“Buyuk odamlar hech qachon noshukr boʻlmaydi”
Muvaffaqiyat haqida hikmatlar
Oʻzingiz orzu qilgan kishi boʻlishingiz uchun hech qachon kech emas.
Jorj Eliot
Agar sen biror narsani oʻylab topa olsang, uni bajarishga ham qodirsan.
Uolt Disney
Muvaffaqiyat faqat intiluvchan odamgagina nasib qiladi. Qiyin sharoitda tushkunlikka tushadiganlarni esa juda kam yoʻqlaydi.
Javoharlaʼl Neru
Bekorchilikdan aqliy va jismoniy lanjlik kelib chiqadi.
Dmitriy Pisarev
Buyuk muvaffaqiyatlar qatʼiyat va qunt-matonatning natijasi, xolos.
Semyuel Jonson
Umr oʻtkazishning ikkita usuli bor. Birinchisi, goʻyo hech qanday moʻʼjiza yoʻqday yashab oʻtish. Ikkinchisi, hayotdagi hamma narsa moʻʼjiza ekaniga ishonib yashab oʻtish.
Albert Eynshteyn
Hayot ogʻir mehnat va tashvishlarsiz sizga hech narsa hadya etmaydi.
Goratsiy
Obroʻ-eʼtiborni shakllantirish va mustahkamlash uchun yigirma yil kerak boʻladi. Uni yoʻqqa chiqarish uchun esa besh daqiqa ham yetarli. Agar siz buni jiddiy oʻylab koʻradigan boʻlsangiz, qilayotgan ishingizga munosabatingiz albatta oʻzgaradi.
Uorren Baffet
Odam mashgʻulot zallarida chempion boʻlmaydi. Chempion boʻlish uchun ishni ruhiyatdan boshlash kerak – istak, orzu va oʻz gʻalabasini aniq-tiniq his qilishgina kishini maqsadiga eltadi.
Muhammad Ali
Yalqov boʻla turib sogʻlom yurishni istagan kishi jim turib ovoz chiqarishni istagan kabidir.
Plutarx
Eng zoʻr qobiliyatlar bekorchilik sabab soʻnadi.
Mishel de Monten
Eng muhimi – muvaffaqiyatga erishish uchun nimadir qilish va bunga hoziroq kirishish. Juda oddiy boʻlishiga qaramay, muvaffaqiyatning eng asosiy sir-sinoati shu. Ajoyib-gʻaroyib gʻoyalar har kimda bor, biroq uni hayotda tatbiq etayotganlar, ayniqsa, ayni damda shu ish bilan shugʻullanayotganlar juda kam. Ertaga yoki keyingi hafta emas, hoziroq ishga kirishish kerak.
Nolan Bushnell
Hayotdagi eng birinchi va eng muhim narsa oʻzingni oʻzingga boʻysundirishga intilishdir.
Vilgelm Humboldt
Boshqalarga yordam berishga intiladigan odamgina muvaffaqiyatga erishadi. Faqat oʻz foydasini oʻylaydiganlar esa magʻlubiyatga uchrayveradi.
Brayan Treysi
Bekorchining tanasi qanday zaiflashayotganiga, suvi harakatsiz koʻlning sasiyotganiga boq.
Ovidiy
Maqsadsiz odam hech bir ishdan lazzat topmaydi.
Jakomo Leopardi
Odamni barbod qilish uchun koʻp narsa kerak emas, shunchaki u qilayotgan ish hech kimga kerak emasligiga uni ishontirish kerak, xolos.
Fyodor Dostoyevskiy
Butun umringiz davomida orzungizga intiling va vaqtingizni behuda sarlamang. Chunki havoga uchgan vaqt sizdagi barcha yaxshi narsalarni tortib oladi.
Aflotun
Muvaffaqiyat asosiy maqsadingiz koʻz oldingizda turganda keladi. Maqsadingiz koʻzdan nari ketishi bilan muvaffaqiyat ham ketadi.
Bernard Shou
Ish bilan mashgʻul boʻlmagan odam hech qachon toʻlaqonli baxtli boʻlolmaydi, ishyoqmas kishining yuzida hamisha norozilik va hafsalasizlik alomatlarini koʻrasiz.
Henrix Heyne
Noshukrlik kuchsizlikning koʻrinishidir. Buyuk odamlar hech qachon noshukr boʻlmaydi.
Gyote
Orif Tolib tarjimalari
“Yoshlik” jurnalining 2016-yil 11-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.