Gʻazalkent, Chiroqchi, Buyrak – kutilganidan boshqa maʼnoga ega joy nomlari
Joy nomlarining kelib chiqish tarixi qiziq. Baʼzi joy nomlari dastlab tasavvur qilganimizdan tamoman boshqacha maʼnoga ega. Yurtimizda bunday sirli otga ega shahar va qishloqlar talaygina. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday nomlardan baʼzilarini sharhlaydi.
Gʻazalkent gʻazallar shahrimi?
Kent qadimgi sugʻd tilida kand, kant shakliga ega boʻlgan va devor, uy, xonadon, qoʻrgʻon, qishloq kabi maʼnolarni anglatgan. Kent soʻzi va uning talaffuz variantlari qatnashgan joy nomlari mintaqamizda juda koʻp: Toshkent, Samarqand, Yorkent, Vobkent, Parkent, Piskent kabi.
Xoʻsh, Gʻazalkentning maʼnosi nima? Kent shahar maʼnosida boʻlsa, Gʻazalkent gʻazallar shahri boʻladimi? Toponimik adabiyotlarda yozilishicha, shahar nomi hazar qabilasi nomidan kelib chiqqan. Hazarlar – qadimgi turkiy qavm. Hazarkent – hazarlar qishlogʻi. Hazar soʻzi keyinchalik tovush oʻzgarishiga uchragan.
Qashqadaryodagi Gʻuzor shahri, Jomboy tumanidagi Gʻazira qishlogʻi nomi asosida ham hazar soʻzi yotadi.
Sariosiyo va Osiyo
Sariosiyo soʻzini talaffuz qilganda dastlab kishining xayoliga sari va Osiyo soʻzlari keladi. Osiyo sari deganimikan deb oʻylash ham mumkin. Biroq etimologiyadan yoki fors tilidan xabardor kishi bunday emasligini oson payqaydi. Sariosiyo Osiyo qitʼasidagi minglab qishloqlardan biri xolos, uning Osiyoga bevosita aloqadorligi yoʻq.
Bu joy nomi forscha sar – bosh va osiyo – tegirmon soʻzlaridan hosil boʻlgan. Sariosiyo tegirmonboshi, tegirmon yuqorisidagi qishloq demakdir. Surxondaryodagi tumandan tashqari oʻlkamizda osiyo tarkibli toponimlar talaygina: Galaosiyo, Qoʻshosiyo, Tagiosiyo.
Ulugʻnor va katta anor
Ulugʻnor – Andijon viloyatidagi tuman. Shaklu shamoyiliga qarab ulugʻ va nor soʻzlaridan yasalgan boʻlsa kerak, oldin bu yerlarda biror katta anor boʻlgan, nom ham shundan degan xayolga borish mumkin. Biroq taxminimiz bu safar ham bizni aldaydi.
Andijonda Ulugʻnor nomli kanal bor. Tumanga ana shu kanalning nomi berilgan. Uni 1868–1871-yillarda Qoʻqon xoni Xudoyorxon qazdirgan. Nom tarkibidagi nor aslida arabcha nahr – daryo, anhor soʻzining talaffuzda oʻzgargan shaklidir. Ulugʻnor ulugʻ nahr, yaʼni katta anhor demakdir.
Jom va Jomboy
Samarqand viloyatida Jom, Jomboy degan qishloqlar bor. Jomboy tumanning nomi ham. Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida joylashgan Jom – Oʻzbekistonning eng katta qishloqlaridan biri. Vikipediyaga koʻra, aholisi 35 ming kishidan ortiq.
Jom deganda kishining xayoliga togʻora, qadah maʼnosidagi forscha jom soʻzi keladi. Biroq bu ikki qishloqning nomi forschaga umuman bogʻliq emas. Toponimning ildizi qadimgi turkiy va moʻgʻul tillarida qoʻllangan yom soʻziga borib taqaladi. Yom yoki jom soʻzi bekat, istehkom maʼnosini bildirgan. Demak, Jom bekat, ot-ulov boqiladigan joy, xabarlarni bekatdan bekatga yetkazuvchi xizmatchilar yashaydigan qoʻnimgoh yonidagi qishloq maʼnosidadir.
Kitoblarda
Jomboy soʻzi tarkibidagi boy boyli urugʻi nomidan ekani, qishloq shu urugʻ vakillari xizmat qilgan bekat atrofida boʻlgani sababli shunday ot berilgani qayd etilgan. Baʼzi olimlar fikricha, bu nomning yomga ham, boyli urugʻiga ham aloqasi yoʻq, jomboy – qozoqlarning bir urugʻi.
Chiroqchida chiroq yasalganmi?
Qashqadaryoda Chiroqchi tumani bor. Xoʻsh, bu nom nimani anglatadi? Suvchi ekinlarni sugʻoruvchi, oʻtinchi oʻtin toʻplovchi, temirchi temirga ishlov beruvchi boʻlgandan keyin chiroqchi chiroq yasovchi boʻladi-da deb xulosa yasashimiz mumkin. Yuz-ikki yuz yil narisida koʻcha chiroqlarini yoqish bilan shugʻullanuvchi kishilar chiroqchi deyilgan. Balki, shundan kelib chiqqandir bu nom?
Milliy ensiklopediya toponimni chiroq yasovchi hunarmandlarga bogʻlagan. Biroq etimologik adabiyotlar bunga qoʻshilmaydi. Bu fikrning asosli emasligini chiroqchi soʻzi lugʻatlarda chiroq yasovchi sifatida izohlanmagani ham isbotlaydi.
Chiroqchi nomi uzoq tarixga ega. Manbalarda yozilishicha, sirakchi yoki siroqchi – qadimgi turkiy qabila-urugʻning oti. Bu maskanda ana shu urugʻ jamoasi yashagan. Joy nomi urugʻ otidan kelib chiqqan.
