Birga: vergul kerak emas

Birga: vergul kerak emas

Koʻp kuzatiladigan xatolardan biri birga ravishidan soʻng vergul ishlatishdir. Birga soʻzi oʻzbek tilida birgalikda, hamkorlikda, baravar, bir qatorda, yonida kabi maʼnolarda qoʻllanadi. Bu holatlarning hech biri vergul talab qilmaydi.

Chalgʻituvchi bir holat bor va vergul asosan shunday oʻrinlarda yanglish ishlatiladi. Birga soʻzi bilan koʻmakchisidan keyin kelib, qatorida, bir qatorda; shuningdek maʼnolarini anglatganda ham vergul qoʻymaslik kerak! Masalan:

 

Maqsadim – bolalarni oʻqitish bilan birga oʻz bilimimni ham oshirish. ✅

Maqsadim – bolalarni oʻqitish bilan birga, oʻz bilimimni ham oshirish. ❌

 

Shu bilan birga tashkiliy masala ham koʻrib chiqildi. ✅

Shu bilan birga, tashkiliy masala ham koʻrib chiqildi. ❌

 

Izohli lugʻatda shu bilan birga birikmasidan soʻng baʼzi oʻrinlarda vergul qoʻyilgan, baʼzi oʻrinlarda esa – yoʻq. Men “ehtiyoj boʻlmasa, ishlatma” degan tamoyilga amal qilaman va shunga koʻra, vergulsiz variantni maʼqullayman.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.