Dunyo masjidlari

Dunyo masjidlari

Qohiradagi Hasan masjidi

(1356 – 1363-yillar)

Qohira markazida joylashgan Sulton Hasan masjidi oʻrta asrlarga oid asosiy meʼmorlik yodgorliklardan biridir. Toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi binodan masjid, madrasa va boshqa xonalar oʻrin olgan.

Majmuani shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa tomon choʻzilgan tosh devor oʻrab turadi. Bir qancha koʻp qavatli minoralar qad rostlagan. Bino qurilgan paytda ular toʻrtta boʻlgan. Old tomonda bir nechta qavatga oʻrnatilgan tor uzun derazali tokchalar koʻzga yaqqol tashlanadi. Imoratning oʻziga xos memyorlik uslubida ulugʻvorlik, tinchlik va kuch-gʻayrat namoyon. Tor yoʻlak murabba shaklidagi yopiq hovliga olib boradi. Bu yer butun ansamblning markazidir.

Hovli chetidagi silliq devorlar oʻrtasida nayzasimon ravoqlar ishlangan. Ulkan ravoqlar va baland devorlar orasidagi boʻshliqda odam oʻzini qum zarrasiday kichkina sezadi.

Ulugʻvor meʼmoriy shaklga turli bezak anjomlari yanada salobat baxsh etadi. Mehrob, devor va ustunlar marmarlar, turli rangdagi toshlar bilan bezatilgan; polga naqsh solingan.

 

Qurdobadagi jome masjidi

(785 yil)

Qurdoba qirolligining eng ajoyib, dunyoga mashhur meʼmoriy yodgorligi poytaxtdagi jome masjididir. Andalusiyadan musulmonlar ketgach, masjid nasroniylar ibodatxonasiga aylantirilgan. Bino bir necha MARTA qayta taʼminlarnib, kengaytirilgan. Eng birinchi oʻzgartirishlar X asrda amalga oshirilib, masjidga zamonaviy shakl berilgan.

Qurdoba masjidi oʻsha vaqtlarda ibodatxonalar meʼmorchiligida anʼanaga aylangan Arab Sharqi uslubining oʻziga xos koʻrinishidir. Hovli oʻrtasidagi favvoralarda tahorat olingan.

Masjid juda katta zaldan iborat, unga olti yuzdan ortiq ustun oʻrnatilgan. Tekis saf tortgan ikki qavatli ustunlar orasidagi masofa bir xil, faqat mehrobga olib boradigan yoʻlak kengroq.

Ustunga toʻla zal oʻrmonni eslatadi. Turli rangdagi marmardan ishlangan ustunlar daraxtga, ularni bir-biriga bogʻlaydigan ravoqlar esa shoxga oʻxshaydi. Ustunlar oʻrmoni qorongʻulik bagʻriga choʻmadi, ichkaridan devorlardagi naqshlar gʻira-shira koʻzga chalinadi, maydon juda keng tuyula boshlaydi, shunda koʻnglingizda abadiylik hissi uygʻonadi, ulkan koinot haqida oʻylay boshlaysiz. Kutilmaganda bezak-ziynatga koʻmilgan mehrobga koʻzingiz tushib qolsa, tuygʻularingiz yanada teranlashadi.

 

Damashqdagi Umaviylar masjidi

(705 – 715 yillar)

Umaviylar masjidi Volid Birinchi buyrugʻi bilan qurilgan. Uning oʻziga xos tomoni bir yuz qirq metr uzunlikdagi ulkan zalning hanuzgacha holatini yoʻqotmagan.

Ustunlar orasidagi masofa besh metrdan. Janubda joylashgan mehrobga uchta yoʻlak olib boradi. Bino bezakka boy: devorlarga marmardan naqsh solinib, yerga qimmatbaho gilamlar toʻshalgan. Lekin eng qimmatbaho zeb-ziynatlar masjid devorlari va gumbazga ishlangan, hozirgacha yaxshi saqlangan naqshlardir. Ayniqsa, masjidga olib kiradigan peshayvon naqshlari kishi eʼtiborini tortadi.

Volid masjidining meʼmoriy uslubi va qimmatbaho bezaklarida Islom ulugʻvorligi namoyon.

 

Quddusdagi Al-Aqso masjidi

(687-691 yillar)

Al-Aqso masjidini Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) qurdirgan. U dastlab kichkina ibodatxona boʻlgan. Keyinchalik xalifa Abdulmalik va uning oʻgʻli Volid masjidni yangilab, kengaytirgan. 746 yilgi zilzilada masjid tamoman xaroba holga kelgach, 754-yili xalifa Mansur binoni qayta tiklatadi.

Hozir Quddus shahri Isroilga tegishli, biroq Al-Aqso musulmonlar nazoratida.

Masjid binosi oʻrtasida gumbaz koʻtarilgan. Ulkan minoralar tepasida ayvonli burjlar bor, u yerda turib azon aytiladi. Ibodat xonalariga yondosh tahoratxona ham qurilgan.

Ibodat zalining orqa tomonida mehrob joylashgan, u musulmonlar birligini ifodalaydi. Al-Aqso meʼmoriy uslubi marmardan va
yorqin ranglardan koʻp foydalanilgani bilan ajralib turadi.

Masjidda bir paytning oʻzida besh ming kishi ibodat qilishi mumkin.

 

Orif Tolib

 

2011

 


“Hidoyat” jurnalining 2011-yil 8-sonida bosilgan.


 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube