Dunyo kezib, boshqa tillar orqali qaytib kelgan jahongashta soʻzlarimiz

Dunyo kezib, boshqa tillar orqali qaytib kelgan jahongashta soʻzlarimiz

Elu yurtlarni kezib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, yana oʻzimizga qaytib kelgan jahongashta soʻzlar tilimizda uchrab turadi. Ular xuddi yoshligida yoʻqolib qolib, yillar oʻtgach topilgan yaqin kishimizga oʻxshaydi. Asli oʻzimizniki boʻlsa-da, begonasirabroq qaraymiz. Bunday soʻzlarga adabiy tilimizdan kam joy beramiz. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ularning ayrimlari haqida soʻz yuritadi.

 

“Kabob”ning oʻzbekchasi

Kabob oʻzi oʻzbekcha-ku, demoqchimisiz? Ha, kabob oʻzimizniki boʻlib ketgan. U oilaning haqiqiy aʼzosiga aylangan, boshqalarning qizi ekani bilinmaydigan yaxshi kelinga oʻxshaydi.

Kabob – goʻshtni sixga tortib, soʻng koʻraga terib, choʻgʻ damida pishiriladigan taom. U Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoda juda mashhur. Menimcha, tandirda yoki qozonda tayyorlanadigan turlari keyinroq paydo boʻlgan.

Oʻzbekchaga forschadan kirib kelgan kabob soʻzining ildizlari akkadcha quydirmoq, yoqmoq maʼnosidagi kabābu soʻziga borib taqaladi. U nafaqat turkiy tillar, hatto arab, ingliz va rus tillariga ham oʻtgan. Albatta, talaffuz oʻzgarishlari bilan.

Xoʻsh, uning oʻzbekchasi nima? Hozir soʻzlashuv tilida biz asosan ana shu oʻzbekcha muqobilni ishlatamiz: shashlik. Hayron boʻlmang, aynan shashlik. U ruscha yoki forscha emas, turkiycha soʻz.

Shashmaqom va shashlikdagi shash umuman boshqa-boshqadir. Shashmaqomdagi shash forschada olti sonini bildirsa, shashlikdagi shash sish soʻzining oʻzgargan shakli. “Devonu lugʻatit turk”da sish, shish shaklida kelgan bu soʻzni bugun six shaklida ishlatamiz. Sishliq – sixga terib pishirilgan taom demakdir. Bugungi tilimizdagi suqmoq, suqilmoq feʼllari ana shu sish – six oʻzagidan yasalgan.

Rus tilining etimologik lugʻatlarida ham shashlikning asli turkiycha shishlik ekani taʼkidlanadi. Shashlik rus tilida kabobga nisbatan faol ishlatiladi.

 

 

Yogurt – “yoʻgʻrilgan” degani

 

Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida bu soʻz yoʻgʻrut shaklida, qatiq maʼnosida keladi. Asarda qatiq soʻzi ham xuddi shu maʼnoda ishlatilgan oʻrinlar bor. Demak, qadimda bu ikki soʻz maʼnodosh sifatida qoʻllangan.

Soʻzning yogurt koʻrinishi bizga rus tilidan oʻtgan. Rus tiliga esa Yevropa tillaridan kirgan. Bu soʻz inglizchada yogurt, fransuzchada yaourt shaklida uchraydi. Bu tillarga esa turk tilidan oʻtgan.

Yogurtning kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Lekin bu ichimlik oʻta uzoq oʻtmishga egaligi aniq. Taxminlarga koʻra, u 8000-yillik tarixga ega.

Yevropada qatiq fransuz qiroli Lyudovik XI (1423–1483) tufayli ommalashgan. Qorin ogʻrigʻiga chalingan qirol dardiga shifo topa olmaydi va nihoyat konstantinopollik tabib uni bolqon yogurti bilan davolaydi. Keyinchalik hukmdorning oʻlimdan qutulishiga sabab boʻlgan bu ichimlik haqida ovoza tarqaladi.

Yogurt Yevropada XX asr oʻrtalarida shuhrat qozondi. Sobiq Ittifoqda 1920-yillarda ishlab chiqarilgan boʻlsa-da, 1990-yillarga kelibgina bozorda oʻz oʻrniga ega boʻla oldi. Hozir u dunyo bozorida eng xaridorgir sut mahsulotlaridan biridir.

