Ming yillik hikmatlar
Kaykovus farzandiga atab yozgan “Qobusnoma”sini “Pisaram, man pir shoʻdam”, deb boshlaydi. Yaʼni, “Oʻgʻlim, endi men pir boʻldim”. “Pir” fors tilida “qari”, keksa” degan maʼnoga ega. Jumlani “Oʻgʻlim, men endi qaridim”, deb tarjima qilish ham mumkin. “Pir” oʻzbekchada komillikka yetaklovchi, haqiqat yoʻlini koʻrsatuvchi ustoz maʼnosida ishlatidai. Imon-eʼtiqodi butun, tajribali kishilarning aksariyati keksaygach chin maʼnodagi pirga – ustozga aylanadi. Shu bois “pir”ni oʻzgartirishsiz qoldirgan maʼqul.
Qishloqqa borganda Karimberdi buvani ziyorat qilib turaman. U eng yaqin maktabdosh doʻstimning bobosi. U kishiga yoshligimdanoq mehrim tushgan. Oʻziga xos hikmatli gaplari, mutoyibalari bilan bola tasavvurimizda iliq taassurot uygʻotgan va bolalarga begona
koʻz bilan qaramaydigan buvani biz ham oʻz bobomiz qatorida koʻrardik. Moʻysafid otaxon hozir saksondan oshgan, bu yoshdagi chollar qishloqda sanoqli qoldi…
Sandalning bir chetida yonboshlab, baʼzan koʻzi ilinib, baʼzan xayol surib oʻtirgan boboyni koʻrib, allaqachon oʻzi bilan oʻzi boʻlib, dunyobexabar boʻlib qolgan, deb oʻylaysiz. Aslida, sizu bizdan hushyorroq, dunyoboxabarroq.
Uyga kirgach, sekin tomoq qirib, salom beraman. Bobo istamaygina koʻz ochadi, keyin meni tanib, alik oladi, yaxshilab oʻrnashib oʻtiradi.
-Kel, ulim, tuzukmisan, sogʻ-omon, oʻynab-kulib yuribsanmi? Dadang, ayang, ukalaring yaxshimi? Ha, maʼqul, salomat boʻlishsin. Bizdan soʻrasang, yuribmiz oʻngni tushga almashtirib… Xoʻsh, dunyoda nima gaplar?
Gazetalardan oʻqigan, televideniyedan koʻrib bilgan yangiliklarimni aytaman. Chamasi, soʻzlarim boboni qoniqtirmaydi. U men bilmagan, hali eshitmagan yangiliklarni ham aytib beradi.
-Odamlarning turish-turmushi, dunyoqarashi qanday? – deb soʻraydi u kishi.
-Yaxshi, – deyman. – Har kim oʻz tirikchiligi bilan ovora.
-Bugun dasturxonda non, choy, oqqand, murabbo, sut-qatiq, issiq ovqat va hokazo, va hokazolar turishi oddiy hol boʻlib qoldi, – deb nasihatga kirishdi Karimberdi bobo. – Bizning davrimizda dasturxonda non turmasdi. Bir amallab topilgan non oila aʼzolariga boʻlib berilardi. Qorning toʻysa ham, toʻymasa ham – bori shu.
Odamlar istagan joyiga borib bemalol pul topib kelyapti. Men sendaylik vaqtimda ahvol tamom boshqacha edi. Oʻzing xohlagandek mehnat qilolmasding. Dashtlarga yoki oʻzlashtirilayotgan choʻllarga ariq, zovur qazigani olib ketishardi. Tirikchilik ogʻir, yegani non yoʻq. Lekin bir amallab non yopdirib olishing kerak, chunki ishlaydigan joyingda hech kim senga osh-ovqat bermaydi. Ishga bormaslikning umuman iloji yoʻq. Otaman, qamataman, deb doʻq uradi rais. Bu gaplar shunchaki poʻpisa emas, boʻlishi tayin gap edi.
Bir kunlik ish haqiga bir kilo bugʻdoy yoziladi, lekin berilmaydi. Olti oy oʻtgach, nomingga yozilgan jami bugʻdoyning yarmi beriladi. Vaqtida bersa, ketib qolishing mumkin-da. Bugun-chi? Mehnat qilgan odam, rizqini emin-erkin topyapti. Men eski gaplarni eslab, oʻtgan zamondan nolimadim, eshitib xulosa chiqargin, deb aytdim.
Yetarlicha mol-dunyosi bor, yegani oldida, yemagani ketida boʻla turib, koʻzi toʻymaydigan ayrim xasis odamlarni koʻrib-eshitib hayron qolaman. Hayotning maʼnosi faqat yaxshi yashash, pul topish emas-ku. Toʻgʻri, muhtoj yashamaslik kerak, boylarning koʻpaygani yaxshi. Biroq hech qanday davlat, mol-dunyo koʻngil xotirjamligi oʻrnini bosolmaydi. Hammasiga sabr-qanoat bilan erishsa ham boʻladi. Alloh taolo sabrli odamlarni xush koʻradi, ularga barakali rizq beradi.
