Ilk masjidlar meʼmoriy uslubi

Ilk masjidlar meʼmoriy uslubi

Islom dini yoyilayotgan ilk davrlarda juda koʻp qonun-qoidalar, jumladan, meʼmorchilikka oid tartiblar ham oʻrnatildi. Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) dunyodan oʻtgach, Islom davlatiga rahbarlik qilgan choriyorlar musulmon jamoatining barqarorligi va himoyasini taʼminlash bilan band boʻldi. Shu paytlarda sodda koʻrinishdagi masjidlar qurildi.

Islom dini tarqalayotgan ilk davrlar, yaʼni 622 – 661 yillar oraligʻida meʼmorchilik uslubi oddiy va sodda boʻlgan. Yangi tashkil topgan davlat xazinasi boy boʻlmay, eʼtibor dushman qabilalardan himoyalanishga qaratilgan edi. Lekin asosiy sabab boshqa – eʼtiqodga sadoqat va diniy tartiblarga qattiq rioya etish odamlarni hashamatli va gʻayrioddiy turmushdan uzoqlashtirardi. Binolarga badiiy bezak berishga ehtiyoj yoʻq edi.

Barqaror vaziyat va farovon hayotga erishilgach, yangicha yondashuvlar yuzaga keldi. Meʼmorchilikdagi nozik ishlovlar keyinroq – ilmiy va iqtisodiy soha gullab-yashnagan paytlarda urf boʻldi. Imoratlar mukammal, bezaklar berilib, shu bilan birga Islom maʼqullagan uslubda qurila boshlandi.

Musulmonlar hayotidagi ilk diniy va ijtimoiy qurilish Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) masjidining barpo etilishidir. 622-yili bunyod qilingan ushbu masjid loyihasi soddaligiga qaramay, u insoniyat tarixidagi yangicha, oʻziga xos uslubdagi ilk masjid edi.

Ilk masjidlar diniy, ijtimoiy, harbiy va boshqa sohalardagi markaz vazifasini oʻtardi. Bunday maskanlarga Madinadagi Paygʻambar (sollallohu alayhi va sallam) masjidi (622 y.), Iroqdagi Basra (635 y.) va Kufa (638 y.) masjidlari, Misrning Fustat shahridagi Amr masjidini (641 y.) misol qilish mumkin.

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) 657-yili mamlakat poytaxtini Madinadan Iroqdagi Kufa shahriga koʻchirgach, ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Meʼmorchilik va qurilish sohasida ham misli koʻrilmagan faollik boshlandi. Madina poytaxt maqomini yoʻqotib, oddiy viloyat shahriga aylanib qolgan boʻlsa-da, bora-bora diniy markazga aylandi.

Vaqtlar oʻtgach, oddiy masjidlar oʻrnini hashamdor va bezaklarga boy masjidlar egalladi.

638-yili sahobiy Saʼd ibn Abu Vaqqos Kufa shahrida qurgan “Dor ul-Imora” masjidi turli bezaklar, zeb-ziynatlar bilan toʻlib-toshdi. Bundan norozi boʻlgan Umar ibn Xattob uni yoqib yuborishga buyruq berdi. Bu ibodatgohda Fors oʻlkasidan keltirilgan marmar ustunlar oʻrnatilgan va atrofi handaq bilan oʻralgan edi.

Manbalarda yozilishicha, oʻsha paytlarda masjidlardagi yagona diniy jihoz minbar edi. Zina shaklidagi, baʼzi manbalarda xontaxtaga oʻxshash deb tasvirlangan minbarlarni ilk bor Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ishlatganlar. Unda oʻtirib, masjidga kelganlarning hammasini bemalol koʻrish, soʻzlarini eshitish mumkin edi. Minbar haqidagi hadislar ham bor. Masalan, Abu Hozim (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: “Odamlar Sahl ibn Saʼd huzuriga kelib minbar borasida soʻrashdi. Shunda Sahl ularga: “Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir ayolga odam yubordilar. U kelgach: “Duradgor gʻulomingga buyurgil, menga ustida oʻtirib vaʼz aytmogʻim uchun bir minbar yasab bersin!” – dedilar. Ayol gʻulomiga buyurib edi, u yulgʻun yogʻochidan minbar yasab berdi. Soʻng ayol uni Janob Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) yubordi. Ul zot unda oʻtirib vaʼz aytdilar” (Buxoroiy rivoyati).

Umaviylar sulolasi asoschisi Muoviya (roziyallohu anhu) 661-yili poytaxtni Kufadan Damashqqa koʻchirishi sababli masjidlar va ularni jihozlash borasida katta oʻzgarish roʻy berdi. Sodda meʼmoriy uslublar oʻrnini hashamdor saroylar usuli egalladi. Shu davrdan boshlab ulkan meʼmoriy yodgorliklar qurila boshladi.

 

Orif Tolib

 

2011

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.