Hozir yogurt jem, meva konservasi, shokolod, kakao va boshqa qoʻshimchalar aralashtirilgan, qaymoqli kremga oʻxshash sut-qatiq mahsulotini anglatadi. Oddiy ivitilgan qatiq, kefir va shu kabi qatiqsimonlarga ham yogurt soʻzini ishlatsa boʻladi.

Bugungi oʻzbek tilidagi yoʻgʻirmoq, yoʻgʻrilmoq soʻzlari yogurt bilan tarixan oʻzakdosh. Yoʻgʻirmoq aralashtirmoq, qoʻshmoq degani. Sut va oqliq aralashishi, qoʻshilishi natijasida yogurt hosil boʻladi.

Soʻzning yoʻgʻurt shakli ham
lugʻatga kirgan va bu koʻrinishda ishlatish xato emas.

 

 

“Mahsulot”ning oʻzbekchasi – tovar

Tilimizga oʻrnashib, oʻziga tegishli boʻlmagan hududlarni ham egallab olgan monopoltabiat soʻzlardan biri mahsulotdir. Bu soʻzni oʻrinli-oʻrinsiz qoʻllayveramiz. Uning turkiycha muqobili – tovarga esa juda kam murojaat qilamiz. U goʻyo rus yoki boshqa Yevropa tilidan kirib kelganday tuyuladi. Aslida bunday emas. Tovar gʻirt oʻzbekcha soʻz.

Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida tavar soʻziga jonli, jonsiz mol, mato deb taʼrif berilgan:

 

Oʻl aning birla tavar yarishdi – U sherigi bilan tovarni teng boʻlishdi.

 

Tovar rus tiliga turkiy tillardan oʻtgan. U bolgar, sloven, chex, polyak kabi tillarda ham ishlatiladi.

Dastlab chorva moli maʼnosida qoʻllangan tovar keyinchalik har qanday moddiy boylikni ifoda eta boshlagan. Qadimda koʻchmanchi turkiy qavmlarda chorva asosiy boylik boʻlgan.

Xalqning turmush tarzi tilda aks etishi – tabiiy hol. Ingliz, rus va boshqa tillarda mablagʻ, sarmoya maʼnosida qoʻllanadigan kapital soʻzi ham lotincha caputbosh, asosiy soʻziga borib taqaladi. Qadimda Yevropada ham boylik chorva soni bilan oʻlchangan, buni aniqlash uchun chorva boshi sanalgan, chorva boylikning asosiy oʻlchovi boʻlgan.

Xullas, tomirida turkiy til qoni oqayotgan tovar soʻzini bemalol ishlataverishimiz kerak. U tilimizning ming yillik tovari.

 

 

“Karmon” oʻzimizniki

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati” bu soʻzni rus tilidan kirgan deb koʻrsatibdi. Lekin uning kelib chiqishi turkiy tillarga taqaladi.

Rus tilshunosi M. Fasmer karman soʻzining etimologiyasi boʻyicha bir necha misollarni keltiradi. Jumladan, bu soʻz bir necha turkiy tillarda borligi, choʻntak, hamyon maʼnolarini anglatishini taʼkidlaydi.

A. Semyonov etimologik lugʻatida yozishicha, bu soʻz rus tiliga XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida oʻtgan. XIX asr soʻngigacha karman rus tilida ham hamyon maʼnosini anglatgan.

Zamonaviy rus tilida choʻntak maʼnosini bildiradigan bu soʻz sumka, ryukzak kabi buyumlarga oʻrnatiladigan yonchiqqa nisbatan ham ishlatiladi.

Karmon soʻzini ogʻzaki tilda kam qoʻllaymiz. Hozir bu maʼnoda ruscha koshelyok soʻzidan foydalanish urf boʻlgan. Uning oʻzbekcha muqobili – yonchiq soʻzi esa deyarli isteʼmolda emas.

Baʼzida shunday. Tayyor oʻz soʻzimiz turganda chet soʻzni maʼqul koʻramiz.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.