Otel va motel

Otel va motel

Bu ikki ajnabiy soʻzga koʻzingiz tushgan boʻlsa kerak. Otel fransuzcha hôtelhashamatli uy, bino soʻzidan olingan. Mehmonxonani bildiradi. Zamonaviy tushunchadagi otellar XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida AQSHda paydo boʻldi.

Motel – yoʻl boʻyida joylashgan kichik mehmonxona. U inglizcha motor hotel – motor mehmonxonasi, avtomobil mehmonxonasi birikmasidan hosil qilingan. Odatda motellarda mijoz oʻz xonasiga bevosita koʻchadan – avtoturargohdan kirib ketadi. Bunday turdagi mehmonxonalar koʻpincha bir yoki ikki qavatli qilib quriladi, koʻrsatiladigan xizmatlar soni kam va shunga yarasha narx ham arzon boʻladi. Xorij mamlakatlarida motellarda roʻyxatdan oʻtish juda oson – avtomobilingiz bilan kelishning oʻzi kifoya.

Motellarning paydo boʻlishiga avtomobilning ommalashishi sabab boʻlgan. Odamlar shaxsiy mashinasida sayohatga koʻp chiqadigan boʻldi, bu esa yoʻl yoqalaridagi kichik mehmonxonalarga ehtiyoj yaratdi.

Demak, otel – uzoq vaqt qolishga moʻljallangan, xizmat sifati koʻp va yuqori boʻladigan mehmonxona. Motel – yoʻl boʻyida qad rostlagan, koʻp vaqt qolishga moʻljallanmagan kichik mehmonxona.

Qadimda mamlakatimiz hududlarida otel va motellar vazifasini karvonsaroy, musofirxona va mehmonxonalar oʻtagan. Baʼzan choyxonalar ham musofirlar tunashi, hordiq chiqarib olishi uchun bagʻridan joy bergan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.