Voha va vodiy: farqi nimada?
Voha arab tilidan kirgan, asliyatda sahro oʻrtasidagi suvli, koʻkalamzor joy maʼnosida. Oʻzbek tilida choʻl va chalachoʻllarda obod qilingan yerni anglatadi:
Zarafshon vohasi. Xorazm vohasi.
Vohaning uzunligi nari borsa uch-toʻrt farsang, kengligi koʻp boʻlsa bir farsang kelar.
O. Yoqubov, Koʻhna dunyo.
Tuprogʻi serunum, iqlimi moʻʼtadil, ammo suvi kamchil Qashqa vohasini bogʻ-rogʻlarga aylantirish qadimiy orzu edi.
“Oʻzbekiston qoʻriqlari”.
Vodiy soʻzi ham arab tilidan kirgan, asliyatda vodiy; qurib qolgan oʻzan; jarlik maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida esa quyidagi maʼnolarda ishlatiladi:
1 Daryo boʻylab choʻzilgan yoki togʻlar orasidagi keng tekislik.
Daryo vodiysi. Togʻ vodiysi.
Katta-kichik vodiylarni qoplab yotgan tuman xuddi koʻlga oʻxshab koʻrinar edi.
A. Qahhor, Oltin yulduz.
2 Umuman ekin ekiladigan, obod yer.
Amudaryoni jilovlasak, Oʻzbekistonda butun-butun yangi paxta vodiylari yaratiladi.
Oybek, Oltin vodiydan shabadalar.
3 Umuman, mamlakat, yurtning bir boʻlagi; diyor.
Choʻlquvarlar bir maqsad – Surxon, Sherobodni bogʻ-rogʻli vodiyga aylantirish orzusi bilan yashamoqdalar.
“Oʻzbekiston qoʻriqlari”.
4 Koʻchma maʼnoda: biror narsa uchun xos boʻlgan joy, makon.
– Men oʻlim vodiysida xizmat qilganman, – dedi oshpaz.
Oybek, Quyosh qoraymas.
📌 Hudud nomlari bilan ishlatganda voha va vodiyning bitta aniq, keskin farqi bor: voha – choʻl va chalachoʻl hududda obod qilingan joy, vodiy esa daryo yoqasi boʻylab joylashgan yoki togʻlar orasidagi tekislik joy:
Zarafshon vohasi. Xorazm vohasi. Toshkent vohasi. Buxoro vohasi.
Fargʻona vodiysi. Surxon-Sherobod vodiysi. Qashqadaryo vodiysi (viloyatdagi vodiy, Zarafshon tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoqlari oraligʻida.). Hisor vodiysi.
Voha va vodiy tushunchasi viloyat tushunchasidan farqlanadi. Voha va vodiy bir viloyat hududidan katta boʻlishi yoki bir viloyat ichida bir necha voha yo vodiy joylashishi ham mumkin. Milliy ensiklopediyaga koʻra, Fargʻona vodiysida bir nechta katta vohalar bor.
Orif Tolib