Eng reytingi baland kasblar oʻntaligi
Jamiyatda oʻz oʻrnini topmoqchi boʻlgan odam munosib xulq-atvor, kasb-hunar va zarur bilim-koʻnikmalarga ega boʻlishi shart. Busiz koʻzlangan natijaga erisha olmaydi. Rivojlangan mamlakatlarda boshqa jabhalarda boʻlgani kabi mehnat bozorida ham raqobat juda kuchli. Taraqqiyot yoʻlidan shaxdam odimlayotgan mamlakatimizda ham malakali mutaxassislarga, yangi ixtisoslik egalariga talab kundan-kun ortib boryapti. Muvaffaqiyatga erishmoqchi boʻlgan har qanday ish beruvchi chet tillarni puxta oʻzlashtirgan, bilimini amaliyotda qoʻllay oladigan, guruh ichida ishlash qobiliyatiga va shaxsiy fazilatlarga ega mutaxassisni oʻz jamoasida koʻrishni istaydi.
Globallashuv standartlarni, shart-sharoitlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, birlashtiradi. Bugun rivojlangan mamlakatlarda eng koʻp talab qilinayotgan kasblar tez orada yurtimizda ham alohida mavqe-eʼtibor qozonishi aniq. Quyida dunyoda eng koʻp soʻraladigan mutaxassisliklar oʻntaligi bilan tanishasiz. Ularning koʻpchiligiga, ayniqsa IT va nanotexnologiya, kimyo sohasi mutaxassislariga talab mamlakatimizda ham tobora oshib boryapti.
- Injinering sohasi mutaxassislari.
Qurilish sanoati va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish shiddat bilan rivojlanib boryapti. Bu jarayonda muhandislar, texnologlarning oʻrni beqiyos.
- IT-mutaxassislar.
Axborot texnologiyalari hayotimizga tobora chuqurroq kirib boryapti. Bugun har qanday zamonaviy texnikani ishlab chiqarishda axborot texnologiyalaridan foydalaniladi. Qoʻl telefonlarimizdagi ilovalaru har kuni kiradigan saytlarimiz ana shu soha egalarining – dasturchi va dizaynerlarning mehnati mahsuli. Bu soha yaqin kelajakda iqtisodiyotning hal qiluvchi kuchiga aylanishi shubhasiz.
- Shifokorlar va tibbiy soha mutaxassislari.
Bu
kasb egalariga hamma zamonlarda ehtiyoj katta boʻlgan. Chunki eng qulay, shohona sharoitlarda, toʻkin-sochinlikda umr kechiradigan odam ham kasal boʻlishi mumkin.
Zamonaviy tibbiyot shifokorlar oldiga yangi texnologiyalardan unumli foydalana olish shartini ham qoʻyyapti. Yangi texnologiyalar tashxis va muolaja jarayonini yengillashtirib, aniqlik darajasini kuchaytiradi. Bunday koʻnikmaga ega shifokorga esa talab yuqori boʻlishi tabiiy.
- Turizm sohasi mutaxassislari.
Sayyohlik sohasi dunyoning juda koʻp mamlakatlarida iqtisodiyotning jon tomiri hisoblanadi. Bu yoʻnalish yurtimizda ham birmuncha rivojlangan, hozir yanada taraqqiy etyapti. Odamlarning turmush darajasi oshib, moddiy ahvoli yaxshilangani sari sayohat qilish istagi ham kuchaya boradi. Ularga yaxshi xizmat koʻrsatish esa sohaning ertasini kafolatlaydi. Shu sababli yaxshi xodimlarga talab ham ortadi.
- Logist-naqliyotchilar.
Bozor iqtisodiyotidagi keskin raqobat sharoitida transport-logistika va mahsulotlar oqimini boshqarish strategik ahamiyatga ega. Bozorda munosib oʻringa va doimiy xaridorlarga ega boʻlishni istagan firma va kompaniyalar bu yoʻnalishda muntazam ish olib borishi shart. Buning uchun ularga naqliyot sohasini chuqur biladigan, iqtisodiyotni nozik his qiladigan mutaxassislar kerak boʻladi.
- Ekologlar.
