Dogʻiston Respublikasi
Maydoni: 50 270 kv.km.
Aholisi: uch million kishi.
Poytaxti: Mahachqala shahri.
Tuzumi: respublika (Rossiya Federatsiyasi subyekti).
Davlat boshligʻi: prezident.
Maʼmuriy tuzilishi: 42 ta tumanga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Maxachqala, Darband, Xasavyurt.
Pul birligi: rossiya rubli.
Jugʻrofiy oʻrni. Dogʻiston janubda Ozarboyjon, janubi-gʻarbda Gurjiston, gʻarbda Checheniston, shimoli-gʻarbda Stavropol oʻlkasi va Qalmiqiya Respublikasi bilan chegaradosh. Hududning shimoldan janubgacha oʻrtacha uzunligi 400 km., gʻarbdan sharqqacha uzunligi esa 200 km. atrofida. Dogʻiston shimoli va markazida moʻʼtadil-kontinental va quruq, janubda – Kaspiy dengizi sohili va Kasbiyboʻyi pasttekisliklarida
subtropik chala quruq iqlim hukmron.
Tarixi. Hozirgi Dogʻiston hududi, ayniqsa, oʻlkaning togʻli yerlari tarixiy adabiyotlarda turlicha atalgan. Baʼzan nom qoʻshni elatlarga nisbatan olinan boʻlsa, baʼzida hududni zabt etgan fotihlar unga oʻz tillarida nom qoʻyib olishgan.
Ayrim tarixchilar “Togʻlar oʻlkasi” maʼnosini beruvchi qadimgi “Albaniya” mamlakati Dogʻiston ekanini taʼkidlaydi. Arab tarixchisi X asrda bu oʻlkani “Ard as-sarir”, yaʼni “Podsholik mamlakati” deb atagan. Gurji tarixchilari esa Dogʻistonga “Leketiya” deb nom beradi. “Dogʻiston” nomining oʻzi XVII asrdan maʼlum, u turkiycha boʻlib, “Togʻlar oʻlkasi” degan maʼnoni anglatadi.
Dogʻiston hududida odam paleolit davridan boshlab yashab keladi. Miloddan oldingi 1-ming yillikning oxirlarida Dogʻiston aholisi Ozarbayjon hududida vujudga kelgan yirik davlat – Kavkaz Albaniyasi fuqaroligiga oʻtgan. Milodiy III asrda janubiy Dogʻistonni sosoniylar bosib olgan. IV asrga kelib Kaspiy sohillarini xunnlar egallagan. 664-yili Dogʻistonni arablar fath etgan. VI – XI asrlarda poytaxti Xunzax boʻlgan Sarir podsholigi hukmronlik qilgan. Ushbu podsholik XI-XII asrlarda inqirozga yuz tutgach, poytaxti Qozi Qumux boʻlgan Shamxal musulmon qirolligi tashkil topadi. 1239-1240-yillarda oʻlkani moʻgʻullar bosib oladi. XIV asrga kelib Dogʻiston hududi Temuriylar saltanati tarkibiga kiradi. XVI asr oʻrtalarida markazlashgan rus davlati tashkil topgach, Rossiyaning Dogʻistonga qiziqishi oshdi. 1722-yili Pyotr I qoʻshinlari Dogʻistonning dengiz sohillarini bosib oldi. 1735-yilgi Ganja shartnomasidan soʻng bu joylar Eronga topshirildi. 1813-yili Guliston sulh shartnomasiga binoan Dogʻiston Rossiya qaramogʻiga oʻtdi. Ammo podsho hukumatining mustamlakachilik siyosati togʻliklarning qoʻzgʻolonlariga sabab boʻldi. XIX asrning 30-yillarida togʻliklarning mustamlakachilikka qarshi milliy ozodlik harakati boshlandi. Harakatga Dogʻiston va Checheniston imomlari – Gʻozi Muhammad, Hamzatbek va Shomil rahbarlik qildi. 1817 – 1864-yillardagi Kavkaz urushlari natijasida qoʻzgʻolon bostirildi.
1917-yil 1-dekabrda Petrovsk-Portdagi mitingda Shoʻro hokimiyati oʻrnatilgani eʼlon qilindi. Ammo 1918-1920-yillarda nemis-turk qoʻshinlari va oq gvardiyachilar hududni bosib oldilar. 1920-yil mart oyida qizil armiya kuchi bilan Dogʻistonda yana Shoʻro hokimiyati tiklandi.
1920-yil 13-noyabrda Dogʻiston xalklarining favqulodda qurultoyida bolsheviklarning tazyiqi bilan Shoʻro muxtoriyatini tuzish haqida qaror qabul qilindi. 1921-yil 20yanvarda Butun Rossiya MIK dekreti bilan RSFSR tarkibida Dogʻiston ASSR tashkil qilindi. Shu davrdan to 1991-yil maygacha Dogʻistondagi iqtisodiy taraqqiyot, maorif, fan va madaniyatning rivoji bir yoqlama yoʻldan bordi. 1991-yil maydan oʻlka Dogʻiston Respublikasi deb nomlandi. 1994-yili Dogʻiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilindi. 2006-yili Muxu Aliyev Dogʻistonning birinchi prezidenti etib tayinlandi.
Iqtisodi. Sanoat mahsulotining 80 foizi oziq-ovqat, mashinasozlik, yengil sanoatga toʻgʻri keladi. Iqtisodiyotida elektr energetika va nefty chiqarish, qurilish materiallari, kimyo sanoati ham muhim rol oʻynaydi. Eng yirik elektr stansiyalari – Chiryurtov GES, Gergebil GES va Chirkey GES. Tabiiy gaz qazib olinadi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo va oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻn-poyabzal sanoati ham bor. Dogʻiston gilam toʻqish va zargarlik bobida qadimdan mashhur. Qishloq xoʻjaligida bogʻdorchilik, tokchilik va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Chorvachilikda qoʻychilik asosiy oʻrinni egallaydi. Koʻproq goʻsht-jun beradigan qoʻylar boqiladi.
Temir yoʻllar uzunligi 435 km, avtomobil yoʻllari uzunligi 9600 km. Havo transporti Maxachqalani boshqa shaharlar bilan bogʻlaydi. Maxachqala yirik dengiz porti hamdir.
Aholisi. Dogʻistonda tugʻilish yuqori darajada, shu sababli mamlakat 2002-2010-yillarda aholi soni boʻyicha Rossiyaning juda koʻp yirik oʻlkalarini orqada qoldirdi. Hozir Dogʻiston Rossiya subyektlari ichida aholi soni boʻyicha 13 oʻrinda turadi.
Mamlakatda koʻp sonli xalq va elatlar yashaydi. Shu sababli 14 ta tilga davlat tili maqomi berilgan. Avarlar (29,4 foiz), darginlar (16,5 foiz), qoʻmiqlar (14,2 foiz), lezginlar (13,1 foiz) nisbatan koʻpchilikni tashkil etadi.
Dini. Aholisining asosiy qismi – toʻqson besh foizi musulmonlar. Shuningdek, pravoslav nasroniylari, yahudiylar ham bor.
Oʻlkaga musulmonlar – savdogar va harbiylar VII asrdayoq kelgan. Darbandda Rossiyadagi eng qadimgi masjid saqlangan. U VIII asrda qurilgan. Dogʻistonliklar sharq xalqlari bilan mustahkam savdo aloqalarini oʻrnatgan. Bu hududdan topilgan juda koʻp musulmon tangalari shundan dalolat beradi. Dogʻistonda Islom dini sekin-asta va tinchlik yoʻli bilan tarqalgan.
Orifjon Madvaliyev
2011