“Chin-Mochin”, “toʻrt mucha”, “juftakni rostladi” – biz bilgan soʻzlarning biz bilmagan maʼnosi

“Chin-Mochin”, “toʻrt mucha”, “juftakni rostladi” – biz bilgan soʻzlarning biz bilmagan maʼnosi

Ayrim soʻz va iboralarni bot-bot eshitamiz, oʻzimiz ham qoʻllaymiz, lekin ularning asl maʼno-mazmuni nima ekaniga koʻpda ahamiyat bermaymiz. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlardan baʼzilari haqida soʻz yuritadi.

 

Chin-Mochin. Chin – Xitoy. Mochin qayer?

Badiiy adabiyotlarda, ayniqsa, ertaklarda Chin-Mochin, Chinu Mochin kabi iboralarga koʻzimiz tushadi. Baʼzam oʻzimiz ham soʻzlashuvda ishlatamiz. Chin Xitoy ekani koʻpchilikka maʼlum. Bu yurt nomi inglizchada ham China deyiladi. Xoʻsh, Mochin qayer?

Mochin hindcha Moho – katta va Chin soʻzlaridan, Katta Chin degan maʼnoni anglatadi.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, Mochin qadimda Xitoyning shimoli va shimoli-gʻarbida yashagan xalqlar nomidan kelib chiqqan joy nomi.

Mochinning oʻrni ijtimoiy-siyosiy vaziyat va xalqlarning koʻchishi natijasida oʻzgarib turgan. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk”da Yuqori Chinda istiqomat qilgan tabgʻachlar keyingi davrda mochin deb atalganligini aytadi. “Mochinliklar va chinliklarning alohida tillari bor boʻlsa ham, shaharliklar turkchani yaxshi biladilar, biz bilan yozishmalari turkchadir”, deb yozadi ulugʻ tilshunos.

Abdurasul Abduxoliq oʻgʻli “Chin va Mochin” kitobida Maxmud Koshgʻariy oʻz dunyo xaritasida Mochin deb chizgan joy Koreya yarim oroli boʻlishi kerak degan fikrni ilgari suradi va u hozirgi Manjuriya hududiga toʻgʻri kelishini aytadi.

Chin va Mochin soʻzlari qadimda turkiy xalqlar yashagan hududlarga nisbatan ham ishlatilgan. Keyinchalik ular anglatadigan maʼno oʻzgargan.

 

Toʻrt muchaga nimalar kiradi?

“Toʻrt muchasi sogʻ” degan gapni koʻp eshitamiz. Badiiy adabiyotlarda ham bu ibora bot-bot koʻzga tashlanadi. Mucha soʻzining lugʻaviy maʼnosi kishi aʼzosidir. Toʻrt muchasi sogʻlik esa jismonan sogʻlomlikni anglatishi maʼlum.

Lekin toʻrt mucha deganda aynan qaysi tana aʼzolari nazarda tutiladi? “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ga koʻra, toʻrt mucha oyoq, qoʻl, koʻz va quloqdir.

Misol:

Toʻrt muchasi sogʻ odamga bekorchilikdan yomon dard yoʻq ekan.

S. Siyoyev, “Avaz”.

 

“Juftakni rostladi”: juftak nima?

Tilimizda juftakni rostlamoq, juftakni urmoq va baʼzan juftak otmoq iboralari qoʻllanadi. Ular qochib qolmoq, orqa-oldiga qaramasdan qochmoq maʼnolarini anglatadi:

 

Omon menga qaradi, men “tagʻin bir balo boʻlib qoldi shekilli” deb allaqachon juftakni rostlagan edim.

Gʻ. Gʻulom, “Shum bola”.

 

Ibora tarkibidagi juftak soʻzi fors tilidan olingan boʻlib, ikki oyoqlab tepish maʼnosini anglatadi. Forschada ot, mol kabi hayvonlarning keyingi ikki oyoq bilan tepishi, tepinishiga ham shu soʻz ishlatiladi.

❗️ Lekin tepki maʼnosidagi juftak soʻzi oʻzbek tilida mustaqil ishlatilmaydi. U faqat ibora tarkibida qoʻllanadi, xolos. Uning omonimi ham bor. Misgarlikda ishlatiladigan ombirsimon qisqich ham juftak deyiladi. Albatta, bu boshqa soʻz.

 

Darranda – yirtqich hayvon

Kitoblarda, gazeta-jurnallarda parranda-darrandalar degan soʻzga duch kelgan boʻlsangiz kerak. Parranda nimaligini koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz: har qanday qush zoti. Uyda boqiladiganlari uy parrandasi deyiladi. Masalan, tovuq – uy parrandasi. U ham aslida qush.

Xoʻp, bu gaplar tushunarli. Lekin darranda nima?

Darranda – asli forscha soʻz, pora qilmoq, parchalamoq maʼnosidagi feʼlning hozirgi zamon shakli. Izohli lugʻatga koʻra, oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi.

 

1️⃣    Sutemizuvchi yirtqich, vahshiy hayvon:

 

Darrandalarning ayrimlari – sariq yumronqoziq va sugʻurlar qish va yozda uzoq uyquga ketadi.

“Fan va turmush”

 

2️⃣    Koʻchma maʼnoda. Yovuz, yirtqich:

 

Darranda dushmanlar serjahl, asabiy,

Kuchanar devorni sindiray deya.

M. Shayxzoda, “Chorak asr devoni”.

 

Demak, darranda yirtqich hayvon, koʻchma maʼnoda esa yovuz, yirtqich deganidir.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.