Alifbo va alifbe: farqi nimada?
Alifbo soʻzi arab alifbosi boshidagi 1- va 2-harflar – alif va bo nomidan olingan. Bu soʻz oʻzbekchada biror til yozuv shakllarining, yaʼni harf va belgilarining maʼlum tartibda joylashgan majmuini anglatadi: oʻzbek alifbosi.
Izohli lugʻatga koʻra, xuddi shu maʼnoda alifbe soʻzi ham ishlatiladi. Biroq hozir amaliyotda alifbe soʻzi alifbo maʼnosida qoʻllanmaydi. U asosan boshlangʻich savod chiqarish kitobini bildiradi: birinchi sinf oʻquvchilari uchun alifbe.
Alifbe soʻzi koʻchma maʼnoda ham ishlatiladi. Bunda u biror maslak, taʼlimot, ilm va shu kabilarning boshlangʻich asoslari, eng oddiy qoidalarini ifodalaydi.
📌 Demak, harflarning tartibli qatori uchun alifbo, savod kitobi uchun alifbe soʻzini ishlatgan afzal.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.