Doya va akusherka: farqi nimada?
Izohli lugʻatga koʻra, doya soʻzi oʻzbekchada uch xil maʼnoda qoʻllanadi:
- Toʻlgʻoqdagi ayollarni tugʻdiruvchi xotin; enaga, akusherka.
- Goʻdaklarni tarbiyalovchi ayol.
- Koʻchma maʼnoda: sabab, bois, asos; paydo, bunyod qiluvchi.
Hozir ikkinchi maʼnosida deyarli ishlatilmaydi. Uchinchi maʼnosi ham kam qoʻllanadi, masalan, koʻngilsizliklar sababi degan maʼnoda koʻngilsizliklar doyasi deyilganini yaqin orada koʻrganim yoʻq.
Asosiy maʼnosi esa tilda hozir ham faol.
Akusherka soʻzining maʼnosi keng: homiladorlarni muntazam kuzatish, dispanser kuzatuv roʻyxatiga olish, ularning kasalligini aniqlash, tugʻuruq vaqtida va tugʻuruqdan keyingi chilla vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish va boshqalar bilan shugʻullanuvchi, maxsus oʻrta maʼlumotli tibbiyot
xodimi.
Demak, doya faqat tugʻuruq paytida, akusherka esa tugʻuruqdan oldin va keyin ham tibbiy yordam koʻrsatadi. Biroq bir jihatga eʼtibor berish kerak: bir soʻzga biror qoʻshimcha maʼnoni yuklab ishlatsangiz, oʻsha maʼnoni ifodalay boshlaydi. Doyani ham akusherka maʼnosida qoʻllayverish kerak.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.