Tabaq, taboq va tovoq
Tabaq soʻzi hozirgi tilimizda ishlatilmaydi hisob, taboq yoki tovoq shaklidan foydalanamiz. Bu soʻzlarning hammasi arabcha tabaq soʻzining turli talaffuz koʻrinishlaridir. Lekin oʻzbekchada farqli maʼno qirralariga ega.
Tabaq arabchada qopqoq; likop, lagancha maʼnolarini anglatadi. Oʻzbekchada esa:
1️⃣ Oldin kitobiy tilda tovoq maʼnosida ishlatilgan:
Lochirayu patirlar, shirinliklar, tabaqlarda etu kulchatoy, kosalarda shoʻrvalar…
Mirmuhsin, Meʼmor.
2️⃣ Chop qilingan bosma matnni oʻlchash birligi, bosma tabaq. Lekin hozirgi tilda asosan taboq shaklida qoʻllanyapti.
Bu lugʻat taxminan 25 tabaq hajmida.
“OʻTA”.
Taboq soʻzining maʼnosi tabaq bilan bir xil. Lekin amalda undan bosmaga oid soʻzlardagina foydalanilyapti:
Bosma taboq. Nashriyot hisob tabogʻi. Shartli bosma taboq.
Osh suziladigan idish maʼnosida tovoq shakli qoʻllanadi:
Sopol tovoq. Chinni tovoq. Tunuka tovoq.
Tovoq soʻzi shevada toboq shaklida ham ishlatiladi:
Palov suzilib, uchovara bir toboq boʻldi.
T. Murod, Ot kishnagan oqshom.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.