Bu toponimning tarixi haqida boshqa xil qarash va taxminlar ham bor.
Chiroqchi 1980-yildan shahar maqomiga ega.
Shofirkon nimaning koni?
Shofirkon – Buxoro viloyatidagi shahar va tuman nomi. Soʻzning tarixini yaxshi bilmagan kishi shofirkon – shofyorkon – shofyorlar koʻp joy deganga oʻxshash etimologiya toʻqishi ham mumkin. Aslida-chi?
Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, shahar nomi Shopurkom, yaʼni Shopur qazdirgan ariq (kanal) soʻzlaridan kelib chiqqan. Keyinroq anhor yonida vujudga kelgan qalʼa ham Shopurkom deb atalgan.
Suyun Qorayevning “Toponimika” kitobiga koʻra, Eron shahzodasi Shopur buxorxudotdan, yaʼni Buxoro hokimidan yer olib, qasr qurgan va Vardona qishlogʻini barpo qilib, ariq qazib keltirgan. Shopurkom – “Shopur arigʻi” demak.
Baʼzi manbalar bu toponim forscha shoh – katta, pur – toʻla, kom – katta anhor soʻzlaridan yasalgan, koʻp suv oqadigan bosh anhor maʼnosida deb hisoblaydi.
Kom atamasi qadimdan Buxoro atrofida isteʼmolda boʻlgan va hozir ham bir qancha geografik nomlar tarkibida uchraydi: Komi Zar, Komi Akka (Zarafshonning bir nomi), Haramkom, Komde va hokazo. Piskom, Ugom, Konimex toponimlari tarkibida ham ariq, daryo maʼnosidagi kom soʻzi bor.
Burchmulla – minorali qoʻrgʻon
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Burchmulla qishlogʻini koʻpchilik yaxshi biladi. Bu yer tarixiy-madaniy yodgorliklari, goʻzal tabiati bilan mashhur.
Uning nomini burch va mulla soʻzlariga bogʻlab, burchli mulla maʼnosida talqin qiluvchilar ham bor. Biroq bu xalq etimologiyasi natijasi xolos. Aslida qishloq otining burch soʻziga ham, mulla soʻziga ham aloqasi yoʻq.
Etimologik adabiyotlarda yozilishicha, qishloq nomi burj va moʻla soʻzlaridan yasalgan. Burj – qalʼa devorining burchagi; burchakdagi yo burchaklar oraligʻidagi minora. Moʻla esa minorasimon dumaloq qurilma. Toponimshunos olim Toʻra Nafasov moʻla soʻzini tuproq uyib, chim yo gʻisht qalab, baland qilingan soʻrisimon joy deya izohlaydi. Demak, Burchmulla himoyalanadigan qoʻrgʻon, burjli, moʻlali joy maʼnosidadir.
Buyrak inson aʼzosi emas
Sarlavhani oʻqib hayron boʻlmang. Tibbiyotga qarshi bormoqchi emasman, buyrak – inson aʼzosi. Lekin joy nomi sifatida u boshqa maʼnoga ega.
Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida Buyrak nomli qishloq bor. Xalq etimologiyasiga koʻra, qishloq buyrakka oʻxshash joyda bino boʻlgani uchun shunday nom olgan. Ammo etimologik tadqiqotlar buni rad etadi.
Joy nomi boʻyicha ikki xil qarash bor. Biriga koʻra, u bayri soʻzi va -ak kichraytirish qoʻshimchasidan tashkil topgan. Bayri soʻzi bekat, toʻxtash joyi, qarorgoh kabi maʼnolarga ega. Demak, Buyrak kichik bekat demakdir. Bu fikrda jon bor. Buyrak qishlogʻi qadim Qoʻqon shahriga yaqin masofada joylashgan. Qishloq oʻrnida bir zamonlar bekat boʻlgani, chopar va otliqlar, karvonlar shu yerda toʻxtab oʻtgani ehtimoli katta.
Boshqa bir qarashga tayanilsa, buyrak – urugʻ nomi. Juda koʻp tarixiy manbalarda buyrak nomli oʻzbek urugʻi borligi qayd etilgan. Bu ham haqiqatga yaqin. Chunki bu qishloqqa yaqin hududda yerlashgan Jaloyir, Qatagʻon, Qangʻil, Bahrin, Kenagas, Naymas, Turgʻoq, Qirq kabi qishloqlar nomi ham oʻzbek urugʻlari otidan hosil boʻlgan.
Kampirravot kampir rabotimi?
Xalq etimologiyasi odatda soʻzning tashqi shakl-shamoyiliga qarab baho beradi, xulosa chiqaradi.
Kampirravot – Andijondagi suv ombori. Shu nomdagi toʻgʻon, kanal ham bor. Kampirravotdagi kampir soʻzining keksa ayol maʼnosidagi kampirga aloqasi yoʻq. U sugʻdcha kand va forscha pir soʻzlaridan yasalgan.
Oldinroq kand soʻzi devor, qoʻrgʻon, qishloq kabi maʼnolarni anglatishi haqida aytgandim. Oʻtmishda shaharlar va yirik qishloqlar himoya devorlari bilan oʻralgan va kand deb atalgan. Pir esa qadim, eski, koʻhna demakdir. Rabot soʻzi qalʼa, istehkom, bekat kabi maʼnolarga ega. Demak, Kampirravot eski qoʻrgʻon, qadimiy qoʻrgʻon atrofidagi rabot anglamidadir.
Bu toponim koʻpincha Kampirobod shaklida ham qoʻllanadi. Lekin bu yanglishdir.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.