Dunyoni qaytadan kashf etgan olim
Jak Iv Kusto nomi butun olamga mashhur. Serqirra olimning suvosti sarguzashtlari, qiziqarli filmlarini koʻrgan ham boʻlsangiz kerak. Dunyo tan olgan tadqiqotchining mashaqqatli ijod yoʻlini oʻrganib, u ulkan yutuqlarga bejizga erishmaganiga ishonch hosil qilasiz.
Olis-olis bolalik
Jak Iv Kusto (fransuzchada Jacques-Yves Cousteau) Fransiyaning Bordo viloyatiga qarashli Sent Andre de Kyubzak shaharchasida huquqshunos Daniel va Elizabet Kustolar xonadonida tugʻildi. Daniel Kusto yurist boʻlgani sababli uzoq muddatli safarlarga koʻp borar, u bilan oilasi ham sayru sayohatga chiqardi.
Jak yoshligidanoq suv osti dunyosiga qiziqa boshlaydi. Yetti yoshida surunkali ingichka ichak yalligʻlanishi bilan ogʻrib qoladi. Oila shifokori ogʻir ishlar bilan shugʻullanmaslikni tavsiya etadi. Ana shu kasallik tufayli Kusto juda ozgʻin boʻlib oʻsadi.
Birinchi jahon urushi yillari Daniel Kusto ishdan ayriladi, biroq urushdan keyin amerikalik tadbirkor Yevgeniy Xigginsning kompaniyasida ish topadi. U juda koʻp safarga chiqar, aka-uka Pyer Antuan va Jak Iv esa maktabda oʻqir edi. Bolalar yilning asosiy vaqtini maktab-internatda yashab oʻtkazardi. Kusto suzishni juda erta oʻrganadi va dengizga bir umrlik mehr qoʻyadi.
1920-yili Yevgeniy Xiggins Nyu Yorkka qaytadi, Kustoning oila ham uning izidan Amerikaga ravona boʻladi. Jak Iv va Pyer AQSH maktabida oʻqiy boshlaydi va inglizchada ravon soʻzlashni oʻrganadi. 1922-yili Xiggins va u bilan birga Kustolar oilasi ham Fransiyaga qaytib keladi. Amerikada boʻlgan payti Jak Iv mexanika va dizaynga qiziqib qolgan, bu sohalarni oʻrganishga kirishgan edi. Ana shu oʻrganish va intilishlar samarasi oʻlaroq Fransiyaga kelgach, batareyaga yuradigan avtomobil yasaydi. Bu kabi kichik ixtirolar kelajakdagi ulkan kashfiyotlarga zamin yaratadi.
Kusto tejab qolgan va ishlagan pullariga kinokamera sotib oladi. Bu uning rejissyorlik faoliyatidagi ilk kinokamera edi. Garchi u juda koʻp sohalarga qiziqqan boʻlsa-da, muntazam taʼlim ololmaydi. Bir qancha vaqt oʻtgach, ota-onalari uni maxsus internatga joʻnatadi. Jak bu oʻquv dargohini aʼlo baholar bilan bitiradi.
Harbiy xizmat yillari
1930-yili Kusto Brest harbiy-dengiz bilim yurtiga oʻqishga kiradi. Shu yerda kichik guruh bilan birga “Janna D’Ark” kemasida dengiz sayohatiga chiqadi. Bilim yurtini tugatib, praporщik unvoniga ega boʻlgach, Shanxaydagi harbiy-dengiz bazasiga ishga joʻnatiladi. Kusto Dengiz aviatsiasi akademiyasiga oʻqishga topshirishga qaror qiladi, biroq togʻ yoʻlida avtomobil halokatiga uchragach, bu fikridan voz kechadi. Halokat paytida bir nechta qovurgʻasi va chap qoʻl barmoqlari singan, oʻpkasi zararlanib, oʻng qoʻli falaj boʻlib qolgandi. Sakkiz oy davolanadi. Qiyinchilik va uqubatlar ortda qolgach, 1936-yili “Syufren” tezyurar kemasiga instruktor boʻlib ishga kiradi.
Bir kuni doʻkon aylanayotib suv ostida taqishga moʻljallangan koʻzoynakni koʻrib qoladi. Koʻzoynakni sotib oladi va endi butun hayoti suvosti dunyosi bilan chambarchas bogʻliq ekanini tushunadi.
Zinapoyalar
1937-yili Simona Melixorga uylanadi. Undan Jan Mishel va Filipp ismli ikkita oʻgʻil koʻradi.
