Xolis niyat bilan

Xolis niyat bilan

Hovuri bosilib qolgan yoz Ramazon boshlanishi bilan yana avjiga mindi. Havo non yopishga tayyor tandirday qizib, jamiki jonzot oʻzini panaga urdi. Tosh yoʻllar olisroqdan yalt-yult etib, suvga oʻxshab koʻrinadi. Oynaday jimirlayotgan suv yaqinlashganing sari uzoqlashadi. Uning oʻrnida qup-quruq, qaynoq dam urayotgan tosh yoʻl boʻladi, xolos. Bunday kunlarda tutilgan roʻza har doimgidan ogʻirroq kechadi. Kishidan katta kuch-chidam talab etadi. Yozning xuddi shunday issiq jaziramasini boshqa payt u qadar his etmagan tana endi holsizlikdan sillasi quriydi, toliqadi. Tomoq qaqrab, koʻz tinadi. Qaniydi, biror salqin-soyada uxlab olsang. Afsuski, uyqu ham kelmaydi. Hammasini sezib, anglab boshdan kechirish kerak.

Tashqariga chiqib qolgan baliqqa oʻxshab ogʻzimizni kappa-kappa ochib nafas olamiz, lekin quruqshagan havo ichimizga yana oʻt olib kiradi. Chanqogʻini qondirish uchun ketma-ket shoʻr suv ichayotgan odamga mengzaymiz. Har xil ermak topishga, vaqt oʻtkazishga urinamiz. Tobora sekinlashib ketayotgan vaqtni, uning ogʻir-vazmin qadamlarini eshitganday boʻlamiz. Vaqtga qoʻshilib yuragimiz ham odim otadi, faqat u juda tez yuradi: gup-gup, gup-gup… Biroq hali iftorgacha ancha bor. Zabtiga olayotgan kun ham, mayda qadam vaqt ham biz bilan hisoblashmaydi. Ammo ruhimiz baland, yuragimizdagi komil ishonch baquvvat iroda baxsh etib turibdi. Saharlikda qilgan duomiz esa tonggi shabada kabi tiniq bir kayfiyat ulashadi: “Bugungi Ramazon roʻzasini tongdan kun botguncha xolis Alloh taolo uchun tutishni niyat qildim”.

Odatda, yaxshilik qilgan kishi yengil tortadi, ichki sevinchni tuyadi, anchagacha oʻzidan mamnun yuradi. Chunki u Alloh yoʻlida xolis xizmat qildi. Bunday odamga ana shu ichki qoniqishdan ortiqroq lazzat yoʻq. Xolis niyat bilan ogʻiz boylagan roʻzador ham shunday lazzatni his etadi, natijada unda qanoat, sabr-bardosh oʻzidan-oʻzi shakllanadi.

Inson unutuvchan, unutishga moyil. Hatto unutishga haqqi yoʻq narsalarni ham esdan chiqarishi mumkin. Roʻza biz unutib qoʻygan yo unutayozgan narsalarni yana-tagʻin koʻz oʻngimizga keltiradi. Yashashimizni taʼmin etayotgan neʼmatlarning qadriga yetamiz. Iftorlik payti koʻzimizga dasturxondagi turfa xil yeguliklar emas, faqat suv koʻrinar ekan, hayot manbai, eng aziz neʼmat xuddi ana shu suv ekanini chuqur anglaymiz. Suv haqidagi dono gaplar, goʻzal shiorlarni tez-tez eshitib turamiz-u, lekin ularning mazmun-mohiyatini hozirgidagidek aniq-tiniq tushunmaymiz. Baʼzida soatga ketma-ket qarab, daqiqalarni sanay boshlaganimizda vaqt oltinga tengligini fahmlaymiz. Vujudimiz toliqib, darmonimiz quriganda naqadar ojizligimizni, Yaratganning lutfu marhamatiga qanchalar muhtojligimizni sezamiz. Baʼzan oʻzini butun dunyoni zabt etishga, agʻdar-toʻntar qilib yuborishga qodir hisoblaydigan odamzod naqadar gʻarib va notavon ekanini oʻylab qolamiz. Ha, Ramazon ana shunday beqiyos saboq oyidir!

Iqrorlarimiz, anglaganlarimiz va tavbalarimiz sabab oʻzimiz sezgan-sezmagan holda ruhimiz tozaradi, vujudimiz madorsizlansa-da, imonimiz kuch-quvvatga toʻladi. Iftor oldidan duo qilarkanmiz, nur-rahmatga tashna koʻnglimiz ezgu ishonch bilan qonadi: “Yo, Alloh, Senga imon keltirib, Senga tavakkul qilib, Sen uchun roʻza tutdim. Sen bergan rizq bilan roʻzamni ochdim. Ey gunohlarni kechiruvchi Zot! Mening barcha gunohlarimni kechir!”

Omin!

 

Orif Tolib

 

2011

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube