Tasavvur qilish qiyin: bular aslida yunoncha soʻzlar

Tasavvur qilish qiyin: bular aslida yunoncha soʻzlar

Garchi oʻzbek va yunon tillari bir-biridan ancha uzoq boʻlsa-da, ularni bogʻlab turadigan rishtalar bor. Koʻpchilikka maʼlum: fan va texnikaga oid juda koʻp soʻzlar yunonchadan olingan. Biroq turmushimizda ishlatiladigan, biz gʻirt oʻzbekcha deb biladigan baʼzi soʻzlarning ildizi ham qadim Ellada zaminiga borib taqaladi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhlaydi.

 

Afinadan kelgan afandi

Afandi soʻzi asli yunoncha desa, odamning ishongisi kelmaydi. Arabcha boʻlishi mumkin, forscha boʻlishi mumkin, lekin yunoncha emas, degan oʻy oʻtadi xayoldan. Biroq tasavvurlarimiz baʼzan bizni aldaydi.

Bugun afandi deganda koʻproq kulgili voqealar qahramoni Nasriddin afandini yoki latifani tushunamiz. Lekin bu soʻz oʻzbekchada janob, hurmatli, oʻqituvchi kabi maʼnolarni ham anglatgan. Bugun esa uni bu maʼnolarda qoʻllash eskirib ulgurdi.

Yangi yunon tilida aféntis – hokim, boshliq, oʻrta yunonchada avféndis – hurmatli kishi, ustoz, eski yunon tilida esa auféntēs – sudda oʻzini oʻzi himoya qila oluvchi kishi maʼnolarini anglatgan. U turkchaga afandi shaklida oʻzlashgan. Afandi Usmonli sultonligida MARTAba belgisi va harbiy unvonni bildirgan. Bu unvon yevropacha leytenantga toʻgʻri kelgan. XIX asrdan boshlab afandi soʻzi sulton oilasi aʼzolari, ulamolar, amaldorlarga nisbatan hurmat maʼnosida qoʻllana boshlagan. Usmonli sultonligida barcha savodxon kishilar afandi sanalgan.

Zamonaviy turk tilida bu soʻz oʻzbekchadagi muhtaram, inglizchadagi ser, slavyan tillaridagi pan kabi ehtiromli murojaat uchun ishlatiladi.

Xoʻja Nasriddin obrazi va afandi unvonining bogʻlanishiga kelsak. Bu qahramon Oʻrta Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz, Bolqon mintaqalari va hatto xitoy adabiyotida bor. U baʼzan faylasuf, baʼzan esa baxillik, ochkoʻzlik, ikkiyuzlamachilik, sudxoʻrlik kabi illatlardan kuluvchi soʻfiy qiyofasida tasvirlangan. Ana shu sabab ham uning nomiga hurmat-ehtirom rutbasi – afandi qoʻshib aytilgan.

Baʼzi tadqiqotlarga koʻra, Xoʻja Nasriddin haqidagi latifalar XIII asrda paydo boʻlgan. Uning oʻzi ham shu davrda yashagan. U 1208-yili Turkiyaning Eskishehir shahri yaqinidagi qishloqda tugʻilgan, Koʻniyada oʻqigan, Kastomonuda ishlagan va 1284-yili Akshehir shahrida vafot etgan. Nasriddinning maqbarasi va qabri shu kungacha saqlangan. Baʼzi tadqiqotchilar Xoʻja Nasriddin obrazi VIII–XI asrlarda paydo boʻlgan deb hisoblaydi. Bundan boshqacha talqin va taxminlar ham bor.

2022-yili oʻtkazilgan YUNESKO majlisida Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Oʻzbekiston taklifi bilan Xoʻja Nasriddin haqida latifalar aytish anʼanasi insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi.

Latifalar qahramoni Xoʻja Nasriddin, Nasriddin xoʻja, Mulla Nasriddin, Nasriddin, Nasriddin afandi, Afandi kabi nomlar bilan mashhur. Uni afandi deb atash Oʻrta Osiyoda, xususan, qirgʻiz, tojik, turkman, uygʻur va oʻzbeklar orasida keng tarqalgan.

 

Falsafa va faylasuf

Falsafa va faylasuf soʻzlari ovroʻpocha qiyofada emasligi, koʻzimizga issiq koʻrinayotgani arab tili taʼsiriga tushgani sabablidir. Falsafa yunoncha philosophia – donishmandlikni sevaman soʻzidan hosil boʻlgan. Faylasuf esa philosophos – donolikni sevuvchidir. Tilimizda shu oʻzakdan yasalgan, lekin asl qiyofasini saqlagan boshqa soʻz ham bor – filolog, filologiya.

Falsafa tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari haqidagi fandir. U olam va unda insonning tutgan oʻrni haqidagi gʻoyalar, dunyoqarashlar tizimini ham anglatadi. Soʻzlashuv tilida mavhum fikr, quruq safsata maʼnosida ham qoʻllanadi. Darvoqe, safsata soʻzi ham yunonchaga borib taqaladi. U yunoncha sophisma – ayyorlik qilish, aldash soʻzlaridan hosil boʻlgan.

 

Qoyadan tushgan marmar

Bizga arab tili orqali kirgan marmar soʻzi yunonchada marmaros shakliga ega. U tosh, choʻqqi, qoya parchasi, yaltiroq tosh kabi maʼnolarni anglatadi. Yunoncha bu soʻz juda koʻp dunyo tillariga kirib borgan.

Marmar – asosan qurilishda, baʼzi ziynat buyumlarini tayyorlashda ishlatiladigan, har xil rangda uchraydigan kristalli togʻ jinsi. Marmardan oʻlkamizda qadimdan foydalanilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon va boshqa shaharlardagi meʼmoriy obidalarda yirik va mayda marmartoshlar ishlatilgan. Oʻzbekistonda Gʻozgʻon, Nurota, Zarband, Tomchiota, Koʻchat kabi marmar konlari bor.

Turkiyaning Yevropa va Osiyo qismlarini ajratib turuvchi dengiz Marmar nomi bilan ataladi. Yaqin oradagi orolda marmar koʻpligi uchun orol va dengizga shunday nom berilgan.

 

Quti – sandiqning bolasi

Sandiq soʻzi asli yunonchaligi haqida oldinroq yozgan edim. Sandiqning kichik shaklini ifodalovchi quti soʻzi ham yunonchaga borib taqaladi. U yunon tilidagi kutí(on) – kichik sandiq soʻzidan hosil boʻlgan. Qadimgi yunon tilidagi kibōtion soʻzi keyinchalik tovush oʻzgarishiga uchragan. Baʼzi olimlar bu soʻzni oromiy tilidagi ḳubbtā – qubba, hujra soʻzi bilan bogʻlaydi.

Quti arab tili orqali oʻzlashgan, oʻzbekchada sandiqcha, yashik, korobka, pilla qurti korobkasi va undan chiqqan ipak qurti kabi maʼnolarni anglatadi.

Qoʻqon xonligida oliq-soliqlardan toʻplangan pullarni qabul qilib oluvchi, saqlovchi va xon xazinasiga topshiruvchi saroy amaldori qutidor deb nomlangan. Bu soʻz quti-quti pul-dunyosi boʻlgan yirik boy va sarmoyadorni ham bildirgan.

 

Hovli – toʻsiqli maydon

Hovli
soʻzining asli yunonchaga borib taqalishi oʻzimni ham hayron qoldirdi. Bu soʻzni sof turkiycha, juda boʻlmasa, arabcha yoki forscha deb oʻylardim. Chunki unli bilan boshlanuvchi soʻzlar oldidan h tovushini orttirish – eski oʻzbek soʻzlarida kuzatiladigan holat. Masalan, ovuch hovuchga, yid hidga, oʻkuz hoʻkizga, oʻl hoʻlga aylangan. Biroq hovli soʻzining kechmishi tamom boshqa manzillarga eltadi.

Yunoncha avlí soʻzi atrofi oʻralgan yer, ogʻil, hovli kabi maʼnolarni anglatadi. Oʻzbekchada soʻz boshida bir h tovushi ortgan. Bu soʻzni oʻzlashtirgan turkman, uygʻur tillarida ham shu holat, qozoq va turk tillari esa tovush orttirmagan.

Hovli oʻzbekchada biror binoning imoratsiz, koʻpincha atrofi oʻralgan qismi, oila yashaydigan joy, xonadon kabi maʼnolarni anglatadi.

 

Karavot – yotoq

Ruscha krovat oʻzbekcha talaffuzga moslashib, shu shaklga kirgan deb oʻylashingiz mumkin. Taxminingizda jon bor. Biroq bu soʻz ruscha emas, ruslar ham yunonlardan olgan. Qadimgi yunon tilida krávvatos, oʻrta yunon tilida kravvati(o)n shaklida boʻlgan soʻz zamonaviy yunon tiliga kreváti shaklida yetib kelgan.

Asliyatda yotoq, toʻshak maʼnosiga ega, oʻzbekchada toʻrt oyoqli, ustiga koʻrpa-toʻshak solib yotiladigan uy-roʻzgʻor anjomini anglatadi. Yoz kunlari hovli, choyxona va shu kabi joylarga qoʻyiladigan, koʻpchilik oʻtirishiga moʻljallangan qurilmani, yaʼni soʻrini ham shu soʻz bilan atash mumkin.

 

Piyola – yassi kosa

Oʻzbekchaga forschadan kirgan bu soʻzning ildizlari qadimgi yunon tiliga borib taqaladi. Eski yunonchada phiale suv ichiladigan yassi kosachani anglatgan. Oʻzbekchada tubidan yuqoriga tomon kengayib boradigan taglikli idishni bildiradi.

Tadqiqotlarga koʻra, piyolalar miloddan oldingi I mingyillikning ikkinchi yarmidan beri maʼlum. Qadimgi piyolalar oddiy loydan yasalgan. Zamonaviylari fayans, chinni, keramika, metall, yogʻoch, plastika va boshqa materiallardan ishlanadi.

Piyolalar Osiyoda ommalashgan. Bu idishdan Markaziy Osiyo mamlakatlari, Tatariston va Boshqirdistonda hozir ham keng foydalaniladi.

 

Uksus va kislota

Uksus mevalarni konservalashda va ovqatga qoʻshiladigan ziravor sifatida ishlatiladigan oʻtkir hidli, achchiq-nordon mazali suyuqlikdir. Bu soʻz bizga rus tili orqali kirib kelgan. Asli yunoncha oxys – achchiq, nordon soʻziga borib taqaladi.

Ilmiy adabiyotlar va qoʻllanmalarda ishlatiladigan kislota va oksid soʻzlari ham uksus bilan qarindosh. Kislota soʻzini rus olimi Mixail Lomonosov oʻylab topgan. U yunoncha oxytatos – juda nordon soʻzini ruschaga shunday tarjima qilgan. Dastlab bu soʻz uning oʻziga ham gʻalati tuyulgan, lekin tilga singib ketishidan umid qilgan. Olimning niyati amalga oshgan va u yasagan bir nechta yangi atamalar qatori kislota ham rus tilining lugʻat boyligiga aylangan.

 

Dirham va drahma

Dirham – oʻtmishda va hozir baʼzi musulmon oʻlkalarda pul birligini, ayrim joylarda ogʻirlik oʻlchovini bildiruvchi soʻz. U tilimizga arab va fors tillarini oralab yetib kelgan. Asli yunoncha drachme soʻzidir. U kumush pulni va ogʻirlik oʻlchov birligini ifodalagan.

Drahma esa qadimgi va zamonaviy Gretsiyaning pul birligidir. U ogʻirlik oʻlchov birligi sifatida ham ishlatilgan. Eski yunonchada drachme soʻzi tutam, hovuch, Qadimgi Afina pul birligi kabi maʼnolarda qoʻllangan. 2002-yili yevroga oʻtilishi munosabati bilan drahma muomaladan olingan, lekin uni yevroga almashtirishga 10-yil davomida ruxsat berilgan. Gretsiyada drahmani yevro bilan barobar muomalaga kiritish harakatlari ham bor.

 

Goʻniya va Pentagon

Ustalar burchakning toʻgʻriligini tekshirish uchun ishlatadigan uskuna bor – goʻniya. Bu soʻzning koʻrinishi oʻzbekcha boʻlsa ham, oʻzi chet ellik ekani oz-moz sezilib turadi. U yunoncha gōniá – burchak soʻzidan hosil boʻlgan. Qadimgi yunon tilida ham bor boʻlgan bu soʻz hind-yevropa tillaridagi ǵónutizza, jagʻ oʻzagidan hosil boʻlgan.

Usta va duradgorlar goʻniya soʻzi bilan birga burchak, toʻqsonburchak kabi soʻzlarni ham qoʻllaydi.

Pentagon soʻzi beshburchak maʼnosiga ega. Shu sabab AQSH Mudofaa vazirligining beshburchak shaklidagi binosi Pentagon deb ataladi. Bu soʻz koʻpincha vazirlik nomi oʻrnida ham ishlatiladi. Uning oʻzagida gōniá soʻzi qatnashgan. Tilimizda qoʻllanadigan diagonal, poligon, trigonometriya kabi oʻzlashmalar ham goʻniya bilan oʻzakdosh.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.