Yoʻling yorugʻ boʻlsin, mudom baxtli boʻl

Yoʻling yorugʻ boʻlsin, mudom baxtli boʻl

Minnat oshi

 

Har kimga gʻoyibdan baraka, qut ber,

Baxtu iqbolini tugal ber, but ber.

Besh kunlik umriga maza ber, tot ber,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

Minnat bu – naq koʻzga sanchilgan tikan,

Suyakka yetadi quloqqa yetgan.

Yurakka botmasin tomoqdan oʻtgan,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

Oʻzining oldida boʻlar boshi xam,

Qalbini tirnoqlab gʻijimlar alam.

Muqarrar oʻlimdan asrar boʻlsa ham,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

Topgani tortilgan ohga arzimas,

Sochida koʻpaygan oqqa arzimas,

Yuragiga tushgan dogʻga arzimas,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

Bandangni yarlaqa, qaddini togʻ qil,

Minnat azobidan mudom uzoq qil.

Eng ogʻir damlarda koʻnglini toʻq qil,

Hech kimga ichirma minnat oshini.

 

 

Yaxshi odamlar bor…

 

Yaxshi odamlar bor – farishta yuzli,

Suhbati tortimli, xushfeʼl, xushsoʻzli,

Manglayi yarqiroq, tole yulduzli –

Bosgan har qadami bogʻu rogʻ boʻlar.

 

Mukofot yo jazo odamga feʼli,

Yo oldga, yo ortga tortadi tili,

Manziliga eltar tanlagan yoʻli,

Koʻngli sogʻ odamda yurak sogʻ boʻlar.

 

Bilmay bir nokasga diling yorganda,

Qadru qimmatingni loyga qorganda,

Oʻzing istamagan joyga borganda

Oyogʻing ostida yermas, choʻgʻ boʻlar.

 

Kishida or-nomus va uyat boʻlsa,

Lafzihalolligu hamiyat boʻlsa,

Darz ketmagan ishonch, pok niyat boʻlsa,

Doim boshi baland, koʻksi togʻ boʻlar.

 

Yaxshi odam boʻlish baxtdir naqadar –

Oʻxshashi topilmas zavq tuyub yashar:

Nafi tegar boʻlsa kimgadir agar,

Eng oldin oʻzining koʻngli chogʻ boʻlar.

 

 

Pushaymon

 

Sen oʻzganing qoʻlin tutib ketgan kun,

Boʻgʻzimga tiqilib qolganda ovoz,

Bir kun toʻyib-toʻyib afsuslar cheksin,

Kuyib-oʻrtansin deb oʻylaganim rost.

 

Koʻzyoshday yumalab oʻtdi-ku yillar,

Seni olib ketdi yiroq va yiroq.

Kecha seni tuyqus uchratgan palla

Yuragimni tirnab, yayradi firoq.

 

Qani u koʻzlari kulib turgan qiz,

Qani u toʻrt fasl yashnagan dunyo?!

Qanday gʻamdan choʻkding, ey yorugʻ yulduz,

Seni mahzun etdi qanday muammo?!

 

Shunda toʻyib-toʻyib yedim pushaymon,

Senga dard-alamni tilagan menmi?

Koʻksimga musht urib, mast boʻlib, shodon

Yana muhabbatdan kuylagan menmi?

 

Chorasiz holimni anglatay qanday,

Boʻgʻzimga tiqilib qolyapti ovoz.

Guvoh boʻl! Hech narsa yuz bermaganday

Har qanday alamdan voz kechaman, voz!

 

Yuragimdan yulib olingan ey gul,

Quyoshday porlasin, kulsin yuzlaring.

Yoʻling yorugʻ boʻlsin, mudom baxtli boʻl,

Gʻam koʻrmasin sira qora koʻzlaring.

 

 

Tushunish

 

Imo-ishorada soʻylaydi sayyoh,

Shu shaklda javob qaytarar mezbon.

Ular biror soʻzni tushunmas, biroq

Bir-birining tilin tushunar oson.

 

Baʼzilar bor – umri umrmas, ogʻu,

Bir umr ezilar, armonda ketar.

Birga yashab, bitta tilda soʻzlar-u,

Bir-birining tilin tushunmay oʻtar.

 

 

Yaxshi tushlar koʻrsin

 

Isitmalab qolsam, ogʻrisam ozroq

Yo ishim yurmasa – toraysa olam,

Onam xavotirda qilar qoʻngʻiroq:

“Tushimga kiribsan, tinchmisan, bolam?”

 

Shukur, yaxshi, deyman, hammasi aʼlo,

Yuribman – ishim besh, oʻzim salomat.

Onam taskin topar va qilar duo,

Tilaydi ofiyat, omonlik, omad.

 

Doʻstlar, barchamizga yor boʻlsin tole,

Baxtdan yorugʻ boʻlsin xonalarimiz.

Tashvish, xavotirga tushmasin aslo,

Yaxshi tushlar koʻrsin onalarimiz.

 

 

Qizim

 

Tugʻildingu bagʻrimiz toʻldi,

Yuzimiz ham baxtimiz kuldi,

Olam birdan charogʻon boʻldi,

Jonim – qizim, jahonim – qizim.

 

Oʻz tilingda soʻzlab, chuldirab,

Kulgularing bilan kuldirib,

Gʻamlarimiz ortda qoldirib,

Baxtlar sochding, biyronim – qizim.

 

Nimalarga tikilib qolding,

Nega buncha oʻylarga tolding,

Kulding, soʻngra qovogʻing solding,

Bu dunyoga hayronim – qizim.

 

Oʻzim shodman seni erkalab,

Mayingina sochlaring silab.

Manglayingga asta bosdim lab,

Jannat boʻyli rayhonim – qizim.

 

Balolardan asrasin Egam,

Ey bugunim, ey mening ertam.

Koʻzim nuri, qarogʻim, erkam,

Jonim – qizim, jahonim – qizim.

 

 

Orif Tolib

1987-yili tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tugatgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi
bilan “Birinchi kitobim” loyihasida “Uchrashuv” nomli toʻplami chop etilgan.

 

 

“Yoshlik” jurnalining 2016-yil 12-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.