Xayrsiz kulgilar
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir oʻrinda: “Men yaxshi xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati). Insonni inson qilib turadigan, uni yuksaltiradigan eng muhim belgilardan biri axloqdir. Xulq-atvorli kishi bilan muomala qilganda koʻnglingiz xotirjamlik hissini tuyadi. Axloqida jiddiy nuqsonlari bor odamlardan esa tezroq nari ketish, ular bilan umuman muomala qilmaslik harakatiga tushasiz.
Axloq nimadan zarar koʻradi, nimadan tubanlashadi? Bu holning eng asosiy sababchisi qalbni qoraytiradigan illatlardir. Birovlarning aybini ochish, mazaxlash, nuqsonlari ustidan kulish ana shunday illatlardan biri. Hech bir odam aybdan xoli emas, har birimizning nuqsonimiz oʻzimizga yarasha. Boshqalar ustidan kulayotgan odam esa bunday nuqson oʻzida yoʻqligini iddao qiladi, oʻzini baland tutadi yoki shunchaki kulgi yasamoqchi boʻladi. Bu maʼnaviy koʻrlikning bir koʻrinishidir.
Hozir baʼzi internet saytlari yoki ijtimoiy tarmoqlarda biror-bir xijolatli holatga tushib qolgan odamlar haqidagi videolar toʻlib-toshib yotibdi. Deylik, yoʻlda chuqur borligini koʻrmay yiqilib tushgan yoki biror musibatga uchragan kishiga yordam berilmaydi, darrov telefonda suratga olinadi va dunyoga doston qilinadi. Videoga olgan kishi shu odamning oʻrnida boʻlganida nima qilardi? Internetda tomoshatalab olomonga kulgi boʻlish unga yoqarmidi? Albatta, yoʻq.
Ijtimoiy tarmoqlarda turli oldi-qochdi videolar, bachkana hazillarga ixtisoslashgan kanallarning oʻquvchilari juda koʻp. Hatto oʻnlab tahliliy, maʼrifiy yoki ilmiy kanallarning mushtariylarini qoʻshib hisoblaganda ham obunachilar adadi ularnikiga yetmaydi. Nega? Chunki maʼrifiy-tahliliy kanallar fikrlashni talab etadi, koʻngilochar-koʻngiloʻldirar kanallarda esa aqliy mehnatga hojat yoʻq, shunchaki xoxolab vaqt oʻtkazish mumkin. Bunday xayrsiz kulgilar qalbning qorayishiga, qattiqlashishiga sabab boʻladi. “Koʻp kulish qalbni oʻldiradi”, deyiladi hadislarda (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati).
Xijolatli vaziyatga tushganlar, biror aybi ochilib qolganlar ham xuddi oʻzimizga oʻxshagan inson. Kimlarningdir ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, farzandi, yaqini, eng muhimi, Yaratganning sizu bizday bir bandasi. Ularning ustidan kulish, aybini yoyish bilan na obroʻ, na boylik orttiramiz. Topgan-tutganimiz gunoh boʻladi, xolos. Bunday kun bizning ham boshimizga tushishi hech gap emas. Shunday ekan, xayrsiz kulgilardan saqlanaylik. Bu eng avvalo oʻzimiz, soʻng jamiyat uchun foydali. Ogʻir vaziyatga tushib qolganda
bir-birining ustidan kuladigan emas, bir-biriga yordam beradigan, qoʻllaydigan kishilarning jamiyati ravnaq topadi.
Qalbimiz qorayishi, aqlimiz torayishidan Yaratganning oʻzi saqlasin.
Orif Tolib
“Hidoyat” jurnalining 2019-yil 9-sonida chop etilgan.