Imloga mustaqillik kerak: til tabiatidan yiroq qoidalar

Imloga mustaqillik kerak: til tabiatidan yiroq qoidalar

Inson erkin boʻlishi kerak. Har qanday holatda. Shundagina u toʻlaqonli yashaydi. Albatta, erkinlik degani tartib-qoidalarga boʻysunmaslik kerak degani emas. Hayot tartibsiz izdan chiqadi. Lekin tabiiylikka zid tartib-qoidalar ham hayotni ogʻirlashtiradi, oʻrinsiz qiyinchiliklar yaratadi. Bu narsa tilda, jumladan, imloda ham koʻzga tashlanadi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shu mavzuda soʻz yuritadi.

 

Islohtalab qoidalar

1995-yil 24-avgustda “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari” tasdiqlangan. Oʻtgan yillar mobaynida qoidalar tildagi juda koʻp hodisalarni qamrab olmagani, tuzatishlarga muhtoj ekani sezilib qoldi. Lekin unga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmadi. Hozir oddiy foydalanuvchilar orasida ham, ilmiy jamoatchilik orasida ham lotin alifbosi isloh boʻlishi va ana shu jarayonda imlo qoidalariga oʻzgartirishlar kiritilishiga umid bogʻlayotganlar koʻp.

Oddiy sentyabr-sentabr muammosi haligacha yechilmagani til sohasidagi egasiz muammolarning bittasi, xolos. Tinish belgilarini qoʻllash va oʻzlashma soʻzlarni ifodalashdagi yanglish yondashuvlarni, imlo lugʻatlaridagi xilmaxilliklar, izohli lugʻat, imlo lugʻatlari va milliy ensiklopediyadagi ayrichaliklarni toʻgʻrilash kabi masalalar koʻp yillardan beri yechimini kutib yotibdi.

Yangi imlo qoidalarini qabul qilishda keng jamoatchilikdan fikr va takliflar olinishi kerak deb hisoblayman. Qoidalar muhokamaga qoʻyilishi, unga mutaxassislar ham, nomutaxassislar ham taklif va tuzatishlarini berishlari kerak. Asosli va mantiqli fikrlar albatta inobatga olinishi zarur. Imlo qoidalari olimlar, jurnalistlar, davlat xizmatchilari yoki blogerlar uchungina emas. U alaloqibat hamma uchun –  butun xalq uchun.

Amaldagi imlo qoidalaridagi, imlo qoidalariga kirmagan boʻlsa-da, odatga aylanib, qoidaday koʻrina boshlagan, lekin til tabiatiga va mantiqiga zid baʼzi holatlar haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Ular yangi imlo qoidalarida toʻgʻrilanishi kerak.

Ushbu fikrlarga mutasaddilar, tilshunos va lugʻatshunoslar, til masalasiga befarq boʻlmagan ziyolilar eʼtibor qaratadi, oʻz mulohazalarini, kerak boʻlsa, raddiyalarini bildiradi degan umiddaman. Asosiy maqsad – oʻzbek tili tabiatiga mos, maʼnoni tushunarliroq ifodalashga xizmat qiladigan imlo qoidalariga ega boʻlish.

 

Rus tili imlo qoidalariga qaramlik

Rus tili – juda boy, fikrni keng qamrovda ifodalash imkoniga ega boʻlgan til. Uning imlo va punktuatsiya qoidalari anchagina
puxta ishlangan, takomillashtirilgan. Oʻzbek tilining kiril imlosidagi qoidalariga rus tili orfografiyasi, punktuatsiyasi asos qilib olingan. Ammo orada oʻzbek tili tabiatiga zid tartib-taomillar ham koʻr-koʻrona oʻzlashtirilgan holatlar yoʻq emas.

