavvuridagi Yerning yetti mintaqasidan har birini bildiradi.

Bu soʻz koʻplab Yevropa tillariga lotin tili vositasida oʻtgan. U, masalan, inglizchada climate, ispanchada clima, nemischada klima, fransuzchada climat, ruschada klimat shakliga ega.

 

Kalish milliy kiyim emas

Sal gʻalatiroq eshitilishi mumkin, lekin kalish milliy kiyim emas. Ha, shunday. Bunga uning etimologiyasi ham guvohlik beradi. Kalish tilimizga rus tilidan kirgan. Ruslar uni kaloshi yoki galoshi deb ataydi. Ruschaga fransuz yoki nemis tilidan oʻtgan.

Kalish soʻzining etimologiyasi haqida turli qarashlar bor. Birinchi fikrga koʻra, u yunoncha kalopodionyogʻoch boshmoq soʻzidan; boshqa versiyaga koʻra, lotincha caligaetik soʻzidan; uchinchi qarashga koʻra esa, lotincha gallicagall poyabzali soʻzidan kelib chiqqan.

Kalishlarning oʻlkamizdagi tarixi 100–150-yilni tashkil etadi. U Turkistonda XX asr boshlarida ommalasha boshlagan. Boshida uni xalq, ayniqsa, kosiblar yaxshi kutib olmagan. Kalish sovet davrida rus madaniyati belgisi sifatida targʻib ham qilingan.

Xoʻsh, kalish bizniki emas ekan, oldin ota-bobolarimiz kalish oʻrnida nima kiyishgan? Javob oddiy – kavush kiyishgan. Bugun kavush kiyish yoshi kattalar orasida yana ommalashib boryapti. Uni mahsi bilan ham, mahsisiz ham kiysa boʻladi.

 

Kamzul – el kezgan soʻz

Kamzul soʻzi oʻzbekchada ust kiyimni anglatadi. Ilgari erkaklar kiyadigan yengi uzun libos va ayollar kiyadigan jelatkaga oʻxshash kalta, odatda yengsiz, yoqasiz ust kiyim shu nom bilan atalgan:

Cholning egnida kirlanib, moylanib yiltillagan qora kamzul

Oybek, “Tanlangan asarlar”.

Uzun paxtali kamzul kiyib, boshlariga katta roʻmolni beoʻxshov bogʻlab olgan ayollar bizni kutib olishdi.

“Saodat”.

Kamzul oʻzimizning soʻzimizday tuyuladi-yu, lekin aslida ildizi qadimgi german tillariga borib taqaladi. Lotinchadan italyanchaga oʻtgan. Soʻng fransuz yoki nemis tili orqali ruschaga oʻzlashgan. Katta ehtimol bilan, oʻzbekchaga ruschadan kirib kelgan. Tizzagacha uzunlikdagi yengsiz erkaklar kiyimi franuz tilida camisole deyiladi. Bu soʻz nemis, latish, ukrain, ingliz, rus, qozoq, qirgʻiz, tatar, boshqird kabi tillarda turli tovush oʻzgarishlari bilan qoʻllanadi.

 

Qaysar – aslida kishi nomi

Baʼzan kishilarning nomi soʻzlarga aylanib ketadi. Qaysar soʻzi ham shunday. Rim imperatori Gay Yuliy Sezar nomidan – Caesar soʻzidan hosil boʻlgan. Hukmdor nomi lotin tiliga turdosh ot sifatida oʻtgan. Undan arab tiliga oʻzlashgan va podshoh maʼnosida qoʻllangan. Oʻzbek tilida ham Rum podshosi; podsho, xoqon maʼnolarida ishlatiladi. Biroq uning tutgan yerini kesadigan, oʻjar, asov kabi maʼnolari mashhurroq:

Tura qoling, endi juda payti, odam bunchalik qaysar boʻlmaydi. Uzr soʻrang, uzr.

N. Safarov, “Vodillik qahramon”.

Lekin faktlar qaysar narsa, uni xaspoʻshlab boʻlmaydi.

