Halol odamlar
Ikki dunyo saodati degan gap bor. Bir qaraganda, shunchaki, quloqning tashidan oʻtib ketadigan ibora. Lekin chuqurroq ahamiyat bersangiz, unda odamning mazmunli, toʻla-toʻkis umrini ifoda etadigan maʼno borligini anglaysiz. Chunki gʻanimat damlarini yelga sovurmagan, imonini salomat saqlab, oʻzining va Yaratganning oldida yuzi yorugʻ boʻlgan halol odamgina ikki dunyo saodatini topadi. Bunday kishilarni kunda, kunora uchratasiz, bir havodan nafas olasiz. Ularni ajratib olish qiyin emas, – yuzlarida nur, koʻzlarida xotirjam qatʼiyat va qanoat aks etadi.
Dinimiz mudom poklikka, yaxshilik va halollikka chaqiradi. Halollikning eng muhim sharti koʻzni va koʻngilni toʻq tutish, toʻgʻrilikni hayotning asos mezoni deb bilishdir. Bu narsa soʻzga, kasb-korga, odamlarga va umuman, dunyoga boʻlgan munosabatda koʻrinadi. Eski rivoyat va hikoyatlar yoki hayotiy esdaliklarni oʻqiganda baʼzan hayratda qolaman. Odamlar hech qanday xat-hujjatsiz, birgina lafzga tayanib, bir-biriga molu jonini ishonib ketavergan. Masalan, kimgadir omonat qoldirilsa, egasi kelgunga qadar oʻn yilmi, yigirma yilmi bus-butun saqlagan. Agar haqdor kelmasa, omonati uning bola-chaqalari, avlodlariga berilgan. Yoki boshqa bir misol. Kimdir Allohni guvoh qilib gapirsa, undan boshqa tafsilotlar soʻrab oʻtirilmagan, hamma ishongan. Allohga qasam qilgan kishi ham, ming shukrki, yolgʻon soʻzlamagan. Bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.
Halollik bilan bogʻliq ibratli voqealar kundalik hayotimizda tez-tez uchrab turadi. Mahallamizda Qosim aka degan sodda, samimiy kishi bor. Shu odam oʻn yilcha oldin kosibdan oʻgʻliga tufli olibdi. Bir poyini oʻlchabdiyu koʻtarib kelaveribdi. Uyga kelib qarasa, narigi poy tuflining ichiga bir taxlam pul tiqib qoʻyilgan ekan. Turishidan, kosib boshqa bir poyabzalni sotganu shoshilinchda pulini shu tufliga solgan. Qosim togʻa: “Xudo beraman desa, hech narsa emas ekan-da”, deb tekin aqchani sekingina choʻntakka ursa ham boʻlaverardi. Hech kim koʻrgani yoʻq, birov malomat ham qilmaydi. Lekin bunga ichki himoya – halollik yoʻl qoʻymaydi. Qosim aka kelasi bozor pulni qaytarib olib boradi. Kosiblar boy savdogarlar emas, tirikchiliklari oʻrtamiyona. Shu sabab bitta tuflining puli sezilarli qiymatga ega. Bechora kosib qaytib kelgan mehnat haqini koʻrib, hayratga tushadi, tili aylanmay qoladi. Halol xaridorga qayta-qayta rahmatlar aytib: “Kosibchilik bilan bogʻliq qanaqa ishingiz boʻlsa, toʻgʻri kelavering, bir tiyin olmayman”, deb minnatdorchilik bildiradi. Bu voqeani eshitib, chin koʻngildan quvonasiz, keyin esa halollik hayratlanarli ishga aylanib qolganidan hayratga tushasiz.
Shavkatli shoirimiz Shavkat Rahmon:
…faqat yaxshi boʻlmoq judayam kamdir,
Juda kamlik qilar yashamoq halol,
deb yozgandi. Inson mukammallikka yolgʻiz halollik bilan yetisha olmasligini taʼkidlaydi shoir. Haqiqatan, buning uchun odamiylik, mehr-shafqat, samimiyat, jasorat, adolatparvarlik va hokazo xususiyatlar zarur. Biroq bu kabi ezgu fazilatlar faqat va faqat halol odamlarda boʻladi.
Bir domlamiz yahudiylarning ibratli bir odatini aytib bergandi. Ular bolalarining ongiga: “Sen yahudiyning farzandisan, hammadan aqllisan va shunday boʻlishing kerak”, deb singdirar ekan. Oxir-oqibat bolada oʻziga ishonch shakllanar, bu narsa hayotda unga juda qoʻl kelar ekan. Bizning xalqimiz ham tarbiyaga juda katta eʼtibor beradi, bolalariga avval-boshdan oq-qorani tanitib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib boradi. Ana shu jarayonda halollikka yanayam koʻproq urgʻu berishi darkor. Farzandiga foyda-zarardan dars berayotgan ota halollik nimaligi, eng birinchi oʻrinda ana shu oʻlchov bilan hisoblashish zarurligini oʻrgatishi kerak: “Bolam, sen musulmonning, oʻzbekning bolasisan. Toʻgʻri boʻl, halol boʻl, yuzing yorugʻ boʻladi!”
Yorugʻlikni faqat halol odamlardan kutish kerak. Chunki haqiqiy vatanparvarlik, jasorat, odillik, rahmdillik, fidoyilik, mehnatsevarlikka halol odamlargina qodir.
Orif Tolib
2011
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.