Amaldagi imlo qoidalari oʻzbek lotin alifbosini nazarda tutib ishlangan boʻlsa-da, kirill yozuvidagidek ruschaga qaramlik, oʻzlashma soʻzlarni rus tili orqali olishga ishtiyoq sezilib qolgan oʻrinlar bor. Jumladan, qoidalarning 48-bandida shunday deyiladi:

“Rus tilidan aynan oʻzlashtirilgan yoki soʻzma-soʻz tarjima qilish yoʻli bilan hosil qilingan qoʻshma soʻzlar qoʻshib yoziladi: kinoteatr, radiostansiya, fotoapparat, elektrotexnika; teleko‘rsatuv, yarimavtomat, bayramoldi, suvosti kabi”.

Bu yerda “rus tilidan aynan” oʻzlashtirish haqida gap boradi. Nega aynan oʻzlashtirish kerak? Axir oʻzbek tili alohida tabiatli, boshqa til oilasiga mansub til-ku! Soʻzlarni aynan va muayyan bir til orqaligina oʻzlashtirish erkinlik hissi yetishmasligidan.

48-bandda keltirilgan barcha soʻzlarning imlosiga qoʻshilish mumkin. Ular oʻzbek tilida qoʻshma soʻz va bitta tushunchani ifodalaydi. Lekin bu qoida har doim ham oʻrinli emas. Hozir kirill va lotin yozuvlaridagi eng keng qamrovli lugʻat 2013-yili “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan lugʻatlardir. Ushbu lugʻatlarda, balki, 48-banddagi qoidaga amal qilish istagi bilandir, yarimdoira, yarimhalqa, yarimkecha, yarimochiq, yarimtun, yarimoʻlik kabi soʻzlar ham qoʻshib yozilgan. Rus tilida bitta soʻz hisoblangan, qoʻshib yozilgan har qanday soʻz oʻzbek tilida ham shunday yozilavermaydi. Bu holat ayniqsa yarim kecha va yarim tun soʻzlarida yaqqol koʻrinadi. Ruschada polnoch degan soʻz qoʻshib yozilgani uchun uning tarjimasini oʻzbekchada ham qoʻshib yozishimiz kerakmi? Yarim soat, yarim asr, yarim oy kabi birikmalar-chi? Oʻzbek tilida qoʻshma soʻz hisoblanmaydigan bunday birikmalar ajratib yozilishi kerak.

 

Sifatlovchili oʻzlashma soʻzlar imlosi

Tilimizga yangi-yangi soʻzlar kirib kelyapti. Aksariyati ingliz tilidan. Yangi tushunchalarga koʻpincha ot qoʻya olmayapmiz, atamalarni shundayicha qabul qilyapmiz. Biroq shuni ham juda doʻndirayotganimiz yoʻq. Aksariyat hollarda rus tili orqali olyapmiz. Bu imloda ham sezilyapti. Ayniqsa, sifatlovchili oʻzlashma soʻzlarda oʻzbekchaga xos boʻlmagan imloga koʻzimiz oʻrganib ketganidan, toʻgʻrisini xato, xatosini toʻgʻri deb qabul qila boshladik.

Sifatlovchi oʻzi nima? Hokim boʻlakdan anglashilgan narsaning belgisini bildirib, qanday, qanaqa, qaysi, qancha soʻroqlariga javob boʻlgan aniqlovchiga sifatlovchi aniqlovchi deyiladi. Masalan, qizil olma soʻzida qizil sifatlovchi aniqlovchi, u olmaning qandayligini sifatlayapti. Xuddi shu qolipdagi birikmalarni biz rus tili imlosi taʼsirida chiziqcha bilan yozaveramiz. Aslida chiziqcha mutlaqo ortiqcha. Qizil olma soʻzi orasiga defis qoʻymaymiz-ku.

Baʼzi soʻzlar misolida koʻrib chiqsak.

Hotdog soʻzi inglizcha hot va dog soʻzlaridan. U tezpishar ovqat turini, yaʼni bitta tushunchani anglatgani uchun qoʻshib yozilishi kerak. Rus tilida chiziqcha bilan yoziladi: xot-dog. Bu rus tili uchun toʻgʻri, chunki rus tili orfografiyasida shunday qoidaga amal qilinadi.

