Bananning ajoyib xususiyatlari
Banan yegan boʻlsangiz kerak-a? Hozirda bu mevani nafaqat supermarketlardan, balki bozorlardan ham topish mumkin. Oʻzimizda yetishtirilmagani sababli biroz qimmat, lekin baribir narxi osmonda emas.
Banan allergiya chaqirmaydi, hatto yosh bolalarga ham bersa boʻladi. S vitamini va kaliyga boy.
Bu mevaning vatani Osiyo changalzorlari hisoblanadi. Bananning poyasi, yaʼni shox-shabbalari daraxtniki singari baquvvat boʻlmaydi, shu bois soniyasiga 25 metrdan ortiq tezlikda esgan shamol butun bananzorni 1 daqiqaga qoldirmay payhon qilishi mumkin. Shuning uchun ham har bir oʻsimlikka tirgak qoʻyib chiqiladi.
Banan 8-10 haftada pishadi. Mevalar yashil holida uzib olinadi. Keyin maxsus zavodlarga yetiltirish uchun joʻnatiladi. Shundan soʻnggina savdoga chiqariladi.
Agar sotib olgan bananingizning poʻsti qorayishini istamasangiz, uni xona haroratida saqlang. Agar yanayam yetiltirishni xohlasangiz sovutgichga solib qoʻying. Bananning poʻstlogʻi biroz qorayadi, lekin mazasiga maza qoʻshiladi. Bu ishni xona haroratida ham qilish mumkin. Bananni jigarrang qogʻoz paketlarga bir kecha solib qoʻyish zarur.
Poʻstlogʻi yashil bananni sotib olishdan qoʻrqmang, uni yetiltirsa boʻladi. Aslida, bananni ataylab yashil holatda terib oladilar. Agar u pishib yetilguncha tursa, poʻstlogʻi yorilib ajraladi va bemaza boʻlib qoladi.
Banan urugʻidan emas, ildizidan koʻpaytiriladi. Bu mevani yetishtirish va koʻpaytirish uchun tropik iqlim, koʻp miqdorda quyosh
nuri va suv, oziq moddalarga boy tuproq kerak boʻladi.
Bananning yeyiladigan qismi – goʻshtidan tashqari, poʻstlogʻidan ham foydalanish mumkin. Uni atirgullarning tagiga koʻmilsa, yaxshi oʻgʻit vazifasini oʻtaydi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Ovoza” gazetasining 2009-yil 6-avgust (№31) sonida chop etilgan.