1950-yili Kusto Tomas Loel Ginnesdan “Kalipso” kemasini ijaraga oladi. Olim keyinchalik mashhur boʻlib ketgan an ashu kemada okeanshunoslik tadqiqotlariga kirishadi. Bir paytlar baliq ovlashga xizmat qilgan kema ochiq okean va suv ostida tadqiqotlar olib borish uchun moslanib, kerakli asbob-uskunalar, aloqa laboratoriyasi bilan jihozlanadi.
1953-yili Federik Dyuma bilan birgalikda “Jimjitlik olamida” nomli kitob yozadi. Ayni shu asari sababli koʻpchilikning eʼtibori va eʼtirofiga sazovor boʻladi. Kitob asosida suratga olingan film 1956-yili “Eng yaxshi hujjatli film” yoʻnalishida “Oskar” hamda Kann kinovestivalida “Oltin palma novdasi” mukofotlariga loyiq topiladi.
1957-yili Kusto Monakodagi Okeanshunoslik muzeyi direktori etib tayinlanadi.
Ijod, tadqiqot va kashfiyot
Kustoning “Jimjitlik olami” asarida yozilishicha, u 1938-yili Federik Dyuma va Filipp Talye bilan birga turli niqoblar, naycha va kurakoyoqlar yordamida suvosti dunyosini oʻrgana boshlaydi. Ayrim suv hayvonlarining oyoq panjalari yoki barmoqlari bir-biriga birlashib ketgani, pardalar orqali tutashganini koʻrgansiz. Masalan, oddiy qurbaqaning panjalari shunaqa boʻladi. Bunday kurakoyoqlar tez suza olish uchun asqatardi. Kusto suv hayvonlaridagi ana shu tabiiy xususiyatdan ustalik bilan foydalanadi. Maxsus kurakoyoq suzgichlar yasaydi.
1943-yili Emil Ganyan bilan akvalangni ixtiro qiladi. Bu esa ilk bor suvostida uzoq muddatli tadqiqot va kuzatishlar olib borish imkonini beradi. Natijada suvosti olami haqidagi
zamonaviy ilmlar jadal surʼatlarda rivojlana boshlaydi. Kusto suv oʻtkazmaydigan kameralar, yoritgich asboblar va birinchi suvosti televizion tizimini ham kashf etadi.
1959-yili birinchi kichkina suvosti kemasi “SP350”ni bunyod etishda qatnashadi. Bu mitti kemachaga ikki kishi bemalol sigʻar, 370 metrgacha suv tubiga tushib, atrofni kuzatish va tasvirga olish mumkin edi.
1962–1965-yillarda Kusto va uning jamoasi suv ostida yashash imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha sinovlar oʻtkazadi. Jamoa aʼzolari bir haftadan toʻrt haftagacha suv ostidagi maxsus uylarda yashaydi.
1973-yili u dengiz muhitini oʻrganuvchi notijorat “Kusto jamiyati”ga asos soladi. Shu yili jamiyat Atlantika okeanining mislsiz goʻzalliklarini kashf etish uchun bir necha bor safar uyushtiradi.
1981-yili Parijda Kusto jamgʻarmasi tashkil etiladi. Kapitan turli millatga mansub olimlarni toʻplab, Amazonka daryosi havzasini oʻrganadi.
Ulkan meros va eʼtirof
Kusto oʻzini “okeanshunos texnik” deb atashni xush koʻrardi. Aslini olganda, u juda koʻp sohalarning ustasi esa. Mohir rejissyor, yozuvchi, suratkash, ixtirochi, pedagog va hokazo. Eng asosiysi u tabiat shaydosi, borliqqa chin koʻngildan mehr qoʻygan inson edi. Uning ilmiy-ijodiy ishlari yangilikka ishtiyoqmand odamzod uchun yangi bir dunyo – “moviy qitʼa” sirlarini ochib berdi.
Kusto yigirmaga yaqin asar yozdi. Biroq uni yanada mashhur qilgan narsa filmlari boʻldi. “Kusto komandasining suvosti sarguzashtlari”, “Koinot vohalari”, “Amazonka”, “Dunyoning qaytadan kashf etilishi” turkumidagi kinoasarlari koʻp tillarga oʻgirilib, olamshumul shuhrat qozondi.
Bu tinib-tinchimas, zahmatkash insonga juda koʻp yirik mukofotlar, orden va medallar topshirildi. Vafotidan keyin ham hurmat-ehtirom tariqasida yuksak unvonlarga loyiq koʻrildi.
