Xoʻjagʻat nima-yu qoragʻat nima? – Biz biladigan yeguliklarning biz bilmagan nomlari

Xoʻjagʻat nima-yu qoragʻat nima? – Biz biladigan yeguliklarning biz bilmagan nomlari

Ayrim rezavor mevalar, don-dun va sabzavotlarni tez-tez isteʼmol qilamiz-u, oʻzbekcha nomini bilmaymiz. Koʻproq ruschasini ishlatamiz. Bizning mintaqamizda kam yetishtiriladigan yoki umuman oʻsmaydigan baʼzi oʻsimliklarning chindan oʻzbekcha nomi yoʻq, ammo koʻp oʻsimliklarning nomini shunchaki unutganmiz. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday unutilgan yoki koʻpchilik bilmaydigan soʻzlar haqida hikoya qiladi.

 

Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Milliy ensiklopediyaga koʻra, Shimoliy Amerika va Yevrosiyoda bu rezavor mevaning 400 dan ortiq turi uchraydi. Shulardan 90 turi, asosan koʻk maymunjon va mayda mevali maymunjon turlari Oʻrta Osiyoda ham bor. Maymunjon Oʻzbekistonning togʻoldi mintaqalarida, dalalarda oʻsadi, tomorqa va bogʻlarda oʻstiriladi. Mintaqamizda tarqalgani sabab mevaning oʻzbekcha nomi bizga bir qadar tanish. Ammo uni ruscha nomi bilan yejevika deb ataydiganlar ham yetarlicha topiladi.

Maymunjon shevada parmanchak yoki parmachak deyiladi. Bu atama ilmiy tilga ham koʻchib oʻtgan va adabiyotlarda maymunjon yoki uning turlari uchun ishlatiladi.

Koʻk maymunjonning boldirgʻon degan nomi ham bor, baʼzan ilmiy adabiyotlarda u zangori maymunjon yoki parmanchak deb ham beriladi.

Qarang, kamyob bu mevaning tilimizda shuncha nomi bor.

 

Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat

Dabdurustdan kimdir “Xoʻjagʻat nima?” deb soʻrab qolsa, javob topolmay qolamiz. Bu soʻzni biladigan-ku uncha-muncha topilar, lekin ishlatadigan topilarmikan? Asosan kitoblar va maqolalarda uchraydigan xoʻjagʻat atamasi – sizu bizga yaxshi tanish malinaning oʻzbekcha nomi. U butaning oʻzini ham, mevasini ham anglatadi. Xoʻjagʻat Oʻrta Osiyo, Sharqiy Sibir, Uzoq Sharq, AQSH va Yevropa mamlakatlarida oʻstiriladi.

Oʻzbekchada bu rezavor mevaning boshqa bir nomi ham bor – buldurgʻun. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, koʻk maymunjonni anglatuvchi boldirgʻon soʻziga yaqin, uning talaffuz varianti. Har ikki meva bitta turkumga oid boʻlgani sababli soʻzlar almashlab ishlatilgan boʻlishi mumkin. Lekin baribir talaffuzda farq yuzaga kelgan va ular alohida soʻzlarga aylangan.

Xoʻjagʻat, buldurgʻun soʻzlari ilmiy va ilmiy-ommabop matnlarda uchrasa-da, tilimizda qoʻllanmaydi hisob. Hatto ensiklopediyalar, kitob va qoʻllanmalarda ham asosan malina soʻzi ishlatiladi. Xoʻjagʻat va buldurgʻunni oʻz uyida xoʻjayin boʻla olmagan soʻzlar deyish mumkin.

 

Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Oramizda marjumak soʻzini eshitganlar topilsa kerak. Lekin uni oʻzbekcha emas, turkcha maʼnoda tushunadiganlar koʻproq, menimcha. Turk taomlarini yoqtiradigan kishilar marjumak shoʻrvasini yaxshi biladi. Biroq turklar marjumak deganda umuman boshqa narsani – yasmiqni nazarda tutadi. Ruslar chechevitsa deydigan bu don dukkaklilar oilasiga mansub, noʻxatga juda yaqin.

Xoʻsh, unda marjumak nima? U koʻpchiligimiz yaxshi biladigan, lekin asosan ruscha nomini qoʻllaydigan grechkadir. Ruslar bu don bilan yunonlar orqali tanishgan, shu sababli unga greklarning doni maʼnosida grechixa, grecha, grechka kabi nomlarni bergan. Aslida marjumak yunonlarga oid emas. Yongʻoq rus tilida gretskiy orex deb atalganiga oʻxshash holat bu.

Aytgancha, marjumakdan ham suyuq osh qilish mumkin, lekin u shoʻrvaga emas, koʻproq mastavaga oʻxshaydi.

 

Zirk va uning qoraqandi

Zirkni koʻpchilik bilsa kerak. Togʻ, choʻl, adir va yonbagʻirlarda yovvoyi holda oʻsadigan oʻsimlik va uning mevasi shu nom bilan ataladi. Bu rezavor meva dalalarda maxsus yetishtiriladi ham. Yurtimizda qizil va qora zirk tarqalgan. Pishgan mevasi baʼzan nordon, baʼzan shirin boʻladi. Turli ovqatlarga, masalan, oshga solinadi. Tabobatda dorivor sifatida ishlatiladi.

Qora zirkning alohida nomi bor, uning atalishi tusiga mos – qoraqand. Bu nom zirk singari ommalashmagan, uni hamma ham bilavermaydi.

Rang-roʻyi, tovlanishi sabab zirkka nisbatan qizil yoqut degan ibora ham qoʻllanadi.

Zirkni turklar barbaris yoki kizamik, ozarlar zirinj, qozoqlar boʻriqoraqat, qirgʻizlar boʻru qaragʻat kabi nomlar bilan ataydi.

 

Nafis chayqalayotgan naʼmatak

Oybek domlaning “Nafis chayqaladi bir tup naʼmatak” deb boshlanuvchi mashhur sheʼri bor. Naʼmatak – guli xushboʻy buta. Ana shu buta qizil meva tugadi. Mevasi dorivor, uni hozir kichik dorixonalardan ham bemalol topish mumkin.

Kundalik turmushda naʼmatak soʻzini emas, ruscha nomi – shipovnikni ishlatamiz. Bu oʻsimlikning koʻpchilik bilmaydigan oʻzbekcha nomi bor – itburun. Mevasining tuzilishi it tumshugʻiga oʻxshagani sabab shunday ot qoʻyilgan boʻlishi mumkin. Qirgʻiz, qozoq, turkman, qirimtatar va tatarlar ham uni shunday ataydi. Turklar esa qushburni deb nomlagan. Itburun atamasi naʼmatakning mevasi choʻzinchoq turiga nisbatan qoʻllanadi.

 

Yertut yerda oʻsadigan tut emas

Ruslar zemlyanika deb ataydigan rezavor mevaning oʻzbekchasi – yertut. Yerga yaqin joyda meva solgani uchun ruslar unga shunday nom bergan. Yertut aslida qulupnayning kichikroq bir turi. Yer bagʻirlab oʻsgani va mevasi tutga oʻxshab ketgani uchun oʻzbekchada yertut deb atalgan boʻlishi mumkin.

Koʻp adabiyotlarda yertut va qulupnay sinonim sifatida qoʻllanadi.

2022-yili dunyoda 9,6 million tonna qulupnay yetishtirilgan. Uning 35 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi, yirik yetishtiruvchilar qatorida AQSH va Turkiya ham bor.

 

Munchoq kabi qoragʻat

Bu rezavor mevaning koʻproq ruscha nomini ishlatamiz, ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarda ham smorodina atamasi nisbatan koʻp uchraydi. Ammo oʻzbekchasi ham ommaga notanish emas. Qoragʻat yovvoyi holda togʻli hududlarda butazorlar orasida, soylarda, togʻ yonbagʻirlarida oʻsadi. Bu meva yurtimizda maxsus yetishtiriladi ham. Qalamchalaridan yoki parxish – novdani yerga koʻmish usulida koʻpaytiriladi. Boshqa koʻplab rezavor oʻsimliklar kabi simbagʻazlarga koʻtarib oʻstiriladi. Mevasi mayda va yumaloq boʻladi. Tillarang va qizil qoragʻat donalari billur munchoqqa oʻxshab ketadi.

Qoragʻatni turkiy xalqlar turlicha nomlangan. Qirgʻiz, qozoq, boshqird, ozar qardoshlar xuddi biz kabi qoragʻat variantidan foydalansa, turklar farang uzumi, tatarlar qarligʻan, qirimtatarlar esa toʻrgʻay uzumi deya ataydi.

 

Ismaloqni istamoq

Istaraligina ismaloq degan soʻzimiz turganda koʻpincha shpinat soʻzini qoʻllaymiz. Shpinat tilimizga ruschadan oʻzlashgan. Ruschaga esa nemischadan oʻtgan. Shajarasi nemischadan qadimgi fransuz tiliga, undan eski oksitan, undan katalan, soʻng arab, keyin esa fors tiliga borib yetadi. Forscha isfinoj togʻu toshlar, turfa el va tillar oralab oʻtib, shpinatga aylangan.

Mutaxassislar Markaziy Osiyo va Afgʻonistonni bu sabzavotning vatani deb hisoblaydi. Ayrimlarga koʻra esa, u Eron yoki Kavkazdan tarqagan.

Ismaloqning yangi chiqqan bargidan somsa, manti kabi taomlar tayyorlanadi, u ovqatga ham solinadi.

Ismaloq – turkiy soʻz. Uning ildizi qadimgi turkiy tildagi ismoq – hid taratmoq feʼliga borib taqaladi. Ismaloq – hid taratib turuvchi koʻkat demak. Bugungi tilimizdagi is, iskamoq, isiriq soʻzlari ismaloq bilan oʻzakdosh.

 

👉 https://daryo.uz/2025/02/22/xojagat-nimayu-qoragat-nima-biz-biladigan-yeguliklarning-biz-bilmagan-nomlari

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.