Bu soʻzni xotdog, xot dog yoki xot-dog shaklida qattiq x bilan yozish xatodir. Soʻz inglizcha, inglizchada h tovushi bilan aytiladi va u haqiqat, himoya, hudud kabi soʻzlarda qatnashgan boʻgʻiz tovushiga juda yaqin talaffuz qilinadi. Shu sababli h bilan yozish kerak. Bunga oʻxshash holatlar juda koʻp.

Endi ajratib yoziladigan soʻzlarga kelsak. Internet provayder, hosting provayder, internet banking, onlayn maktab, onlayn dars, onlayn muloqot, veb sayt (yoki vebsayt), veb portal, veb kamera, ofis menejer kabi soʻzlar ham hech qanday chiziqchasiz yoziladi. Chunki soʻz birikmasidagi birinchi soʻz keyingisini sifatlab kelyapti va qanday soʻrogʻiga javob boʻlyapti: qanday provayder – internet provayder, qanday maktab – onlayn maktab, qanday menejer – ofis menejer. Bunday soʻzlar orasiga chiziqcha qoʻyish xuddi qizil-olma deb yozishga oʻxshaydi.

Amaldagi imlo qoidalaring 54-bandida aytiladi:

“Rus tilidan aynan yoki soʻzma-soʻz tarjima qilish yoʻli bilan olingan soʻzlar asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi”.

Bu yerda ham yuqoridagi kabi rus tilidan aynan olishga urgʻu berilgan. Bu – xato yondashuv. Oʻzlashma soʻzni oʻzbek tili tabiatiga mos olish kerak. Oʻzbekchada aniq qoida koʻzda tutilmagan boʻlsa, asliyatga eʼtibor berish kerak, vositachi tilga emas.

Unter-ofitser soʻzi asli nemischa ekan. Asliyatda qoʻshib yozilar ekan.

Quyida shunga oʻxshash soʻzlarning asliyati, ruscha va oʻzbekchadagi imlosi aks etgan kichik jadval bilan tanishasiz:

2013-yilgi lugʻatlarga yuqorida tilga olingan soʻzlarning baʼzilari kiritilgan, xolos: xot-dog, xosting, on-layn, veb-sayt. Soʻzlarni bu shaklda yozish oʻzbekchaga xos emas.

 

Xorijiy joy nomlari – eng koʻp xato yoziladigan soʻzlar

Xorijiy joy nomlarini yozishda ham ruschadan koʻchirishga odatlanganmiz. Nega bunday qilayotganimiz, aslida boshqacha yozilishi kerakligi haqida deyarli oʻylab koʻrmaymiz.

Rus tilida qoʻshma soʻz yoki sifatlovchili birikma shaklidagi joy nomlari chiziqcha bilan yoziladi va bu rus tili uchun toʻgʻri. Soʻzlar asliyatda qoʻshib yoki ajratib yozilishi  rus tili uchun ahamiyatsiz, u chiziqcha ishlatadi – tamom. Masalan, rus tilida Oʻrtabuloq toponimi Urta-Bulak shaklida,  Mirzo Ulugʻbek tumani nomi Mirzo-Ulugbekskiy rayon shaklida yoziladi. Oʻzbekchada esa qoʻshma soʻzlar va sifatlovchili birikmalar chiziqcha bilan yozilmaydi. Bizda juft va takror soʻzlar orasiga chiziqcha qoʻyiladi.

Rus tili ishlangan, qoidalari har tomonlama pishitilgan, koʻp oʻrganilgan til. Ruschada hatto joy nomlari lugʻati ham bor. Unga 40 000 ta toponim kiritilgan ekan. Oʻzbekchada esa, afsuski, bunday lugʻat yoʻq. Davlat tilini rivojlantirish uchun shunaqa lugʻatlar ham tayyorlash kerak, menimcha.