2009-yilning 17-noyabrida Meksikaga qarashli Serralvo oroli nomi oʻzgartirilib, unga buyuk okeanshunos olim Jak Iv Kusto nomi berildi.
“Kusto jamiyati” va Kusto komandasi hozir ham faoliyat yurityapti. Ular suvosti dunyosini oʻrganish, turli xayriya tadbirlari oʻtkazish bilan shugʻullanmoqda.
Hikmat, hayrat va haq yoʻli
Kusto okeanlar, dengiz va daryolarning sirli olami haqidagi koʻp qismli “Tirik dengiz” telekoʻrsatuvlarini tayyorlar edi. Shu loyihani tayyorlash jarayonida bir gʻaroyib hodisaga duch keladi: Atlantika okeani va Oʻrtayer dengizi suvlari oʻrtada toʻsiq yoʻq boʻlishiga qaramay, bir-biriga qoʻshilmasdi.
– 1962-yili, – deb hikoya qiladi Kusto, – olmon olimlari Bob al-Mandeb boʻgʻozida Qizil dengiz va Hind okeani suvlari bir-biriga qoʻshilmasligini aniqlagan edi. Biz ham Atlantika okeani va Oʻrtayer dengizi suvlarida sinov oʻtkazishga qaror qildik. Oldin Oʻrtayer dengizining shoʻrligi, zichligi va oʻziga xos jihatlarini oʻrgandik. Xuddi shunday tadqiqot Atlantika okeanida ham oʻtkazildi. Bu ikki suv massasi Jabaltariq (Gibraltar) boʻgʻozida ming yillardan beri toʻqnashadi, mantiqan olib qaraganda, ulkan suv massalari bir-biriga qoʻshilib ketishi, hech boʻlmaganda ularning shoʻrligi va zichligi oʻxshash boʻlishi kerak edi. Biroq ular bir-biriga juda yaqin kelgan joylarda ham oʻziga xoslik butunlay saqlangan. Boshqa soʻz bilan aytganda, suv massalarini qandaydir koʻrinmas parda ajratib turardi. Bu moʻʼjiza haqida professor Moris Byukalga soʻzlab berdim. U esa bu hech qanday hayron qolarli voqea emasligi, suvlarning qoʻshilmasligi toʻgʻrisida Islomning Muqaddas Kitobi – Qurʼoni karimda 1400-yil oldin odamzodga maʼlum qilinganini aytdi. Bu men uchun xuddi tip-tiniq osmonda birdan momaqaldiroq gumburlaganday edi. Qurʼoni karim tarjimalarini varaqlab koʻrgach: “Qasam ichaman, bu Muqaddas Kitob, zamonaviy ilm 1400-yilga orqada qolayotgan ushbu Qurʼon inson soʻzlari boʻlishi mumkin emas! Bu Yaratganning Kalomidir!”, deb hayqirib yubordim. Shundan soʻng Islomni qabul qildim va kundan-kunga bu dinning haqqoniyati, adolatparvarligi, qulayligi va foydalarini sezdim. Koʻzlarimga haqiqatni ochiq-oydin koʻrsatgani uchun Allohga beadad shukrlar aytaman.
Shunday qilib, ulkan suvlarning qoʻshilmasligi hikmati Kustoni avval hayratga soldi, soʻng haq yoʻliga olib bordi.
“Jimjitlik olami”ga sayr
Buyuk olim 1997-yilning 17-noyabrida dunyodan oʻtdi – “jimjitlik olami”ga ketdi. Oʻzi tugʻilgan Sent Andre de Kyubzak shaharchasi qabristonidagi Kustolar daxmasiga dafn etildi.
Uning bebaho kashfiyotlari bugun ham olimlaru tadqiqotchilarning koriga yarayapti, qiziqarli filmlari butun dunyo boʻylab kezib yuribdi, kitoblari oʻqilyapti. Aslida, haqiqiy ijodkorning eng katta yutugʻi ham shu emasmi? Ayrim odamlar shundoqqina yoningda yashaydi, ularni kunda-kunora koʻrib turasan. Lekin borligini sezmaysan. Lekin Jak Iv Kusto singari chinakam fidoyi insonlar oʻzlari jisman yoʻq boʻlsa-da, ularning beqiyos ijodiy ishlari kunda-kunora ilm-maʼrifat ulashadi, zavq beradi.
Butun umrini Bahri Muhitni oʻrganishga, dunyoni qaytadan kashf etishga bagʻishlagan bu buyuk inson ilmga, borliqqa, hayotga muhabbat bor ekan biz bilan yonma-yon yashayveradi.
Orifjon Madvaliyev
2011