A. Eshonov, H. Umarov, “Odamlarni oʻylab”.

 

Qandil: shamdan chiroqqa

Bu soʻzning ildizi lotincha candela – shamga borib taqaladi. U yunon tiliga kandela shaklida oʻtgan va sham, shamchiroqni anglatgan. Arabchaga qandil shaklida oʻzlashgach, chiroq, chilchiroq, lyustra mazmuniga ega boʻlgan.

Qandil oʻzbekchada bir necha sham yoki lampochka qoʻyiladigan oyoqli yoki osma chiroqni bildiradi:

Katta dolon, har bir uyda qiy-chuv, yerda chiroq, qandillar osigʻliq.

J. Sharipov, “Xorazm”.

Baʼzi Yevropa tillarida bu soʻz turli tovush oʻzgarishlari bilan uchraydi. Masalan, inglizchada candle soʻzi shamni, chandelier esa qandilni anglatadi.

 

Nomus – qonunga bogʻliq

Nomus soʻzi aslan oʻzbekcha emasligini etimologiya mutaxassisi bilmasa, oddiy odam tasavvur qilishi amrimahol. Bu soʻz yunoncha nomos – qonun soʻzidan hosil boʻlgan. U arab tiliga oʻtgach, qonun; vijdon, diyonat; obroʻ-eʼtibor; iffat, bokiralik kabi maʼnolar kasb etgan. Taxminimcha, qonun-qoidalarga boʻysunuvchi, birovga zarar yetkazmaydigan, obroʻsini saqlaydigan, tartibli kishilar nomusli hisoblangan va ular uchun qonun maʼnosidagi soʻz tanlab olingan.

Nomus oʻzbek tilida oriyat, diyonat, uyat-andisha kabi maʼnolarda qoʻllanadi:

Nodon bilan yurma, nomusingni bukma.

Maqol.

Nomus! Nomus er kishini oʻldiradi-ya!

Shuhrat, “Shinelli yillar”.

 

Obuna – yozilish, imzo chekish

Ideal holatda til chetdan olinayotgan soʻzni oʻziga moslaydi. Shu sababli koʻpincha bunday soʻzlar tilga singib ketadi. Obuna ham xuddi shunday soʻzlardan. Uning asli fransuzcha abonner – imzo chekmoq, imzolamoq; yozilmoq soʻziga borib taqaladi. Oʻzbek tiliga oʻzlashgan abonement va abonent soʻzlari obuna bilan oʻzakdosh. Biroq ular tilga moslashmagan va yevropacha qiyofasini saqlab qolgan.

Obuna oʻzbek tilida gazeta, jurnal va shu kabilarga oldindan haq toʻlab yozilishni anglatadi:

Bu yil yana “Hidoyat” jurnaliga obuna boʻldim.

 

Sandiq – sandiq toʻla tarix

Sandiq soʻzi oʻzbekchaga arab tilidan oʻzlashgan. Arab tiliga esa yunon tilidan oʻtgan. Yunoncha syndokeion soʻzi yogʻoch qutini anglatadi. Oʻrta asrlarda bunday qutilar yaxlit gʻoʻladan, katta hajmli yogʻochdan oʻyib ishlangan. U stol, stul, karavot vazifalarini bajargan, ichida turli roʻzgʻor buyumlari, kitoblar va qurollar saqlangan. Qirollar bir qasrdan boshqasiga koʻchganda xazina temir qoplamali sandiqlarda tashilgan.

Kelinlar qadimda seplarini kuyovnikiga sandiqda olib borgan. Bu odat bugungacha saqlanib kelyapti.

Sandiq soʻzi turkiy tillarda turli talaffuz variantlarida uchraydi. Bu soʻz turkiy tillardan rus va ukrain tillariga sunduk shaklida oʻtgan.

Hozirgi oʻzbek tilida sandiq turli buyumlarni, bisotlarni solib qoʻyishga moʻljallangan, ochilib-yopiladigan qopqoqli, qulf-kalitli, yashik shaklidagi uy-roʻzgʻor buyumini bildiradi:

Men keltirgan atlasni Yorim soldi sandiqqa.

Qoʻshiqlar”.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.