Toʻgʻri, rus tilidan oʻrganish kerak, joy nomlarini baʼzida oʻzgarishsiz ham olish mumkin. Lekin har doim emas.

H tovushli toponimlar g bilan olinganini sharhsiz aytib oʻtsak, yetarli. Chunki bu masalaga alohida toʻxtalamiz. Bunday soʻzlar juda koʻp. Gollandiya emas, Hollandiya; Gonduras emas, Honduras va hokazo.

Nyu York shahri nomini koʻpincha Nyu-York deb yozamiz. Asliyatda New York, Yangi York degan maʼnoda. Sifatlovchili joy nomlari, masalan, Yangi Margʻilon, Koʻhna Urganch, Katta Qozirabod oʻzbek tilida ajratib yoziladi. Demak, nomi mazmunan oʻxshash boʻlgan Nyu Yorkni ham chiziqchasiz yozish zarur. Aytmoqchi, men harfini oʻzbek tili uchun mutlaqo ortiqcha deb bilaman. Nasib qilsa, bu haqda alohida yozaman.

Kot d’Ivuar soʻzi fransuzchada République de Côte d’Ivoire shaklida yoziladi. Lekin ruscha variantida chiziqcha orttirilgan. Oʻzbek tilida chiziqcha kerak emas. D harfidan keyin kelgan apostrof belgisi rus tili alifbosida yoʻq. Lekin u yaqinda yozuvdagi yangi belgi turkumiga – noharfiy orfografik belgilar qatoriga kiritilibdi. Oʻzbek tilida ham shu va shunga oʻxshash holatlar imlo qoidalariga kiritilishi kerak.

Rio de Janeyro shahri nomi ham ruschada Rio-de-Janeyro shaklida yoziladi. Oʻzbekchada chiziqchalar mutlaqo ortiqcha. Bu shahar nomi portugalchada Rio de Janeiro shaklida yoziladi va yanvar daryosi maʼnosini beradi.

Mayli, kimlarningdir gʻashiga tegsa ham aytay. Hatto Sankt-Peterburg shahri nomini ham chiziqchasiz yozish kerak. U asli nemischa, dastlabki niderlandcha shakli Sankt Pieter Burch boʻlgan. Maʼnosi – Avliyo Pyotr shahri. Lekin buni qabul qilish oʻta-oʻta qiyin boʻlsa kerak.

Bizda joy nomlari lugʻati yoʻq. Foydalanuvchilar bu borada ikkilanib qolganda koʻpincha milliy ensiklopediyaga murojaat qiladi. Afsuski, milliy ensiklopediya joy nomlari imlosini aksariyat holatlarda ruschadan aynan koʻchirib qoʻya qolgan.

 

Quyida baʼzi xorijiy joy nomlarining solishtirma imlosi berilyapti. Aslida ruschadagidan farqli yozilishi kerak boʻlgan joy nomlari juda koʻp.

“H” tovushli oʻzlashma soʻzlar imlosi

Rus tilida
yumshoq h tovushi yoʻq, ruslar h tovushini talaffuz qilolmaydi va uning oʻrniga g deb aytadi. Ammo bu nuqson emas. Til xususiyati shunday. Til oʻzida boʻlmagan tovush(lar)ni oʻziga moslab, oʻzi eshitgan va tushunganday ifodalaydi. Bu – tilning mustaqillik huquqi. Oʻzbek tilida esa h tovushi bor, uni talaffuz eta olamiz. Biroq oʻtgan asrda oʻzlashma soʻzlar rus tili orqali olingani uchun biz ularni ruslar qanday talaffuz qilsa, shundayligicha qabul qildik.

