Imonning yarmi
Tozalik odamning feʼl-atvori, tutumi, oʻziga hurmatini, bir soʻz bilan aytganda, uning kimligini koʻrsatadigan belgilardan biridir. Oʻzini, yashaydigan joyini pokiza saqlaydigan odamni koʻrganingizda koʻnglingiz yorishadi, beixtiyor unga nisbatan hurmat uygʻonadi sizda. Buning aksi boʻlgan kishini koʻrish esa taʼbingizni xira qiladi, undan uzoqroq turishga, iloji boʻlsa umuman yaqin kelmaslikka, yaqin keltirmaslikka harakat qilasiz. Xullas, tozalikka intilish inson fitratida bor. Dinimizda ichki va tashqi pokizalikka katta eʼtibor qaratiladi. Paygʻambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam): “Poklik imonning yarmidir” (Muslim, Termiziy, Dorimiy, Ahmad), deganlar. Mufassirlar “imon” deganda namoz nazarda tutilganini, namozni toʻkis ado etish uchun esa tozalik eng zarur narsalar biri ekanini aytadi.
Imon zohiriy va botiniy poklikni – aʼzolarni va nafsni yomonliklardan poklashni talab etadi. Baʼzida “Eng muhimi koʻngil tozaligi”, deb, tashqi tozalikka unchalik eʼtibor bermaydigan kishilarni ham uchratamiz. Biroq oʻzini pokiza tutmaydigan, shundan erinadigan odamning koʻnglini toza tutishiga ishonish qiyin. Chunki qalbni poklash badanni poklashdan qiyin vazifadir.
Ozoda yurish Alloh sevadigan amallardan biri. Qurʼoni karimda: “Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdan poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara, 222), deyilgan. Musulmon uchun Yaratganga sevimli boʻlishdan koʻra ulugʻroq baxt yoʻq. Demak, tozalikka jiddiy eʼtibor berishimiz, unga chala-yarim emas, toʻla-toʻkis rioya etishimiz kerak.
Abu Hurayradan qilingan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Poklanish toʻrt qismdir: moʻylabni qisqartirish, kindik osti va qoʻltiq tuklarini olish, tirnoqlarni olish, tishni misvok bilan tozalash” (Buxoriy), deb marhamat qiladilar. Imonli, or-nomusli kishi uchun odamlar oʻzidan hazar qilayotganini sezishdek ogʻir, yuragini ezib yuboradigan holat boʻlmasa kerak. Bunday koʻngilsiz vaziyatga tushib qolmaslik uchun esa poklikka qatʼiy eʼtibor berib yurishimiz, ayniqsa, jamoat joylariga, masjidga, yigʻinlarga borayotganda oʻzimizga yana bir qur qarab olishimiz lozim.
Abu Saʼddan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Juma kuni gʻusl qilish, tish tozalash va topilsa, xushboʻy narsalar sepish har bir balogʻatga yetgan odam uchun vojibdir!” (Buxoriy) deydilar. Bilamiz, juma namozlarida jamoat boshqa namozlardagidan koʻp boʻladi. Pokizalikka eʼtibor bermay namozga kelgan kishi boshqalarga aziyat yetkazib qoʻyadi. Bu esa ibodatning savobini, darajasini tushirishi mumkin.
Tozalikning inson sogʻligiga foydasi, kayfiyati va ish unumiga ijobiy taʼsiri ilmda ham isbotini topgan. Ayniqsa, gʻuslning (toʻla choʻmilish) foydasi haqida koʻp yozilgan. Biroq tozalik deganda faqat badan va kiyim-bosh ozodaligi nazarda tutilmaydi. Uy-joy, yotoqxona, hovli, ishxona, umuman, odam oʻzi yashaydigan, faoliyat yuritadigan joylarni ham pokiza saqlashi kerak. Bu turli xil kasalliklarning paydo boʻlishi va rivojlanishidan ham himoya qiladi.
Orif TOLIB
“Yillik taqvim – 2013”da chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.