Ayyuhannos va ayuhannos

Ayyuhannos va ayuhannos

Ayyuhannos soʻzi arab tilidan kirgan, asliyatda ey odamlar degan maʼnoni anglatadi. “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da koʻrsatilishicha, arabchada ey undovini ifodalovchi ʼayyuha soʻzi, al- aniqlik artikli va odamlar maʼnosini bildiruvchi nas soʻzidan tarkib topgan.

Bu soʻz oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

 

 1️⃣ Olomonga, toʻdaga qarata qilinadigan xitob, nido.

 

Oʻrda jarchisi bozor va urunish joylarda toʻxtab: “Ayyuhannos! Bilmagan bilsin, eshitmagan eshitsin..” manzumasi bilan jar solib yurar edi.

A. Qodiriy, Mehrobdan chayon.

 

2️⃣ Shovqin-suron, hayqiriq; dod-faryod.

 

Isbot qilinmagan daʼvo! Muncha ayyuhannos!

Oybek, Tanlangan asarlar.

 

Ayyuhannos solmoq iborasi baqiriq-chaqiriq, dod-faryod bilan boshiga koʻtarish maʼnosini anglatadi.

 

E, odamlar, erimning dastidan dod! Bu olim emas, zolim-ku! – deya u battar ayyuhannos soldi.

Gazetadan.

 

Birinchi misolda keltirilgan parchadan bilish mumkin: qadimda jarchilar odamlarga ayyuhannos soʻzi bilan murojaat qilgan. Jarchi baland ovozda, baqirib gapirishga majbur, chunki soʻzlarini koʻpchilikka yetkazishi kerak. U birinchi boʻlib ishlatadigan ayyuhannos soʻzi keyinchalik baqir-chaqir qilish, shovqin koʻtarish holatlariga nisbatan ham qoʻllana boshlagan.

Imlo lugʻatlarida faqatgina ayyuhannos shakli keltirilgan. Lekin izohli lugʻatga ayuhannos ham shu soʻzning varianti sifatida kiritilgan.

 

📌 Demak:

Ayyuhannos, ayuhannos

 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.