Mustaqillik arafasida va undan keyin asliyatga mos shaklda oʻzlashtirishlar, asliyatga mos shaklda yozishlar isteʼmolga kirdi. Lekin toʻliq emas. Quloq oʻrgangan, qonga singib ketgan soʻzlarni boshqacha talaffuz qilishga, yozishga oʻrganish oson kechmaydi. Bu baʼzida kulgili, baʼzida behuda qaysarlik, gohida esa oliftalikdek tuyulishi mumkin. Masalan, gidro- soʻzini hidro-, gibrid soʻzini hibrid deb aytish yo yozishni tasavvur qilib koʻring.

Oʻtgan oʻttiz yillik vaqt mobaynida asosan atoqli otlar va joy nomlarini asliyatga mos yozishga nisbatan koʻnika oldik. Masalan, Humbolt, Hyugo kabilar.

Xoʻsh, qaysi yoʻl toʻgʻri? Qaysi birini qoʻllash kerak? Bu borada aniq bir qoida yoʻq. Shaxsiy tanlovga koʻra qoʻllanadi. Fikrimcha, oʻrta yoʻlni tanlagan maʼqul: ommalashib ketgan, hamma oʻrgangan soʻzlarning amaldagi imlosini taqiqlamaslik, ammo iloji boricha asliyatga mos imloni qoʻllash kerak. Yaʼni Gitler deb yozgan kishini qoralamaslik, lekin Hitler deb yozish zarur. H tovushi qatnashgan uncha mashhur boʻlmagan va yangi oʻzlashma soʻzlarni faqat h bilan oʻzlashtirish darkor. Bunda Gyoteni Hyote deb olishga oʻxshash qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun chet soʻzlarni asliyatga solishtirib olish kerak.

Bunday yozish bilan nima oʻzgaradi? Osmon uzilib yerga tushadimi? Yoʻq, lekin til mustaqilligi sari kichik bir qadam tashlanadi.

 

Yonma-yon undoshlar: oʻqilmaydigan harf nega kerak?

Imlo qoidalarining 31-bandida yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi boʻyicha shunday qoida belgilangan:

Metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi oʻzlashma soʻzlar oxirida bir undosh aytilsa ham, ikki harf yoziladi. Lekin bunday soʻzga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qoʻshilsa, soʻz oxiridagi bir harf yozilmaydi: metall + lar = metallar, kilogramm + mi = kilogrammi kabi”.

Menimcha, yangilanadigan imlo qoidalarida bunga oʻzgartirish kiritish kerak. Yakka holda ham, qoʻshimchalar qoʻshilganda ham bitta harf yozilishi oʻzbek tili tabiatiga mosroq boʻladi.

Imlo talaffuzga qancha yaqin kelsa, tushunilishi ham shuncha osonlashadi.

Hozirgi qoidalarga koʻra yozilganda baʼzida tushunarsiz holatlar kelib chiqadi: kilogrammi.

Bunda nima nazarda tutilgan? “Kilogrammi?” deb soʻrayaptimi yo biror narsaning kilogrami haqida gap ketyaptimi?

Mann, Yohann, Pruss kabi kishi nomlari haqida ham shunday fikr aytish mumkin. Ularni ham Man, Yohan, Prus deb yozgan afzal.

Xullas, oʻzi talaffuz etilmaydigan va oʻquvchini chalkashtiradigan harfni saqlab qolishga hech qanday ehtiyoj yoʻq.

 

Albatta, masalaga konservativ yondashilsa, hech narsani oʻzgartirishning keragi yoʻq. Hamma oʻrgangan, odatlanib qolgan yoʻlni tutavergan maʼqul. Qolaversa, bu sal maydaroq masala ham boʻlib koʻrinishi mumkin. Lekin bunday qarash bilan yangilanish va yaxshilanishlarga erishib boʻlmaydi.

Imlo – bizniki. Uning qulay, mantiqli va tilimizga mos boʻlishi eng birinchi galda oʻzimizga kerak. Imlodagi mustaqillik – shaxsiy, milliy mustaqilligimizning bir parchasi. Masalaga shu jihatdan qaralsa, uning ahamiyati kattaligi oydinlashadi.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.