Men bir umr mehnat qilib, oʻz peshona terim bilan yashadim. Bugun oʻtgan umrimdan mamnunman, Xudoga shukr qilaman. Sen ham hamisha halol boʻl, mehnatdan qochma. Toʻgʻri boʻl, toʻgʻrisoʻz boʻl, adolatli boʻl. Imonni mustahkam tut, hamma narsani bilib-koʻrib turuvchi Yaratgan egam borligini unutma. Shunday qilsang, umringdan baraka topasan, hayoting maʼnoli oʻtadi.
Shu joyda bobo biroz soʻlish oladi, fikrlarini toʻplaydi. Sezaman, endi doimiy shaxsiy mavzuga oʻtiladi:
-Uylanmadingmi? – deb soʻraydi bobo hali uylanmaganimni bilsayam.
-Yoʻq, hali. Ozroq ishlab oʻzimni koʻrsatay, oʻrnashay, bitta oilani boqa oladigan holatga kelay…
-Bahona izlasang, sonmingta topiladi. Tengqurlaring bolali boʻlyapti, ana oʻrtogʻingdi qizi katta boʻp qoldi. Alloh taolo hammaning rizqini beradi, uylansang, roʻzgʻoringda baraka boʻladi.
Lekin shunchaki orzu-havas, oʻyin-kulgi uchun uylanma. Amir Temur dinu diyonatda, aqlu kamolda tengsiz boʻlgani uchun Bibixonimga uylanganini bilasan-a? Bu donishmand ayol eri safardaligida davlatni idora qilgan, qiyin vaziyatlarga Temur boboga kerakli maslahatlarni bergan. Hadisdayam aytilgan, yosh, oila qurishga qodir, yaxshi oiladan boʻlgan ayollarga uylaning, chunki ular oʻz birodarlariga oʻxshashlarini tugʻadilar, deb. Koʻrmay, bilmay jufti halol tanlanmaydi. Chunki u bilan bir umr birga yashaysan, bolalaringni oʻsha ayol tarbiyalaydi. Iloji boʻlsa, oʻzingdan aqllirogʻiga uylan.
-Unaqasi tugʻilganmikan? – deb hazillashgan boʻlaman.
Bobo miyigʻida kulib qoʻyadi, indamaydi. Mavzuni boshqa yoqqa buradi:
-Hoyu havaslarga uchma. Artist yo futbolchiga havas qilib, bolalariga oʻshalarning ismini qoʻyadigan, boshqalarga koʻr-koʻrona ergashadiganlardan boʻlma. Ilm egalla, ilmli odamlarning etagidan mahkam tut. Ilmi ulugʻ odam ikki dunyo saodatini topadi.
Suhbat yana ozroq davom etgach, boboning toliqqani seziladi. Men izn soʻrayman, u kishi yaxshilab duo qiladi. Xayr-xoʻshlashamiz…
Kaykovusning “Qobusnoma”si ming yil oldin yozilgan, shuncha vaqtdan buyon avlodlarga pand-hikmat ulashib kelyapti. Biroq unda bugungi kun bilan bogʻliq koʻplab masalalar haqida soʻz yuritilmagan. Hayotda biz duch keladigan muammolar kitob bilan hal etilmaydi. Kitob – qogʻozdagi hikmat, u kishining tafakkur darajasiga qarab jonlanadi. Karimberdi buvaga oʻxshagan nuroniy otaxonlar esa tirik hikmatning oʻzi. Ular bugungi yoki yigirma-oʻttiz yilgi xulosalarni aytmaydilar. Bunday pand-nasihatlarni ular otalaridan, bobolaridan, ular esa oʻz ajdodlaridan eshitgan. Bobo aytgan gaplar ming yillardan beri nasldan naslga oʻtib kelayotgan hikmatlarning zamonaviy koʻrinishi.
Piru badavlat otaxonlarning yuzida nur boʻladi. Nuroniylar bilan suhbat qurgach, sizning koʻnglingiz ham nurga toʻladi, oʻzingizda kuch-gʻayrat, hayotga ishtiyoqt sezasiz. Xatolaringizni anglaysiz, gʻanimat umrdan foydalanib qolishni, astoydil mehnat qilishni dilingizga tugib qoʻyasiz. Ilohim, ana shunday keksalar – chinakam pirlarning umrlari uzun boʻlsin!
Orif Tolib
2010
“Islom nuri” gazetasining 2011-yil 20-yanvar sonida (juzʼiy qisqartirishlar bilan) chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.