Sanoat va ishlab chiqarish rivojlanib, isteʼmol hajmi ortgani sari ekologiya va atrof-muhitni asrashning ahamiyati oshib boraveradi. Bu hol, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda yaqqolroq koʻzga tashlanadi. Shu sababli ham bunday hududlarda ekologiya mutaxassislariga ehtiyoj katta.
- Kimyogarlar va energetiklar.
Resurslar cheklangani, ulardan oqilona foydalanish hayot-mamot masalasi ekani bugun hammaga maʼlum. Tejamkor usullarni ishlab chiqish, yangi energiya manbalarini izlab topish dunyoning iqtisodiy kelajagini belgilab beradi. Bu vazifani uddalashda kimyogarlar va energetiklarning xizmati katta.
- Nanotexnologlar.
Nanotexnologiya bugun mashinasozlik, tibbiyot va hatto oziq-ovqat sanoatida qoʻllanilyapti. Robotlar va mikrotizimlardan foydalanadigan soha va tarmoqlar soni tobora koʻpayib boryapti. Oʻz-oʻzidan bu sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislarga ham talab ortaveradi.
- Xizmat koʻrsatish sohasi mutaxassislari.
Iqtisodiyoti rivojlangan, aholisining turmush sharoitlari yuqori boʻlgan mamlakatlarda xizmat koʻrsatish sohasi yetakchi tarmoqlardan hisoblanadi. Turmushga sin solib qarasangiz, xizmatlar sohasi qanchalar taraqqiy etayotganiga guvoh boʻlasiz. Agar xohishingiz boʻlsa, taksi tutgani koʻchaga chiqib oʻtirmaysiz. Oʻzi eshigingiz tagidan olib ketadi. Yoki ovqatlanish uchun kafega borish ham shart emas. Uyingizga eltib berishadi. Bularning bari – xizmatlar sohasining qulayliklari.
- Jurnalistlar va imijmeykerlar.
Katta kompaniyalarning oʻz matbuot xizmatlari va PR boʻlimlari bor. Chunki bugun axborot juda koʻp narsani hal qiladi. Oʻz mahsuloti yoki xizmatini yetarlicha targʻib-tashviq qilmagan kompaniya katta muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
Jamiyat hayotining eng muhim nuqtalarini koʻra bilish, jamoatchilikda fikr uygʻotish, chuqur tahlil va ravon uslubga ega boʻlish jurnalistning ustun jihatlaridan biridir. Axborotga ehtiyoj har doimgidan koʻra koʻp boʻlgan bugungi dunyoda malakali jurnalistlarga talab ham ortib boraveradi.
Bu roʻyxat, albatta, nisbiy. Chunki mintaqa va mamlakatning ichki shart-sharoitiga koʻra mutaxassislarga ehtiyoj farqlanadi. Moliyachilar, menejerlar, genetiklar, tarjimonlar, agrar soha mutaxassislariga ham koʻp mamlakatlarda talab yuqori. Bundan tashqari, tor mutaxassislik egalari, yaʼni biror sohaning alohida yoʻnalishida faoliyat koʻrsatuvchilar ish beruvchilarning doimiy diqqat-eʼtiborida boʻladi.
Reytingi baland mutaxassisliklarning noqulay tomonlari ham bor. Yetakchi sohalarga ixtisoslashgan oʻquv yurtlariga kirishda katta raqobat boʻladi. Taʼlim berish narxi nisbatan yuqori. Talaba ilm dargohini tugatganidan keyin yana katta raqobat bilan yuzlashadi. Reytingi baland yoʻnalishlarda taʼlim olganlar bora-bora boshqa yoʻnalishdagilarga qaraganda koʻpayib ketadi, shu sababli ishga qabul qilish meʼyorlari oʻzgarib, yangi-yangi tartib va talablar qoʻshiladi.
Aslida, har bir kasb-hunarning hayotda oʻz oʻrni, ahamiyati bor. Qaysi sohani tanlashingizdan qatʼi nazar, chuqur bilim va tajribaga, koʻnikmaga ega boʻlishingiz, shaxsiy fazilatlaringiz sizning istiqbolingizni taʼminlovchi asosiy mezondir.
Orifjon Madvaliyev
tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 12-sonida chop etilgan.